Xitoy va Rossiya o‘rtasida ilk avtomobil ko‘prigi ochildi. Bu kim uchun foydaliroq?
Ko‘prikni qurish bo‘yicha bitim 1995 yilda imzolangan. 1080 metrli ko‘prik Amur daryosi ustida qurilgan. Putinning ishonchli vakili ko‘prik ochilishida ishtirok etib, «Rossiya Sharqqa yuzlanayotgani»ni aytdi.
Rossiyaning Blagoveshensk shahrida mamlakatni Xitoy bilan bog‘lovchi ilk avtomobil ko‘prigi ochildi. Amur daryosi ustidan o‘tadigan ko‘prik qurilishi 2016 yilda boshlangan va 2020 yilgi ochilish koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi.
OAVda ko‘prik Rossiyaning Blagoveshensk va Xitoyning Xeyxe shaharlarini bog‘lashi yozilmoqda, lekin aslida u yo‘ldosh qishloqlar bo‘lmish Kanikurgan va Chanfani bog‘laydi.
«Ko‘prik Blagoveshenskdan ancha uzoqda, Xitoyning Xeyxe shahriga esa juda yaqin joylashgan. Bu blagoveshenskliklar uchun qulay joy bo‘lmasligi mumkin, lekin yuklarni tashish uchun juda yaxshi joyda, chunki federal trassa yaqindan o‘tadi», deydi Rossiya TIV qoshidagi tadqiqot instituti xodimi Ivan Zuyenko.
Ko‘prikdan allaqachon Xitoyga soya yog‘i va yog‘och, Rossiyaga esa mashina shinalari va elektrotexnikalar olib o‘tilgan.
Narigi sohildagi Xeyxe
Xitoyning Xeyxe shahri Rossiyaning Blagoveshensk shahrining ro‘parasida joylashgan. Xitoy shahar qirg‘oqlarini mamlakatning vitrinasiga aylantirishni istagan va shu sabab sohil yaqinida turli rangdagi chiroqlar osmonda har xil shakllarda paydo bo‘ladi. Daryoning Rossiya tomonidagi rossiyaliklar sohilda yurib Xitoy tomonni, xususan, chiroq o‘yinini tomosha qilishni xush ko‘radi.
2021 yil oxirida Xitoyda keskin karantin joriy qilinib, chiroqlar o‘yini ham bekor qilindi. Chiroqlar qayta yoqilganda esa hatto Blagoveshensk hokimiyati vakillari xitoylik hamkasblariga rasmiy minnatdorchilik xati ham yuborgan. Bu xat matni yaqinda DDosecrets loyihasi tomonidan Blagoveshensk hokimligi sayti buzib kirilgach e’lon qilingandi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, ko‘plab hakerlar bunga norozilik sifatida Rossiya federal tashkilotlari saytlarini buzib kira boshladi. Katta ehtimol bu xat ham shunday isyon natijasida ommaga oshkor bo‘lgan.
Bitta fura uchun 8700 rubl
Rossiya transport vaziri Vitaliy Savelevning aytishicha, Amur daryosi ustida ochilgan ko‘prik Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 million tonnaga oshirishi kutilmoqda. Rossiyalik vazir videoaloqa ko‘rinishidagi ochilish marosimida ko‘prikning ochilishi ikki mamlakatdagi tadbirkorlarning transport xarajatlarini kamaytirishi, eksport va import uchun sarfalanadigan yo‘l esa uch baravarga qisqarishini aytgan.
Ko‘prikning uzunligi 1080 metrni tashkil etadi, poyezd yo‘llarini kesib o‘tish bilan hisoblasa, umumiy masofa 20 kmga yetadi. Ko‘prikdan o‘tish uchun har bir fura 8700 rubl (150 dollar) to‘lashi kerak bo‘ladi.
Amur viloyati gubernatori Vasiliy Orlovning aytishicha, o‘tish narxi faqat 20 yildan keyin pasaytirilishi mumkin, bu vaqtga borib ko‘prik o‘z xarajatlarini qoplay boshlagan bo‘ladi. Ko‘prikni qurishga 19 milliard rubl sarflangan bo‘lib, undan 14 milliard rubllik ishlar Rossiya hududida amalga oshirilgan.
Rossiya va Xitoy qurilishni 540 metrdan teng ikkiga bo‘lib olgan. Qurilish bo‘yicha shtab-kvartirasi Xeyxeda, filiali Blagoveshenskda joylashgan qo‘shma korxona tashkil etilgan. Ko‘prikni qurish va ishga tushirish ushbu korxonaga imtiyoz asosida taqdim etilgan. Imtiyoz muddati tugagach, ko‘prikning Rossiya tomonidagi qismi Amur viloyati balansiga o‘tadi.
