Navoiy viloyati Karmana tumanidan murojaat qilgan fermer Mavluda Sobirova hokimiyatning “yerni topshir” degan bosimidan arz qildi. U g‘o‘zani sug‘orish uchun suv berilmagani oqibatida rejani bajarolmagan. “Vazirlikka yig‘lab chiqib, suv olaman. Shunda ham hamma to‘rt marta sug‘organida, men ikki martagina suv ololdim. Kim zo‘r bo‘lsa, o‘sha oladi suvni”, deydi u. Fermer yersiz qolsa, qarzlarini yopolmaydi.
“Fermerchilikni 2015 yilda, 60 gektar yer bilan boshlaganman. Texnika olganman. Lizingga olgan traktorimni to‘lab bo‘ldim. Tomchilatish qildik. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Ammo yaqinda, yoqmay qoldimmi yo ko‘ngli to‘lmadimi hokimimizning, yerimni zaxiraga topshirishni talab qilyapti.
Zaxiraga topshir, deydi. Davlatdan qarzdorligim nima bo‘ladi? Lizingdan qarzimiz bor, tomchilatishdan qarzimiz bor. Hozir men yerni topshirsam, ertaga qarzdorlikni qanday to‘layman? Hozir yerimni olib qo‘ysa, u mening ishimni ham, bolalarimning kelajagini ham olib qo‘yadi-ku! Men qayerdan boqaman ularni? Yolg‘iz ona bo‘lsam.
Og‘ir operatsiya bo‘lganman uch yil oldin. Shuning orqasidan orqaga ketib qoldim ozgina. Agar men kasal bo‘lmaganimda, planlari to‘ldirib, olg‘a ketar edim”, – deydi Mavluda Sobirova.
– Biz bilamiz, ko‘pchilik fermerlar xuddi sizning ahvolingizda. Qarzdorlik qanday hosil bo‘lyapti?
– Vazirlikka yig‘lab chiqib suv olaman. Hammaning yeri to‘rt marta suv ichsa, mening yerim ikki marta suv ichdi. Bir dalam bir marta suv ichdi hatto! Shu sabab hosil yaxshi chiqmayapti, qarzni yopa olmayapmiz. Xarajatimizni qoplamay qolyapti. Kerakli vaqtda suv bera olmayapman. Ming dori bersak ham, qancha texnika yursa ham, suv ichmasa, baribir paxta yaxshi hosil bermaydi. Paxta nobud bo‘lyapti.
– Suvni fermerlarga yetkazish kimning vazifasi?
– Irrigatsiya bo‘liminiki.
– Nega ular yetkazib bermayapti?
– Telefonimizni ko‘tarishmaydi hatto. Fermerlar guruhi bor tumanimizda, u yerda yozsam, meni bloklab tashlaydi. Vazirlikka, irrigatsiya bo‘limining portaliga chiqib, yig‘lab, suv olganman.
– Suv yetarlicha yetkazib berilmayapti. Lekin reja talab qilinyapti.















