Jamiyat | 16:26 / 11.06.2022
13344
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zimni o‘zim ish bilan ta’minlaganman” – nogiron etikdo‘z

Karmanalik Hayot Jalilov o‘z mahallasida etikdo‘zlik bilan shug‘ullanadi. Bolalikdan nogiron, jismoniy imkoniyatlari cheklangan 25 yoshli yigitning shijoat va harakati atrofdagilarni doim hayratga solib kelgan, tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan.

Asli samarqandlik bo‘lgan Hayotning otasi 2007 yilda avtohalokat oqibatida vafot etadi. Ona nogiron o‘g‘li va bir yoshli qizi bilan yolg‘iz qolgan o‘shanda. Oilaning boshiga tushgan sinovli kunlar shundan boshlangan. Hayot dastlab Navoiy shahridagi dehqon bozorida aravakashlik qilgan. O‘zini ham, oilasini ham iqtisodiy ta’minlashga uringan yigit hunar o‘rganishni qaror qilib, etikdo‘zga shogird tushadi.

Hozirda u o‘zi usta etikdo‘z sifatida faoliyat olib bormoqda. Mahalla markazida xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bor. Yaxshigina kunlik daromadga ham ega. O‘zining ta’kidlashicha, kuniga o‘nga yaqin mijoz keladi.

“Soat 6 da kelaman va 12:30 gacha ishlayman. Keyin soat 17:00 larda kelaman va shu bilan kechki salqingacha ishlayman. Keyin uyga ketaman. Shunday qilib umrim o‘tyapti. Agar odam yaxshi kelsa, kuniga 60, 70, 100, 200 ming so‘mgacha topaman. Nasibaga yarasha. Hayot hali oldinda. O‘zimga o‘xshagan bola bo‘lsa hunarimni o‘rgatmoqchiman. Sog‘lomning dardini sog‘lom, nogironning dardini nogiron tushunadi. Ishimdan hech qachon nolimayman. Bekor yurishni yomon ko‘raman. Shu hunarimni oxirigacha qilaman, xalqning xizmatida bo‘laman”, — deydi Hayot Jalilov biz bilan suhbatda.

Mahalla ahli o‘roq, bolta, pichoq kabi uy-ro‘zg‘or buyumlarini o‘tkirlashda ham unga murojaat qiladi. Chunki u poyabzal tuzatish bilan birga charxchilik ham qiladi.

Hayot Jalilov halol mehnati bilan ham pul topmoqda, ham elning duosini olmoqda. O‘ziga o‘xshagan jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarni shogirdlikka olib, ularga hunar o‘rgatish niyati ham bor.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid