O‘zbekiston | 11:20 / 14.06.2022
3422
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT byurosi O‘zbekistonda 2021 yilgi prezidentlik saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotini taqdim etadi

Foto: Kun.uz

Bugun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

17 iyun kunigacha davom etadigan tashrif dasturiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat organlari, jamoat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, tashrifdan asosiy maqsad 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyasining yakuniy hisobotini taqdim etishdan iborat.

Shu munosabat bilan bugun Markaziy saylov komissiyasida YeXHT DIIHB delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkaziladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2021 yilning 24 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. 

5 ta siyosiy partiya tomonidan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:

  • “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov – 3,39 foiz;
  • Ekologik partiyadan nomzod Narzulla Oblomurodov – 4,14 foiz;
  • “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov – 5,48 foiz;
  • Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisova – 6,63 foiz;
  • Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev – 80,12 foiz.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 80,12 foiz ovozini olib g‘alaba qozondi va O‘zbekiston prezidenti etib saylandi.

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 milliondan ortiq saylovchidan 80,4 foizdan ko‘prog‘i saylov jarayonlarida ishtirok etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid