21:39 / 14.06.2022
46314

Severodonetskdagi ko‘priklar yakson qilindi: «Azot» «Azovstal» taqdirini takrorlaydimi?

Rossiya qo‘mondonligi Severodonetsk g‘arbidagi «Azot» kimyoviy kombinatida himoyalanayotgan ukrain harbiylariga qurollarni tashlab taslim bo‘lishni taklif qilgan va buning evaziga ularning hayoti saqlab qolinishi hamda insoniy munosabatda bo‘linishi va’da qilingan.

Severodonetskning Lisichanskdan ko‘rinishi. Foto: Getty Images

Rossiya mudofaa vazirligi «Azot»da boshpana topgan tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilishni ham taklif etmoqda. «Buning uchun 15 iyun kuni Moskva vaqti bilan soat 08:00 dan soat 20:00 ga qadar shimoliy yo‘nalishda Svatovo shahri tomon gumanitar yo‘lak ochiladi», degan RF mudofaasini boshqarish milliy markazi boshlig‘i Mixail Mizinsev.

Severodonetsk uchun may oyi oxiridan buyon shiddatli janglar davom etmoqda, ukrain harbiylari qator qarshi hujumlar amalga oshirdi, ammo yakunda baribir chekinib, shahardagi «Azot» kimyoviy zavodida mudofaani egalladi. Zavod hududida ko‘plab tinch aholi vakillari ham yashiringan. Shahardan daryo g‘arb tomon chekinish mumkin bo‘lgan barcha ko‘priklar buzib tashlangan.

DW bilan suhbatda Ukraina mudofaa vazirligi maslahatchisi Yuriy Sakning aytishicha, gumanitar nuqtayi nazardan Severodonetskdagi vaziyat «juda va juda og‘ir» va bu vaziyat qamaldagi Mariupolni eslatadi.

«Ko‘cha janglari olib borilmoqda. Alohida joylarda Ukraina armiyasi qarshi hujum uyushtirmoqda, Ukraina qisqa muddat ichida kerakli og‘ir qurollarga ega bo‘lsa, bunday hujumlar yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin», - degan Sak.

Dushanba kuni Shimoliy Don orqali o‘tgan, shaharni qo‘shni Lisichansk bilan bog‘lovchi so‘nggi ko‘prik ham yakson etilgani ma’lum bo‘ldi. Shaharni himoya qilayotgan ukrain harbiylari chekinishga va «Azot» zavodida o‘rnashishga majbur bo‘lgan, endi esa ular asosiy kuchlar bilan quruqlik orqali aloqani yo‘qotgan.

Ukrain harbiylari 2,5 oy davomida to‘liq qurshovda qolgan holda mudofaalangan va oxir-oqibat taslim bo‘lgan Mariupol va «Azovstal» bilan o‘xshashlik mavjud. Ammo Severodonetsk va «Azot» zavodi bilan bog‘liq vaziyatga ular qanchalik mos?

«Azovstal» va «Azot» uchun janglarning o‘xshashligi

«Azovstal» va «Azot» kabi yirik korxonalar - sovet sanoatining harbiy-yo‘naltirilgan merosi hisoblanadi. Ular avvalboshdan urush davrida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish, dushman yaqinlashganda esa mustahkamlangan istehkomga aylantirilishi mo‘ljallangan.

Ukraina armiyasi bundan allaqachon foydalandi. Sanoat hududida mudofaalanish bostirib kelayotgan qismlarni jiddiy darajada holdan toydiradi, muhimi raqibning katta kuchini o‘zi bilan ushlab turadi va bu orqali zaxiradagi kuchlarni tayyorlash va yangi mudofaa chizig‘ini egallash uchun vaqtdan yutiladi.

Metin devorlar va tomlar, bombapanagohlar va yerosti kommunikatsiya tizimlari mavjudligi, o‘q-dori va oziq-ovqatning ulkan zaxiralarini yaratish imkoniyati borligi, bu vaqtda dushmanda aniq reja va sxemalar bo‘lmasligi - bularning bari hujum qiluvchi tomonning harakatlarini juda qiyinlashtiradi.

Mariupol va «Azovstal» uchun janglar mart oyi boshidan may oyi o‘rtalariga qadar davom etdi. Ikki tomonning yo‘qotishlari haqida ham aniq ma’lumotlar yo‘q. Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, «Azovstal» hududida bo‘lgan jami 2439 nafar ukrain harbiysi asir tushgan. Kiyev ular shahar mudofaasida Rossiyaning yirik guruhlarini ushlab turish orqali o‘z vazifasini ado etganini ma’lum qilgan.

