O‘zbekiston | 08:32 / 03.06.2022
9259
3 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga qabul bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi 

“Xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, quyidagilar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi:

  • bolalarni davlat maktablariga qabul qilish hamda o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish;
  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalar olish;
  • eksteriat tartibida imtihonlar olish uchun arizalar qabul qilish;
  • umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjatlari dublikatini berish.

Har yili 1 maygacha o‘quvchilarni 1-sinfga qabul qilish va bir maktab (sinf)dan boshqasiga o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati tasdiqlanadi va Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. 

1-sinfga bolalar ular 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi. Ariza beruvchi mikrohudud bo‘yicha maktabga qabul qilish uchun har yili 20 iyundan 31 iyulgacha YaIDXP yoki Xalq ta’limi vazirligi elektron xizmatlar portalida ro‘yxatdan o‘tadi. 

Ariza beruvchining yashash manzili bo‘yicha maktabda tanlagan ta’lim olish tilidagi sinf bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa maktab mikrohudud sifatida biriktiriladi.

So‘rovnoma to‘ldiriladi hamda hududiy xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, mikrohudud bo‘yicha maktabga yuboriladi yoki sababi ko‘rsatilgan holda qaytariladi. Bu haqda ariza beruvchilarga xabar yuboriladi.

Ariza beruvchi farzandi bilan birgalikda mikrohudud bo‘yicha yuborilgan maktabga onlayn navbat asosida boradi va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani maktabga taqdim etadi. Maktab qabul komissiyasi tomonidan 1 ish kunida bolani maktabga olish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. 

Quyidagi hollarda qabul komissiyasi bolani maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:

  • tibbiy ma’lumotnomada maktabda ta’lim olish tavsiya etilmagan bo‘lsa;
  • tanlangan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;
  • so‘rovnomadagi ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa. 

Mikrohududdan tashqaridan bolalar maktabga har yili 1–15 avgust kunlari qabul qilinadi. Tartib Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarga nisbatan qo‘llaniladi.

Mavzuga oid