Jamiyat | 20:29 / 02.06.2022
13455
3 daqiqa o‘qiladi

Kann shahrida O‘zbekiston imijini xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha global PR-aksiya start oldi

Foto: Uzbekistan’s club

Kreativ industriya vakillari Yangi O‘zbekiston imijini yuqori saviyada targ‘ib qilish maqsadida global PR-aksiyasini o‘tkazish uchun birlashdilar. Aksiya o‘tkaziladigan ilk joy Fransiyaning Kann shahri bo‘lib, u may oyida dunyoning turli burchaklaridan kelgan taniqli shaxslar va yulduzlarni jalb qilish markaziga aylandi. “Uzbekistan’s club” ijodiy jamoasi ulkan g‘oyani hayotga tatbiq etib, Kann shahrida O‘zbekiston Milliy pavilonini yaratdi.

Pavilonga tashrif buyuruvchilar va “Marché du Film” yarmarkasi rahbarlarining fikricha, O‘zbekiston Milliy paviloni eng yorqin va esda qolarli maydonchaga aylandi. Milliy pavilon faoliyatini yoritish uchun O‘zbekistondagi yetakchi ommaviy axborot vositalari, blogerlar, aktyorlar, shuningdek, “O‘zbekiston-24” va “MY5” telekanallarining tasvirga olish guruhlaridan iborat delegatsiya yetib keldi. “Euronews” kanali O‘zbekistonning turistik salohiyati va Milliy pavilon faoliyati haqida maxsus reportaj tayyorladi.

Pavilon mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Uning faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Milliy PR markazi tomonidan O‘zbekiston imijini xorijda targ‘ib etishga qaratilgan yangi ijodiy loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Mazkur loyihalar keng doiradagi chet elliklar, sayyohlar va xorijiy jamoat arboblarining e’tiborini O‘zbekistonga qaratishga xizmat qiladi.

Kann shahridagi O‘zbekiston Milliy paviloni O‘zbekistonning xorijdagi ijobiy imijini yangi formatda targ‘ib etishga qaratilgan global kampaniyalar turkumidagi ilk loyihadir. “Uzbekistan’s club” ijodiy jamoasi yaqin kelajakda Yevropada “New Uzbekistan” va “Aral Dream” forumlarini tashkil etish va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida yaratilayotgan “O‘zbekistonlik” filmining epizodlarini suratga olish ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Global PR-aksiya Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekistonning Fransiya va Germaniyadagi elchixonalari ko‘magida tashkil etildi.

“Uzbekistan’s club” ijodiy jamoasi hamkorlari – “Uzbekistan Airways” va “Asialux Travel” turoperatori.

Uzbekistan’s club matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid