Jahon | 21:11 / 06.06.2022
43243
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush. G‘arb qachongacha birdamlik saqlay oladi?

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga 100 kundan oshdi. Rossiya Donbass yo‘nalishida katta qiyinchilik bilan juda sekin odimlayotgan bir vaqtda harbiy tahlilchilar uzoq va holdan toydiruvchi urush bo‘lishini taxmin qilmoqda. Xo‘sh, Ukrainani qo‘llash G‘arbni holdan toydirmaydimi? Bu borada birdamlikka darz ketmaydimi?

Foto: Reuters

Harbiy harakatlarni Kremlning oltin bezakli zallaridan turib boshqarayotgan Vladimir Putin ham G‘arbdagi Ukrainani qo‘llash borasidagi muhokamalarni qizg‘in kuzatayotgan bo‘lsa kerak. Putin dunyodagi bu borada bo‘layotgan voqealarni kuzatar ekan, bir tomonda Ukrainani to‘liq qo‘llash zarur deb hisoblaydigan Boltiqbo‘yi davlatlari va Britaniyani ko‘radi. «Rossiyani Ukrainaning o‘zi haydab chiqarishini ta’minlashimiz kerak. Shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligi borasida hech qanday murosaga borib bo‘lmaydi», dedi masalan Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

Kreml oltin saroyidagi Putin yana bir tomonda Fransiya, Germaniya va Italiya kabi o‘ziga yoqadigan pozitsiyani tanlayotgan G‘arb davlatlarini ko‘radi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron avvalroq Ukraina va Rossiya kelishib olishi kerakligini aytgandi, endi G‘arb Rossiyani va uning yetakchisini kamsitishdan ehtiyot bo‘lishi kerakligini iddao qildi. Uning aytishicha, bu urushdan keyin Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga xalaqit berishi mumkin. Dunyo siyosiy maydonida bu gapi tufayli Makron nafaqat obro‘sini yo‘qotdi, uni ochiqchasiga qo‘rqoq deydiganlar ham topilmoqda.

Oq uyda chiqish qilgan Italiya bosh vaziri Mario Dragi ham Yevropada tomonlar samarali muzokaralarga kirishishini istashlari haqida gapirdi.

Germaniya kansleri Olaf Shols o‘z va’dalari va bundestag qaroriga qaramay, Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishga shoshilmayapti

Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shanba kuni Putin bilan 1,5 soat davomida telefonda gaplashdi. Qat’iyatsizligi tobora ko‘rinib borayotgan bu ikki siyosatchi Putin bilan aloqalarni uzishdan qo‘rqmoqda va suhbat davomida ular asosiy masala sifatida Qora dengiz orqali Ukraina bug‘doyini eksport qilish masalasini ko‘targan.

Germaniya va Fransiya yetakchilarining yumshoqligi Latviya bosh vaziri o‘rinbosari Artis Pabriksning jahlini chiqardi. «Aftidan, G‘arbda o‘zini tinimsiz kamsitadigan va reallikdan uzoq fikrlaydigan siyosatchilar guruhi shakllanmoqda», dedi u.

Okeanortida nima deyishmoqda?

Urushni «harbiy operatsiya» deb atashda davom etayotgan Putin uchun asosiysi AQShda nima deyishayotganidir. Uning amerikalik hamkasbi Jo Bayden bir-biridan farq qiluvchi harakatlarni amalga oshirmoqda. Mart oyida Putinni «harbiy jinoyatchi» deb atagan Bayden hozirga kelib Ukrainaga Rossiya hududigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan raketalarni berishni istamayapti. Bu qaror uchun hatto Rossiyaning sobiq prezidenti, urush vaqtida istehzoli bayonotlari bilan favqulodda faollashib qolgan Dmitriy Medvedev Baydenni maqtadi ham.

AQSh Ukrainaga HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan 4 dona yuboradigan bo‘lgan. Bu qurol yordamida 300 km va undan ortiq masofadagi nishonga zarba berish mumkin, quruqlikdagi janglarda o‘ta samarali. Ammo AQSh har ehtimolga qarshi Ukrainaga HIMARS uchun faqat 80 km masofagacha yetib boradigan raketalar yuboradi. Shu tariqa, Ukraina AQSh qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishining oldi olingan. O‘z navbatida, Ukraina Rossiya hududiga zarba bermaslik kafolatini taqdim etgan.

Har doimgidek Baydenning so‘zlarini tushuntirib berish, uning qarorlarini qaysidir ma’noda oqlash davlat kotibi Entoni Blinkenning gardaniga tushdi. Berlindagi NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Blinken AQSh Ukrainaga imkon qadar barcha yordamni ko‘rsatishini ma’lum qildi. «AQSh Ukrainaga mustaqilligi va suverenitetini to‘liq saqlab qolish uchun maksimal yordam beradi», dedi u.

AQSh davlat kotibining bu gaplarini kuchli bayonot sifatida qabul qilish mumkin, ammo Blinken «maksimal qo‘llash» va «to‘liq mustaqilligi va suverenitetini qo‘llash» deganda nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.

Ekspertlar G‘arbda Ukrainani qo‘llash borasida fikrlar xilma-xilligi paydo bo‘layotganini yozmoqda. Yevropa islohotlar markazi vakili Ien Bondning aytishicha, bu uchun neft embargosi kiritishdagi tortishuvlarni ko‘rishning o‘zi kifoya. Birgina Vengriyaning qarshiligi sabab Yevropa Rossiya neftiga embargo kirita olmadi. Hattoki Rossiya bosh ruhoniysi patriarx Kirill aynan Vengriya talabi bilan sanksiyaga tushganlar ro‘yxatiga kirmay qoldi. Bunday kulgili talab Yevropa siyosati hamon mudrayotganidan nishonadek.

Yevropa Rossiyaga unchalik katta zarba bermaydigan embargoni ham to‘liq kirita olmadi. Hattoki «Do‘stlik» o‘tkazgichi orqali Vengriya, Chexiya va Slovakiya rus neftini olishda davom etadi. Rossiyaning urush davridagi asosiy manbasiga aylangan gaz embargosi haqida esa gap ham bo‘lgani yo‘q. Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha bunday cheklovlar tezroq kiritilishini istamoqda, ammo Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas har bir yangi sanksiyani qabul qilish davlatlar uchun yanada og‘irroq bo‘lishini tan oldi. Avstriya kansleri Karl Nexammer esa keyingi sanksiyalar paketida rus gaziga embargo haqida hatto gap bo‘lmasligini aytdi.

Shu tariqa, Yevropa bir guruh rossiyaliklarga sanksiya kiritib, Rossiyaning urushdagi asosiy pul keladigan daromadlaridan mahrum qila olmasligi ko‘rinib qoldi. Yevropa bu odamlarga sanksiya qo‘llash orqali Putinga bosim qilishga umid qilmoqda, ammo hozir Rossiyada Putinga ta’sir qila oladigan odam bo‘lmasa kerak. Shu sababli, nafaqat Alina Kabayeva, balki rossiyalik sportchi ayollarning barchasiga sanksiya kiritishsa ham bundan Rossiyaga qandaydir zarar bo‘lishi qiyin.

Faqat ko‘proq qurol yordam berishi mumkin

Kiyevda G‘arb ko‘p qurol va’da qilgani, ammo ular juda kam miqdorda kelayotganini aytishmoqda. AQSh va Germaniya shu haftada Ukrainaga juda zarur bo‘lib turgan baravar o‘t ochish tizimlari, havo hujumidan mudofaa majmualari va radiolokatsiya yuborishni boshlashi kerak.

Shu o‘rinda boshida Ukrainani qo‘llashini aytgan G‘arb nega «qo‘l tormozini tortgani» ko‘pchilikni hayron qoldirmoqda. Rossiya borini jang maydoniga tashlayotgan bir vaqtda Bayden va Shols Ukraina mudofaasini cheklashga urinayotgandek.

«O‘ziga xos tuzatish ketmoqda. Ya’ni biz Ukrainaning g‘alabasini xohlaymiz, lekin unchalik ulkan g‘alaba emas, qabilida», deydi ekspert Ien Bond.

Ukrain harbiylariga urushning birinchi bosqichida amerikaliklarning Javelin tankka qarshi majmualari qo‘l keldi, ammo endi og‘ir artilleriya kerak

Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealardan shunday xulosa kelib chiqmoqdaki, Putin barchasini G‘arb hech narsa qila olmaydi, o‘ziga javob berishga jur’at qilmaydi, Afg‘onistonda NATO bilan sharmanda bo‘lgan davlatlar yana bir katta mojaroga aralashishni istamaydi, degan ishonch bilan boshlagandek.

«Meduza» bilan suhbatlashgan Kremldagi manbaning aytishicha, Moskvada Yevropa asta-sekin Ukrainaga yordam berishdan charchaydi degan ishonch paydo bo‘lgan.

Britaniya hukumatining Rossiya qishda gazni uzib qo‘yadigan bo‘lsa, qirollikdagi 6 million xo‘jalik energiya muammosiga duch kelishi mumkinligini aytgani ham Kremldagilarning nimtabassumiga sabab bo‘lgandir.

G‘arb davlatlari fuqarolarining salbiy munosabati Ukrainaga bo‘lgan yordamni kamaytirishi mumkin? Bu haqda may oyida Kongressda chiqish qilgan AQSh Milliy razvedka tashkiloti direktori Evril Heyns ham gapirgandi. «Balki Putin iste’mol tovarlari va energiya resurslarining qimmatlashgani, inflatsiya oshib ketishi AQSh va Yevropaning qat’iyatini kamaytirishiga umid qilayotgandir», degandi Heyns xonim Senatning Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zolariga qarata.

G‘arbning Ukrainani qo‘llash borasidagi birdamligida «yoriqlar» ko‘rina boshlagan bo‘lsa-da, hozircha umumiy holatda yakdillik bor deyish mumkin.

G‘arb hozircha kutilganidan ko‘proq vaqt Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, garchi Kiyev ishdan ko‘ra quruq gap ko‘proq bo‘layotganini aytayotgan bo‘lsa-da.

«Mojaroda tomonlardan birining qo‘li baland kela boshlasa, muammo yanada yaqqol sezila boshlaydi. Aytaylik, Rossiya sharqda Ukraina mudofaasini yorib o‘tib, Dneprga qarab harakatlana boshlasa, yana Ukraina qaysidir hududini berib, o‘t ochishni to‘xtatishga kelishishi haqida gap-so‘zlar bolalaydi. Aksincha Ukrainaning qo‘li baland kela boshlasa, Donbassdagi Rossiya 2014 yilda qo‘lga olgan hududlarni qaytib olishga urinmang, deydiganlar ko‘payadi», deydi bu haqda ekspert Ien Bond.

Hozir esa bu qabildagi muhokamalar to‘g‘ri qabul qilinmayapti. Masalan, AQSh diplomatiyasi faxriysi Henri Kissinjyer Davosdagi forumda Ukraina tinchlik sulhi evaziga o‘z hududining bir qismini berish g‘oyasini o‘ylab ko‘rishi kerakligi haqida gapirib, nafaqat Ukrainada, balki butun dunyoda tanqidlar ostida qolib ketdi. Bu esa urush mavzusidagi eng keskin tortishuvlar hali oldinda ekanini ko‘rsatadi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid