Jamiyat | 18:40 / 06.06.2022
22570
3 daqiqa o‘qiladi

“Qulday muomala qilishadi” – “Asaka yog‘” AJ xodimlari ish haqi kamligi va sharoit yo‘qligidan norozi

Mehnatga yarasha haq to‘lanmaslik, oylik maoshning doimiy kechiktirilishi, munosib ish sharoitining yo‘qligi va rahbarlarning qo‘pol muomalasi... “Asaka yog‘” AJning xodimlari ana shunday vaziyatda ishlashga majbur qilinmoqda. 

“Asaka yog‘” AJning bir guruh ishchilari korxona faoliyati, yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha tahririyatga murojaat yo‘lladi. Kun.uz muxbiri korxonada bo‘lib, ular bilan muloqot qildi. Ishchilarning ta’kidlashicha, korxona avvallari to‘liq quvvatda ishlagan. So‘nggi yillarga kelib esa ish jarayonida uzilishlar kuzatilmoqda. Xodimlarning oylik maoshlari o‘z vaqtida berilmayapti. 

Ish haqimizni so‘rab janjal ko‘tarsak, oylik berishadi, keyingi oydan yana shu ahvol. 3-4 oy ishlagan bo‘lamiz, bu yog‘iga yana qarzga ketyapmiz. Biz ham xonadonimizga oylik olib borishimiz kerak: bola-chaqamiz bor, gaz, suv, elektr energiyasiga to‘lov qilamiz. Oyliklarimiz miqdori juda kam. Yangi ishga kirgan xodim bir mln so‘m atrofida oylik oladi. Qariyb 30 yildan beri ishlayotganlar 500 ming so‘m oylik olamiz” — deydi korxona ishchisi Nazirjon Nishonov.

Korxona xodimi Bahodir Dadaboyevning ma’lum qilishicha, ishchilarga munosib ish sharoit yaratilmagan, maxsus kiyim-bosh berilmaydi, ovqatlanish uchun ham imkoniyat yo‘q:

Zavodning oshxonasi bo‘lsa-da, gigiyenaga to‘g‘ri kelmaydigan joylarda ovqatlanamiz. Kasaba uyushmasi tomonidan ajratiladigan mablag‘ni zavod rahbarlari shaxsiy manfaatiga ishlatib yubormoqda. Ishchilar kasal bo‘lganida, to‘y yoki ta’ziyalarda hech qanday yordam berilmayapti”.

Korxona rahbarlari bilan bog‘lanishga urinishlarimiz, korxonaga kirishga urinishimiz samarasiz bo‘ldi. Bir oz tortishuvlardan so‘ng bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Abdug‘aniyevni bizga ro‘baro‘ qilishdi. U holatga quyidagicha izoh berdi:

Mart oyining oxirida korxona to‘xtadi. Buning asosiy sababi xomashyoning tanqisligida. Oyliklar vaqtida berilmoqda. Imkon darajasida ishchilarga yordam ham qilinyapti. Oshxona qurilgan, lekin jihozlari olib kelinmagani uchun ishlamayapti. Korxona aylanma mablag‘i yo‘qligi tufayli oyliklar ko‘tarilmayapti”.  

Korxona rahbarlarining OAVdan qochishi, muxbirlarning sharoitlar bilan tanishishiga to‘sqinlik qilishi, xodimlarning e’tirozlari bilan korxona ma’muriyati munosabati o‘rtasidagi qarama-qarshilik ko‘plab savollarni yuzaga keltirmoqda.

Bu masala tegishli tashkilotlar, jumladan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan o‘rganilib, muammolar bartaraf etilishi lozim.

Abduvali Qurbonov
Kun.uz muxbiri,
Azizbek Ismoilov
tasvirchi.
 

Абдували Қурбонов
Muallif Абдували Қурбонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid