Jahon | 09:36 / 02.06.2022
14816
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Xorvatiyaning yevrohududga qo‘shilishi sanasini e’lon qildi 

Xorvatiya 2023 yil boshida milliy valuta - kunadan voz kechib, yevroda hisob-kitoblarga o‘tishi kutilmoqda.

Foto: Picture Alliance

Xorvatiya mamlakatda yevro valutasini joriy qilish talablariga javob beradi. Bu haqda 1 iyun, chorshanba kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy valuta – Xorvatiya kunasidan yevroga o‘tish 2023 yilning 1 yanvarida sodir bo‘lishi kerak. Xuddi shu sanada Xorvatiya Shengen hududiga qo‘shiladi. 

Yevrokomissiya rahbarining ta’kidlashicha, yevroga o‘tish «Xorvatiya iqtisodiyotini mustahkamlaydi va fuqarolar, biznes hamda butun jamiyat uchun foydali bo‘ladi». Xorvatiyaning yevrozonaga qo‘shilishi yevroni ham valuta sifatida mustahkamlaydi, deya qo‘shimcha qildi fon der Lyayyen. 

Germaniya kansleri Olaf Shols ham Bryussel qarorini olqishladi. «Bu mavzu men uchun juda muhim, men moliya vaziri bo‘lganimda ham u bilan shug‘ullanganman», dedi u 1 iyun kuni Berlinda Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich bilan uchrashuvdan so‘ng. 

Ayni paytda, Yevropa Markaziy banki (YeMB) «kuchli moliya tizimini kafolatlash va uzoq muddatda qarzni kamaytirish uchun Xorvatiya o‘zining kon’yunktura dasturi doirasida rejalashtirilgan moliyaviy islohotlarni amalga oshirishi kerak» deb ogohlantirdi. 

So‘nggi bir necha yil ichida Xorvatiya yagona Yevropa valutasiga o‘tish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ustida ish olib bordi. Bugungi kunda yevrozona 19 mamlakatdan iborat. Litva 2015 yilda eng so‘nggi qo‘shilgan davlatga aylandi.

Yevropa ittifoqiga a’zolik shartnomalariga muvofiq, Daniyadan tashqari Yevropa ittifoqi barcha davlatlari buning uchun zarur bo‘lgan mezonlarga javob berishi bilanoq, yevroni valuta sifatida qabul qilishi shart. Biroq Yevropa ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlar yevroni joriy etishga shoshilmayapti. Xususan, gap Shvetsiya, Polsha va Vengriya haqida ketmoqda. 

Yevropa ittifoqi kengashi iyul oyining birinchi yarmida Xorvatiyada yevroni joriy etish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid