Jamiyat | 19:55 / 12.06.2022
22594
7 daqiqa o‘qiladi

AQShda sinalgan preparat sinov ostidagi bemorlarni saratondan to‘liq xalos qildi

AQShda to‘g‘ri ichak saratonini davolashda ko‘p narsani va’da qilayotgan, ilgarilash deya sanalayotgan preparatning kichik sinovi o‘tkazilgan. Tajribada qatnashib, davolangan har bir bemorda saraton remissiya bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tgan va hozircha saraton xavfi to‘liq chekingan.

Dostarlimab deb atalayotgan va Jemperli savdo belgisi ostida sotilayotgan, endotermiy saratonini davolashda ishlatiladigan mazkur immunoterapevtik preparat ilk marta to‘g‘ri ichak saratoni shishlariga nisbatan samarali ekanligi klinik tadqiqotdan o‘tkazilgan. Tadqiqot natijalari haqida The New England Journal of Medicine xabar bergan.

Sciencealert’ning yozishicha, shu vaqtgacha onda-sonda ma’lum qilib turilgan dastlabki natijalar u nihoyatda samarali ekanligini ko‘rsatgan va tadqiqotchilar guruhi tajriba sinovi ostidagi har bir bemorda saratonning muvaffaqiyatli remissiyasi tufayli saratonni davolashdagi mazkur aralashuv misli ko‘rilmagan deb topilishi mumkin.

«Men bu narsa saraton tarixida ilk marta ro‘y berdi deb hisoblayman», — degan The New York Times nashriga Sloan-Kettiring nomidagi memorial onkologik markazi (MSK) tibbiy onkologi Luis Dias-junior. U tadqiqot natijalari haqida xabar bergan maqolaning katta muallifi hamdir.

Qayd etish joizki, ijobiy natijalar barchasida to‘g‘ri ichak saratonining 5–10 foizida kuzatiluvchi, nomuvofiqlik reparatsiyasi tanqisligi (MMRd) deb ataluvchi, shishlar genetik mutatsiyalarga uchragan faqat 12 nafar bemorda kuzatilgan (tadqiqotlar davom etmoqda).

Shunday shishlarga ega bemorlar kimyoviy va nur terapiyasiga kam sezgirli, shu sababli shishlarni jarrohlik yo‘li bilan yo‘qotishga ehtiyoj sezishadi.

Nima bo‘lganda ham, MMRd mutatsiyalari saraton hujayralarini immun javobga nisbatan ojiz qilib ham qo‘yadi, ayniqsa u immunoterapevtik agent — mazkur holatda, saraton hujayralarini samarali o‘ldirishi uchun immun hujayralariga cheklov o‘rnatuvchi nazorat nuqtasi ingibitori bilan qo‘llab-quvvatlansa.

«Bu mutatsiyalar shishda to‘plana boshlansa ular mutatsiyalar bilan zararlangan saraton hujayralariga hujum qiluvchi immun tizimini qo‘zg‘atadi», — deydi Dias. — «Biz «davolashning birinchi liniyasi sifatida, kelinglar, saraton metastaza berguniga qadar bu ishga qo‘l uraylik», deb o‘yladik».

Odatda, to‘g‘ri ichagida bunday shishlarga ega bemorlar jarrohlik yo‘li bilan saraton olib tashlanguniga qadar kimyoviy va nur terapiyadan umid qilsa bo‘ladi. Afsuski, ko‘plab bemorlar uchun bu usullar spektori butun umr davom etishi ham mumkin bo‘lgan uzoq muddatli nojo‘ya oqibatlarga ega.

«Saratonni jarrohlik yo‘li, nur terapiyasi, kimyoviy terapiya bilan standart davolash shishning bir joyga to‘planib qolishi tufayli juda og‘ir kechishi mumkin, — deydi tadqiqotning birinchi muallifi, MSK tibbiy onkologi Andrea Cherchek. — Ular to‘g‘ri ichak va siydik pufagi disfunksiyasi, peshob tutib tura olmaslik, bepushtlik, jinsiy ojizlik va boshqa narsalardan azob chekishi mumkin».

Shunisi hayratlanarliki, ushbu sinovda qatnashgan bemorlar shu vaqtgacha bunday muolajalardan ham, ularga bog‘liq nojo‘ya ta’sirlardan ham to‘liq qochishga muvaffaq bo‘lishgan.

Tadqiqotning ikkinchi fazasida bemorlarga olti oy mobaynida har uch haftada dostarlimab berilgan. Agar shishning retsidivi kuzatiladigan bo‘lsa, standart nur va kimyo terapiyasi hamda jarrohlik aralashuvi nazarda tutilgan. Lekin ular bunga duchor bo‘lmagan.

Olti oylik kuzatuvlardan so‘ng tadqiqotda qatnashgan barcha 12 nafar bemorlar MRT, PET, endoskopiya, biopsiya va boshqa testlar bilan aniqlanadigan shishlarsiz «to‘liq klinik javob»ni ko‘rsatgan.

«Doktor Cherchek menga vrachlar guruhi mening tahlillarimni tekshirib chiqishganini aytdi, — deydi tadqiqotga qo‘shilgan ilk bemor Sasha Rot. — Ular saratonning hech qanday alomatlarini topa olishmagach, doktor Cherchek menda nur terapiyasidan o‘tish uchun hojat yo‘qligini aytdi».

Juda ko‘p tashkilotlar, jumladan, Jemperli’ni ishlab chiqarayotgan GlaxoSmithKline farmatsevtika kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan tadqiqot hozircha tugamagan, shunchaki dastlabki natijalar ma’lum qilinmoqda.

Ayni paytda umumiy hisobda 12 nafar bemor davolash kursini o‘tagan va olti oy mobaynida kuzatuv ostida bo‘lgan.

Ularning uchdan ikki qismida qichishish, charchoq, ko‘ngil aynishi kabi yengil va bir maromdagi nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgan, biroq ularning birortasida saratonning qayta o‘sishi kuzatilmagan. Holbuki, o‘rtacha kuzatuv davri bir yil bo‘lgan, Rot kabi bemorlar esa ikki yildan buyon saratondan xalos bo‘lish uchun kurashib kelishgan.

«Pirovard natijada tadqiqotlarda 30 ga yaqin bemorlar qatnashishini kutmoqdamiz. Biz barcha guruhlar bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lganimizdan so‘ng, dostarlimab to‘g‘ri ichak saratonidan aziyat chekayotgan bemorlar uchun naqadir xavfsiz va samarali ekanligi to‘g‘risida to‘liq tushunchaga ega bo‘lamiz. Lekin yakuniy xulosa uchun yanada kengroq bemorlar guruhida yanada kattaroq tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.

O‘shangacha biz joriy natijalarga optimistik, biroq ehtiyotkorona yondashishimiz kerak», — deya natijalarga sharh yozgan Chapel-Hilldagi Shimoliy Karolina universiteti onkologi Hana K.Sanoff.

Sanoffning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq klinik javob saraton ustidan uzoq muddatli nazorat surrogati bo‘la olmaydi, chunki dostarlimab kabi nazorat nuqtalari ingibitorlari uzoq yillar mobaynida samara ko‘rsatsa-da, ayrim bemorlarda saratonning qayta o‘sishi baribir kuzatiladi.

«Bu noaniqliklarga qaramasdan, Cherchek va uning hamkasblari, shuningdek, standart davolash kursi o‘rniga kelajagi noma’lum, biroq ko‘p narsani va’da qiluvchi yangi usulga rozilik bergan bemorlar saratonni davolashda inqilobona siljishning dastlabki uchqunlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishga qo‘l urishgan», — degan Sanoff.

Ushbu ehtiyotkorliklar inobatga olinsa, nimadandir umid qilish mumkin bo‘ladi. Tadqiqotchilar esa ularning immunoterapiyaga unikal yondashuvi MMRd’ga boshqa turdagi shishlarga ega bemorlar: oshqozon, oshqozonosti bezi, prostata saratonlari bilan og‘riyotgan bemorlarga ham yordam berishi mumkinligini o‘rganishmoqda. 

Mavzuga oid