Rossiyalik harbiylar Severodonetskka may oyi oxirida yetib kelishdi. O‘shandan buyon shaharda qaqshatqich ko‘cha janglari davom etmoqda. Mariupolda bo‘lgani kabi Ukraina qurolli kuchlari jangchilari sanoat hududida mustahkam o‘rnashgan, ular bilan evakuatsiyadan bosh tortgan yoki ketishga ulgurmagan tinch aholi vakillari ham bor.

Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, «Azot»da 500 nafar atrofida oddiy fuqarolar yashiringan, shundan 40 nafari - bolalar.

Ammo jiddiy farqlar ham bor

Mariupol va «Azovstal» bilan taqqoslaganda Severodonetsk va «Azot» zavodi mudofaasida «plyus» va «minus»lar bor.

«Plyus»lar

Hozircha rossiyalik harbiylar qo‘shni Lisichanskni egallay olishmagan, shunday ekan, gap Severodonetskdagi butun ukrain hududini qurshab olish haqida ketmaydi. Mudofaachilar ortidagi Shimoliy Don to‘siq, ammo umuman o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq emas.

Rossiya jangovar katerlari bilan to‘sib qo‘yilgan Azov dengizidan farqli o‘laroq, daryo orqali kechib o‘tishni tashkil qilish va u orqali ta’minotni davom ettirish mumkin. Bu oson emas, ammo u orqali suzish imkoni mavjud.

Dushanba kuni Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham kommunikatsiya va «Azot»dan yaralanganlarni olib ketish imkoniyati borligini tasdiqladi.

Kombinatda mudofaalanayotgan ukrain bo‘linmalari Lisichanskda joylashtirilgan artilleriya orqali jiddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda - bu qurollarning bir qismi qulayroq pozitsiyada bo‘lishi uchun Severodonetskdan olib chiqilgan. Bu ikki shahar bir-biriga yondosh joylashgan va dushman «Azot»ga yaqinlashib kelgudek bo‘lsa, kichik masofadan o‘q uzuvchi qurollar uchun ham oson nishonga aylanadi.

«Minus»lar

Severodonetskdagi «Azot» zavodi maydoni Mariupoldagi «Azovstal»nikidan qariyb ikki barobar katta, shu tufayli uning chekkalarini himoyalash uchun ko‘proq askarlar joylashtirish kerak bo‘ladi.

Severodonetskda qancha ukrain harbiysi borligi va Ukraina qurolli kuchlari shaharni qachongacha mudofaa qilmoqchi ekani noma’lum.

Bundan tashqari, «Azov»da ham bombapanagoh va yerosti tunnellari bo‘lsa-da, zavoddagi boshpanalar Mariupolning «Azovstali»dagi kabi mustahkam emas. Bu haqda 2 iyun kuni Sergey Gayday ham aytgandi. «Azot» bu hududida ulkan yerosti shahar joylashgan «Azovstal» emasligi aniq», degandi u.

«Azot»ni egallashning murakkabligi nimada?

Jiddiy mustahkamlangan «Azov» kimyoviy kombinatini egallashning uch asosiy yo‘li mavjud: qamal, shturm va artilleriya hamda aviatsiya orqali mudofaa inshootlarini yo‘q qilish. Biri ikkinchisini istisno etmaydi, bu harakatlar birlashtirilishi ham mumkin, ammo nyuanslar bor.

Qamal

Kimyoviy kombinat hududida yashiringan garnizonni qamal qilish varianti Rossiya qo‘mondonligini qanoatlantirishi dargumon. Birinchidan, qamal qiluvchi qo‘shinlar qo‘shni Lisichansk shahridan turib muntazam ravishda artilleriyadan o‘qqa tutiladi va bu katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Qolaversa, bu shahar daryoning bu tomonida va ancha yuqorida joylashgan. Umuman olganda, amaliyotning cho‘zilishi bostirib keluvchi tomon uchun foydali emas.

Ikkinchidan, ukrainlar qarshi hujumga o‘tsa, zavod hududidan platsdarm sifatida foydalanilishi mumkin - rossiyaliklar daryoni kechib o‘tib, kuchlarini raqib nazoratidagi qirg‘oqda joylashtirishidan ko‘ra ukrainlar o‘z kuchlarini oldingi chiziqdagi harbiylari nazoratida qolayotgan uchastkaga o‘tkazishi osonroq kechadi.

Uchinchidan esa, ukrain qo‘shinini «Azot» zavodi hududidan siqib chiqarmay turib, Severodonetsk egallangani haqida hisobot berib bo‘lmaydi.

Shturm

Dushmanning o‘t ochish nuqtalari bostirilmagan (aksarining pozitsiyasi hali aniqlanmagan ham) sharoitda uzoq vaqt mudofaaga tayyorlangan bunday yirik kompleksga yuzma-yuz borish juda xavflidir. Bostirib boruvchi tomon katta yo‘qotishlarga uchrashi kafolatlanadi.

Va hatto «Azot» muvaffaqiyatli shturm qilingan taqdirda ham bu Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qoladigan Lisichansk muammosini hal qila olmaydi. Ukraina batareyalari zavod hududiga kirgan rossiyalik harbiylariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berishi mumkin.

Lisichansk ham deyarli har kuni o‘qqa tutilmoqda. Foto: Marcus Yam / Los Angeles Times via Getty Images

12 iyun kuni «Interfaks» «Lugansk xalq respublikasi» xalq kengashi vakiliga asoslanib, «Azot» zavodini shturm qilib olish rejalashtirilmayotgani haqida xabar berdi - u yerdagilar ukrain harbiylari bu yerda ham taslim bo‘lishga majbur bo‘lishini kutishadi.

Rejali o‘qqa tutish va aviazarbalar

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini butunlay yo‘q qilishning uddasidan chiqilmagani tufayli Rossiya aviatsiyadan foydalanishda cheklanishga majbur.

Mariupolni butunlay qurshovga olish boshqa ish - u yerda qamalning tashqi halqasi shahardan 100 va undan ortiq kilometrga cho‘zilgan, o‘rta va katta masofaga otuvchi havo hujumidan mudofaa tizimlari yo‘q qilingandi. Bunday sharoitda rossiyaliklarning bombardimonchi samolyotlari hech qanday to‘siqqa uchramagan holda «Azovstal» ustiga turli bombalar yog‘dirib, mudofaa istehkomlarini yo‘q qilishi mumkin edi.

Severodonetsk osmonida aviatsiya qo‘llash esa juda tahlikali - butun havo kengligi ukrainlar havo hujumidan mudofaa tizimlari kuzatuvida turibdi. Qolaversa, bu yerda qo‘qqisdan hujum qilish omili yo‘q - hujum obekti aniq, raqib qayerdan hujum bo‘lishini taxminan biladi va uni qaytarishga tayyor turadi.

Ammo ukrain pozitsiyalari bo‘ylab sillani qurituvchi zarbalar berishga qodir og‘ir artilleriya bor.

14 iyun kuni Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gaydayning xabar qilishicha, shaharni shturm qilish davom ettirilmoqda, dushman ko‘p qavatli turar joy binolarini va sanoat obektlarini vayron qilishda davom etmoqda.

«Azot» va «Stekloplastik»dagi obektlarga zarbalar berildi. Ko‘prik va oblast favqulodda vaziyatlar xizmati binosi vayron bo‘ldi, atrofdagi Sinetskiy va Pavlograd posyolkalari o‘qqa tutilmoqda. Har kuni qurbonlar haqida xabarlar kelmoqda, otishmalar to‘xtamayotgani tufayli ularga yetib borish qiyin bo‘lmoqda. Severodonetskning eski rayonlarida juda ko‘p qavatli uylar shikastlangan, ularning ayrimlarini Rossiya armiyasi shunday o‘qqa tutmoqdaki, binolar yer bilan bitta bo‘lmoqda», - degan u.

Amerikaning Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ekspertlari hisoblashicha, Rossiya armiyasi hamon Lisichanskni o‘rab olish  uchun undan janubdagi mudofaa liniyasini yorib o‘tishga yoki Shimoliy Donni kechib o‘tishga majbur bo‘lmaslik uchun unga g‘arbdan hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lishga intilmoqda.

ISW ning Ukrainadagi janglar to‘g‘risidagi kunlik hisobotiga ko‘ra, janubdagi rus qo‘shinlari Lisichansk tomon yurishni davom ettirish uchun (shimolga) Lisichanskdan janubi-sharqda joylashgan Toshkovka posyolkasiga muvaffaqiyatsiz yurish qilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top