Jahon | 20:40 / 10.06.2022
30228
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: «DXR» yana bir muhim shahar uchun jang boshlanganini e’lon qildi, ammo bu aniq emas

Foto: Getty Images

«DXR» hududiy mudofaa kuchlari bosh shtabi Donbassdagi yana bir muhim shahar hisoblangan Slavyansk uchun jang boshlanganini ma’lum qildi. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika» kuchlariga ko‘ra, ular 231 ta aholi punkti, jumladan Svyatogorsk va Tatyanovka ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishgan. Ammo rossiyalik va ukrainalik harbiylar Slavyansk uchun janglar boshlangani haqida e’lon qilmagan. Amalda Donbass shimolida nimalar bo‘lmoqda?

Chorshanba kuni Oliy radaning sobiq deputati, 2014 yilda Rossiyaga qochib ketgan va Ukrainadan «Novorossiya»ni («LXR» va «DXR») ajratib olish harakati yetakchilaridan biriga aylangan Oleg Tsaryov Slavyansk qo‘lga olingach, Rossiya armiyasi Donbassda g‘alaba qozongani haqida aytish mumkinligini aytdi.

«Biznikilar Slavyanskka yaqinlashmoqda. Hammasi Slavyanskdan boshlangani bejiz emas. Slavyanskni egallab yoki o‘rab olib, bizning qo‘shinlar Donbassdagi butun guruhni qopqonga tushiradi. Agar bunga erishilsa, bu biz Donbassda g‘alabaga erishganimizni anglatadi», deya yozgan u tvitterda.
 
Donbassning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi internet foydalanuvchilari Tsarevning tvitiga bildirgan izohlarida «agar» so‘zidan norozi bo‘lishgan. «Oleg, «agar» emas, balki Qachon!!!» - deya javob yozgan uning tvitiga avatarida Z belgisi qo‘yilgan foydalanuvchi.

Hamma tezroq g‘alaba qozonilishini xohlashini bildirgan.

Slavyansk nimasi bilan muhim?

Donetsk oblasti shimolidagi taxminan 100 ming kishi yashovchi shahar 2014 yilda katta mashhurlikka erishgandi, o‘shanda FSBning (FXX) iste’fodagi polkovnigi Igor Girkin (u Strelkov nomi bilan ham tanilgan, Ukrainada uni harbiy jinoyatchi sifatida bilishadi, Niderlandiya prokuraturasi esa uni Malayziyaning «Boing» yo‘lovchi samolyoti urib tushirilishida aybdor deb biladi) ellik nafar atrofidagi jangchilari bilan Ukrainaga bostirib kirgandi.

Strelkov Slavyansk ma’muriyati binosini egallab olib, bu yerga o‘z shtabini joylashtirgan va shahar o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» nazoratiga o‘tganini e’lon qilgandi.

Ikki yarim oy vaqt o‘tib Ukraina armiyasi hujumlari ostida Girkin va uning bu vaqt ichida mahalliy ayirmachilar bilan to‘ldirilgan otryadi shaharni tark etgan va Donetsk tomon chekingan.

Keyinchalik Girkin o‘z amaliyotini boshlayotganida kichik guruh bilan yirik shaharni egallay olmasligini tushungani, shu tufayli o‘rtacha kattalikda bo‘lgan Slavyansk shahrini tanlaganini aytgandi: «Bir tomondan, [shahar] yetarlicha ahamiyatga ega, boshqa tomondan biz bu yerda xalq hokimiyatini tezlik bilan o‘rnatishimiz mumkin edi. Xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hokimiyatni».

«Rus bahori» kurashchilari uchun Slavyansk ramziy ahamiyatga ega bo‘lsa, Ukraina qurolli kuchlari uchun siyosiy tomondan bu shahar boshqa har bir aholi punkti kabi muhim, harbiy jihatdan esa - tayanch punkti va yaxshi mustahkamlangan istehkom sifatida.

Rasmiy manbalar nimalar deyishmoqda?

Rossiya tomonining 9-10 iyun kunlardagi brifinglarida Slavyansk tilga olinmagan.

Ukraina Bosh shtabi payshanba kuni ham, juma kuni ham Donbassda shiddatli janglar davom etayotgani haqida xabar qilgan.

«Ruslarning Clavyansk yo‘nalishidagi harakati Slavyansk va Barvenkovo yo‘nalishi bo‘ylab hujumlarni davom ettirishga qaratilgan. [...] O‘t ochish tizimlaridan foydalanish hisobiga bosqinchilar Bogorodichnoye va Dolgenkoye yaqinida shturm amaliyotlari boshlagan, harbiy harakatlar davom ettirilmoqda», deyilgan Ukraina Bosh shtabining 9 iyun kungi axborotida.

Bogorodichnoye qishlog‘i Slavyanskdan 16 kilometr shimolda, Dolgenkoye - 22 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan.

Ukraina armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Liman yo‘nalishida rossiyalik kuchlar faol harakatlar olib borishmayapti.

«Raqib Severodonetsk mudofaasidagi zaif nuqtalarni izlash bo‘yicha besamar harakatlarini davom ettirmoqda», deya qo‘shimcha qilinadi ukrainlar ma’lumotida.

10 iyun kuni esa Ukraina tomoni Rossiya qo‘shini Baxmut tomon yaqinlashayotgani to‘g‘risida xabar qilgan, ammo Slavyansk yo‘nalishida faol harakatlarni qayd etmagan.

Bu nimani anglatadi?

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) tahlilchilari fikricha, Rossiya kuchlari Svyatogorsk hududida va Limandan g‘arbdagi harbiy harakatlarni davom ettirmoqda, bundan maqsad Izyum janubi-sharqidagi qo‘shinlar bilan birlashib, Slavyanskka hujum boshlash hisoblanadi. 

Slavyanskka hujum uch yo‘nalishda - shimoli-sharqdan (yaqinda bosib olingan Liman tomondan), shimoldan (shu kunlarda egallangan Svyatogorsk tomondan) va shimoli-g‘arbdan- Rossiya kuchlarining yirik guruhi joylashgan Izyum platsdarmidan amalga oshirilishi mumkin.

Ammo buning barchasi oson emas. Shimol va shimoli-sharqdan Slavyanskka yurish tabiiy suv to‘sig‘i - baland qirg‘oqlarida Ukraina armiyasi kuchlari mudofaa chizig‘ini tashkil etgan Shimoliy Don daryosi bilan to‘silgan. Bu daryoni kechib o‘tish uchun avvalgi urinishlar Rossiya armiyasining katta muvaffaqiyatsizligi bilan yakunlangandi.

Slavyanskka shimoli-g‘arbdan hujum qilish uchun rossiyalik harbiylar Shimoliy Donni kechib o‘tishiga hojat yo‘q, ammo shahar atrofidagi hududlarga yetib kelish uchun ham eshelonlarga bo‘lingan, bir necha qavatdan iborat mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish talab etiladi.

«DXR»ning Slavyansk uchun janglar boshlangani haqidagi bayonoti haqiqatga mos kelishi uchun Shimoliy Don daryosi Liman yoki Svyatogorsk tomondan kechib o‘tilib, janub va janubi-g‘arb tomon tezkorlikda harakatlanish ro‘y bergan bo‘lishi yoki Izyum yo‘nalishidan hujum qilinib, ukrainlarning 15 kilometrlik mudofaasi yorib o‘tilgan bo‘lishi kerak edi.

Ammo Rossiya-Ukraina urushi pozitsion bosqichga o‘tganidan buyon taraflarning hech biri tomonidan bunday muvaffaqiyatli yurish kuzatilmagan, so‘nggi kunlarda ro‘y bergan taqdirda esa - bu haqda rossiyaparast nashrlarning barchasi jar solgan bo‘lar edi.

«Xayrli tong, Slavyansk! Tun sokin kechdi. Trolleybuslar marshrutlarga chiqishdi. PrivatBank bankomatlardan pul yig‘ishni rejalashtirmoqda», deya yozgan chorshanba kuni Slavyansk harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Lyax.

10 iyun kuni Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko «DXR» hududiy mudofaa kuchlarining Slavyanskka hujum qilinayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari «mudofaani ushlab turibdi» va rossiyalik harbiylar shahar tomon ilgarilay olishmagan.

ISW tahlilchilarining navbatdagi axborotida ham rossiyalik harbiylar Slavyanskdan shimoldagi hududlarda ayrim muvaffaqiyatlarga erishayotgani, ammo shaharning o‘zini shturm qilishda taktik muammolarga (bu Shimoliy Don daryosini kechib o‘tish bilan bog‘liq) duch kelayotgani haqida xabar qilingan.

Severodonetskda esa ukrain pozitsiyalarini shturm qilish davom etmoqda.

Severodonetsk tinimsiz o‘qqa tutilmoqda. Foto: Getty Images

Severodonetsk bilan bog‘liq vaziyat qanday?

31 may kuniyoq Ramzon Qodirovning Severodonetskni «tozalash ishlari» yakunlangani haqida bergan bayonoti hisobga olinmasa, Rossiya nashrlari shahar atrofidagi vaziyatni yoritishda kamtar bo‘lishmoqda. Asosan har kuni og‘ir janglar davom etayotganini aytish bilan kifoyalanishmoqda. Ukraina Bosh shtabi ham shunday.

«Dushman bo‘linmalarimizni minomyotlar, artilleriya va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan o‘qqa tutmoqda. Severodonetsk, Lisichansk, Privil, Ustinovka, Gornoye va Yekaterinovka aholi punktlarida fuqarolik infratuzilmalariga ham zarbalar yo‘llanmoqda. Bosqinchilar Toshkovke bo‘ylab aviazarbalar berishdi va muvaffaqiyatsiz shturm o‘tkazishdi», - deyilgan Ukraina Bosh shtabi ma’lumotida.

Ukrainalik askar Severodonetsk frontidagi janglar vaqtida jangovar pozitsiyani egallamoqda.
Oleksandr Ratushniak / AP / Scanpix / LETA

Severodonetsk shturmi boshlanishi va Rossiya harbiylari Popasnayadan g‘arbdagi hududlarga tahdid sola boshlashidan keyin tahlilchilar Ukraina qo‘mondonligi bu murakkab vaziyatga qanday reaksiya qilishi borasida turlicha taxminlar bildirishgandi - jumladan Severodonetsk guruhi janubga chekinishi va front chizig‘i xavfli yo‘nalishlarda mustahkamlanishi.

Ammo Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi o‘z yo‘lini davom ettirdi: Severodonetsk guruhiga yordam uchun yengil qurollangan bo‘linmalar jo‘natildi, bu orqali ayrim nuqtalarda dushmanga jiddiy zarbalar berildi va bostirib kelayotgan qismlar ortga chekintirildi. Shu bilan bir vaqtda shahardan og‘ir artilleriya Lisichanskka olib o‘tildi, bu shahar biroz balandroq joylashgani hisobiga atrofga barcha yo‘nalishlar bo‘ylab o‘t ochish imkoniyati oshirilib, qanotlar ham mustahkamlandi.

Aftidan, Ukraina armiyasi Severodonetskni Mariupol bilan bo‘lgani kabi oxirigacha ushlab turmoqchi - ukrain harbiylari avvaliga shahar kvartallarida qarshilik ko‘rsatib, keyin «Azot» kimyoviy zavodi hududida mustahkam o‘rnashilishi mumkin. Ammo bir farqi bor, Severodonetsk to‘liq qurshovga tushmaydi - mudofaachilar ortida dengiz emas, daryo va qo‘llab-quvvatlovchi og‘ir batareyalar bo‘ladi.

Mavzuga oid