Jahon | 09:14 / 08.06.2022
11025
1 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki Ukrainaga yana 1,5 mlrd dollar ajratadi 

Jahon bankining Ukrainaga umumiy yordami miqdori to‘rt milliard dollardan oshadi.

Foto: Daniel Slim / AFP

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari davom etayotgani sababli Jahon banki Kiyevga qo‘shimcha 1,49 milliard dollar ajratadi. Bu haqda 7 iyun, seshanba kuni tashkilot rahbari Devid Malpass ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu mablag‘lar davlat xizmatchilari va ijtimoiy soha xodimlariga maosh to‘lashga yo‘naltiriladi.

Jahon banki saytida qayd etilishicha, loyihaga Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Litva va Latviyadan moliyaviy kafolatlar olingan. Bundan tashqari, tashkilot Italiyadan parallel moliyalashtirish va multidonorlik trast fondi (MDTF) tomonidan qo‘llab-quvvatlash taqdim etilgani haqida xabar berdi.
 
Shu tariqa, Jahon bankining Ukraina iqtisodiyotiga yordam paketi 4 milliard dollardan oshadi, buning yarmini Kiyev olib bo‘lgan, deya ma’lum qildi tashkilot vakillari. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya boshlagan harbiy harakatlar natijasida Ukraina iqtisodiyoti joriy yilda qariyb yarmiga qisqaradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid