Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada dorilar sifatini nazorat qiluvchi qurilmalar taqchilligi yuzaga keldi
Rossiya farmatsevtika kompaniyalari xromatografik ustunlar yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Zaxira olti oygacha yetishi mumkin, deb yozmoqda «Kommersant».
Rossiya farmatsevtika kompaniyalari xromatografik ustunlar – yangi dori vositalarini yaratishda va ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalarini ishlab chiqarishda sifat nazorati uchun foydalaniladigan qurilmalar yetishmasligiga duch kelmoqda, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 8 iyun, chorshanba kuni qator farmatsevtika ishlab chiqaruvchilariga tayanib.
«Aktivniy komponent» kompaniyasi nashrga xromatografik ustunlar zaxiralari uch oydan olti oygacha yetishi mumkinligini bildirgan. Ushbu qurilmalarning taqchilligi g‘arbdagi ishlab chiqaruvchilarning Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan keyin G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar fonida Rossiyaga butlovchi qismlar yetkazib berishdan bosh tortishi bilan bog‘liq.
Rossiyaga bunday uskunalarning asosiy yetkazib beruvchilari Amerikaning Agilent Technologies, Waters, Phenomenex hamda Germaniyaning Merck va Macherey-Nagel kompaniyalari edi. Urush boshlanganidan keyin ular Rossiya bozoridagi ishini chekladi yoki to‘xtatdi.
Rossiya kompaniyalari endi uchinchi davlatlar orqali xromatografik ustunlar olishga majbur. Shu bilan birga, logistika ishi buzilgani sababli qurilmalar 30-50 foizga qimmatlashgan, ularni yetkazib berish muddati uzaygan. Ba’zi farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari uchinchi tomon vositachilaridan uskunalarni sotib olyapti, boshqalari esa Xitoyda ishlab chiqarilgan qurilmalarni sinab ko‘ryapti.
Muammo shundaki, yetkazib beruvchining har qanday o‘zgarishi bilan preparatni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida taqdim etilgan hujjatlarga ham o‘zgartirishlar kiritish kerak, bu esa uzoq va byurokratik jarayondir, dedi «Verteks» kompaniyasi vakili.
Rossiya farmatsevtika ishlab chiqaruvchilarining qiyinchiliklari faqat xromatografik uskunalar yetishmasligi bilan cheklanmayapti. Ikki distribyutorning «Kommersant»ga xabar qilishicha, Rossiyaga olib kirilishi, uskunalardan farqli o‘laroq, Yevropa ittifoqi sanksiyalari bilan taqiqlangan xromatograflar bilan bog‘liq muammo yanada jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ko‘plab farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari uskunalarni yangilay olmaydi va xizmat ko‘rsatish imkonini yo‘qotadi.