18:03 / 04.06.2022
28354

Jahongir Ortiqxo‘jayev: “Mehnatdan o‘lgan odamni men eshitmaganman”

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev megatreningdagi chiqishida yoshlarni mehnatsevar va tirishqoq bo‘lishga, shu bilan birga aql bilan mehnat qilishga chaqirdi. Hokim, shuningdek, plastik kartadan ko‘ra, naqd pul ishlatish tejamkorlikka rioya qilishda yordam berishini aytdi.

“Avvalambor aytishim kerak, men gapga usta, megatrener emasman. Kechadan beri chiqayotgan trenerlarning gaplarini kuzatyapman, ruscha aytganda “million tuda, million syuda” deganga o‘xshash gaplar. Ko‘ryapman, bu yerda ko‘proq yoshlar o‘tirishibdi. Ular bir savolga ertaga emas, bugun javob olishlari kerak. Deylik, 1000 dollar pul bilan qanday qilib biznes boshlashni bugun bilishlari kerak. Katta biznesga ham kichik biznes bilan oyoqqa turiladi. Lekin ko‘p trenerlarimiz bu yerda o‘tirgan 20-25 yashar yoshlarda 5-6 mln dollar aylanma mablag‘ borday gapirishyapti, ularga turli chet tillardagi terminlarni aytishyapti. Yoshlarimiz bundan charchab ketgan.

99 foiz odam “Qachon mening oyligim oshadi?” deb o‘ziga o‘zi savol beradi. Aslida “Qachon mening oyligim oshadi?”, deb emas, rahbarining oldiga borib, “Xo‘jayin, men ikki barobar ko‘p ishlamoqchiman, menga qancha maosh qilib berasiz?” degan savolni qo‘yish kerak.

Bundan ikki yil oldin 2 mln so‘m oylik olgan injyener yaxshi yashardi. Bugun zavoddagi oddiy ishchi shuncha oylik olyapti, injyener 5 mln olsa-da, hayoti o‘zgarmayapti. Yoki oddiy nonvoychilikni olamiz. Bugun siz bitta tandirda 100 ta non yopib, uni 3 ming so‘mdan sotsangiz-da, 5 yildan keyin shu tandirda 100 ta non yopib, uni 15 mingdan sotsangiz ham hayotingiz o‘zgarmaydi. Hayotingiz o‘zgarishi uchun ertaga 120 ta, indinga 150 ta, undan keyin 200 ta non yopishingiz kerak. Bo‘lmasa qancha qimmat sotmang, hayotingiz o‘zgarmaydi.

Ishlab chiqarishni qanchalik oshirsak, shundagina hayotimiz o‘zgaradi. Bir joyga ishga kirsak, 100 ta qutiga konfet joylash uchun 3 mln so‘m maosh taklif qilishsa, biz shuncha paytda “200 ta qutiga joylasam 6 mln, 300 taga 9 mln berasizmi?” degan savolni qo‘yishimiz va shunga harakat qilishimiz kerak. Son va sifatni oshirish bu – aql, shunga erishsakkina hayotimiz farovonlashadi”, dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shuningdek, poytaxt hokimi aql bilan ish tutish borasida boshqa misollar ham keltirdi.

“Bugungi kunda 600 grammli “buxanka” 3 ming so‘m bo‘lsa, kimdir shu 600 gramm unni keks qilib 10 ming so‘mga sotishi mumkin. Bunda 3 mingni siz jismoniy mehnatingiz, 7 mingni esa aqlingiz bilan topgan bo‘lasiz. Sonni oshirsangiz, mehnatingiz bilan, sifatni oshirsangiz, aqlingiz bilan pul topasiz. Qo‘limdagi mikrofon yaponlarniki, 1000 dollar tursa, shuning 5 dollari temir bahosi, qolgani mehnat va aql bahosi.

Yana yoshlarga bir maslahatim, endi ish boshlagan paytingizda plastik karta ishlatmang. Plastik kartalar yoshlar uchun emas, ular puli ko‘payib ketganidan ko‘tara olmay qolganlar uchun o‘ylab topilgan. Sizlar rasmiy, qonuniy ishlating, lekin naqd ishlating. Chunki plastik kartadagi xarajatingizni his qilmaysiz, cho‘ntagingizdan kamayayotganini sezmaysiz, tejamaysiz. Agar naqd pul bo‘lsa, bozorda har bir narsaga tortishasiz. Pul jigardan bo‘lgan, deyishadi. Naqd pulni sanaysizlar, ishlatayotganda ham qayta hisoblaysizlar. Plastik kartalar u bank tizimining katta pullar uchun o‘ylab topgan narsasi, u yoshlar uchun zarar”.

Ortiqxo‘jayev biznes boshlaganlarga xodim tanlashda nimalarga e’tibor qaratish zarurligiga ham to‘xtaldi.

“Imkon qadar o‘qituvchilar va taksichilarning farzandlarini ishga olinglar, shunda adashmaysizlar. O‘qituvchi ta’lim jarayonida kimning farzandi qandayligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va bolalariga to‘g‘ri tarbiya beradi. Taksichilar esa ko‘chada har xil odamlarga duch keladi va farzandiga odam ajratishni o‘rgatadi.

Sizlar biznesga harakat qila boshladingizmi, demak biznesning ichidasiz. Oz qoldi, juda oz qoldi. Aql va mehnat bilan harakat qilinglar. Hammangizga omad tilayman”, – deya o‘z tavsiyalarini berdi Toshkent shahar hokimi.

Top