Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush faxriylari, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi
Prezident “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarining moddiy ta’minotini yaxshilash hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
1941-1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga, shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari o‘rniga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lab boriladi;
1941-1945 yillardagi urush faxriylari va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga bepul yetkazib beriladigan zarur kiyim-kechak va poyabzallar o‘rniga kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida to‘lanadigan kompensatsiya joriy etiladi.
Bunda, qo‘shimcha to‘lov Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan pensiyalarni va nafaqalarni tayinlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Belgilanishicha, kompensatsiya va qo‘shimcha to‘lovlar mazkur bandda keltirilgan shaxslarga, ularning pensiyalari va nafaqalari to‘lanadigan tartibda to‘lanadi.
Qo‘shimcha to‘lov va kompensatsiyalarni moliyalashtirish quyidagilar:
a) Pensiya jamg‘armasi hisobida turgan pensiya va nafaqa oluvchilarga:
qo‘shimcha to‘lovlar – Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari;
kompensatsiyalar – O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari;
b) Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, prezident davlat xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tayinlangan pensiya va nafaqalarni oluvchilarga qo‘shimcha to‘lovlar va kompensatsiyalar mazkur vazirlik va idoralarga ajratilgan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
22:36 / 04.07.2026
Soliq organlari to‘lov jarayonlariga aralashmasligi ma’lum qilindi
11:19 / 20.05.2026
Metroda yurganda masofadan kelib chiqib to‘lov qilish tizimiga o‘tiladi
18:15 / 05.05.2026
O‘zbekistonda Visa-kartani qayerda va qanday ochish mumkin?
10:47 / 24.12.2025