Amur gubernatorining aytishicha, imtiyoz muddati 20 yil etib belgilangan. Gubernator ko‘prik pul ishlash uchun emas, biznesni rivojlantirishga yordam beradigan infratuzilma yaratish uchun qurilganini aytdi.
«Rossiya Sharqqa yuzlanmoqda»
Birinchi bosqichda yangi ko‘prikdan faqat yuk tashuvchi mashinalar harakatlanadi. 11 iyundan ko‘prik har kuni ishlay boshlaydi. Maksimal yuklamada u yerdan bir kunda 630 ta yuk tashuvchi mashina, 164 ta avtobus va 68 ta yengil avtomobil o‘tishi belgilangan.
Mahalliy jurnalist Viktoriya Sutenkoning aytishicha, ko‘prik ochilishini shahar aholisi intizor bo‘lib kutgan, chunki atrofdagi rossiyaliklar 1990-yillardan buyon Xitoy bilan biznes hamkorlik qilib kelishadi, santexnika mahsulotlari ham asosan Xitoydan olib kelinadi.
Hozirgacha Rossiyaning Blagoveshensk shahridan Xitoydagi megapolisga katerlarda o‘tishgan. Qishda esa muzlagan Amur ustidan harakatlanishgan. Ko‘prik ochilgach ham bu yo‘llar amalda bo‘laverishi kutilmoqda.
Rossiya prezidentining Uzoq Sharqdagi ishonchli vakili Yuriy Truntev ko‘prikning ochilish marosimida onlayn qatnashib, «Rossiya Sharqqa yuzlanayotgani» haqida gapirdi. Uning aytishicha, bu yuzlanish chinakamiga amalga oshishi uchun Amur ustida ko‘proq ko‘priklar qurish, Baykal – Amur hamda Transsibir magistrallarini kengaytirish kerak. «Bu butun Rossiya uchun kerak», dedi Putinning ishonchli vakili.
Ko‘prikni qurish bo‘yicha Xitoy va Rossiya hukumatlari 1995 yil 26 iyunda bitim imzolagan, ammo harakatlar boshlanmay turavergan. O‘tgan asrning 80-yillaridanoq bu hududda ko‘prik qurish zarurligi haqida aytishgan. 2015 yilga kelibgina hukumatlararo bitimga o‘zgartirish kiritilib, keyingi yil qurilish boshlanib ketdi.
Ko‘prikning Xitoydagi qismi tezroq bitdi. 2019 yilda ikki qism bog‘landi. Ko‘p o‘tmay esa pandemiya boshlanib qoldi va ko‘prikni ochish to‘xtab qoldi. Pandemiya hozir ham o‘z kuchida turibdi, chunki ko‘prikdan yo‘lovchilar o‘tishiga qachon ruxsat berilishi aniq emas.
Birinchi avtomobil ko‘prigi
Rossiya va Xitoy o‘rtasida 4209,3 km umumiy chegara mavjud. Ammo Amur daryosi ustida qurilgan ko‘prik mamlakatlar o‘rtasidagi ilk avtomobil ko‘prigi hisoblanadi. Lekin birinchi ko‘prik emas. 2022 yil 27 aprelda Nijneleninskoye va Tunszyanni bog‘lovchi temiryo‘l ko‘prigi ham qurib bitkazilgan. Bu poyezd ko‘prigi Rossiya poyezdlari uchun kengligi 1520 mm va Xitoy poyezdlari uchun kengligi 1435 mm bo‘lgan yo‘llardan iborat.
Blagoveshenskdagi «Sening dispetchering» transport kompaniyasi direktori Tatyana Blaganing aytishicha, ko‘prik ochilishini shaharda katta bayramdek qarshi olishgan. Amur viloyatidan Xitoyda soya hamda ko‘plab turdagi oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinadi. O‘z navbatida Rossiya tomoni ko‘plab turdagi mahsulotlarni import qiladi.
Ko‘prikdan harakatlanish boshlangan bo‘lsa-da, hali qurilishi kerak bo‘lgan obektlar bor. Masalan, Rossiya tomonida chegarachilar doimiy yashaydigan bino yo‘q, faqat chegarachilar, bojxonachilar va fitosanitar nazoratchilar vaqtincha bo‘lishi uchun joylar bor. Umuman olganda, Rossiya tomoni poyezd yo‘llaridan o‘tishni ham yaxshilash zarurati sabab deyarli ikki baravar ko‘proq ishlarni amalga oshirgan.
Mavzuga oid
20:39 / 13.11.2024
Xitoy orbitaga yuk tashuvchi ko‘p martalik kosmik kemasini namoyish etdi
17:53 / 13.11.2024
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
22:21 / 11.11.2024