Jahon | 09:20 / 14.06.2022
14101
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Germaniya kanslerini og‘ir qurollar yetkazib berishdagi kechikishlar uchun tanqid qildi 

Ukraina prezidenti Germaniya kanslerini Kiyevga og‘ir qurollarni yetkazib berishdagi kechikishlar uchun tanqid ostiga oldi. Zelenskiy Sholsni Ukraina qo‘llab-quvvatlashni kafolatlashga chaqirdi.

Foto: president.gov.ua

Germaniya kansleri Olaf Shols Berlinning Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urush bo‘yicha pozitsiyasi to‘g‘risida bir qarorga kelishi lozim. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 iyun, dushanba kuni Germaniyaning ZDF davlat-huquqiy telekanaliga bergan intervyusida aytdi

«Bizga Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi haqida kansler Sholsdan kafolat kerak. U va uning hukumati qaror qabul qilishi kerak, — dedi Zelenskiy. — Ukraina va Rossiya bilan munosabatlar o‘rtasida muvozanatda bo‘lish»ga urinish befoyda», deya ta’kidladi Ukraina rahbari. 

«Germaniya bizning ba’zi qo‘shni davlatlarimizdan biroz kechroq qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha xulosa chiqardi. Bu fakt», — dedi Zelenskiy. AQSh, Buyuk Britaniya, Boltiqbo‘yi davlatlari va Sharqiy Yevropa boshqa davlatlari zudlik bilan chora ko‘rgan bo‘lsa, Germaniya va Fransiya dastlab Ukrainani faqat siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi, dedi u. «Rossiya hukumatiga qancha odam halok bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Bu urush qancha davom etishi uni qiziqtirmaydi. Chunki u energiya resurslarini eksport qilish orqali pul topyapti. Lekin odamlarning hayotdan ko‘z yumishiga biz befarq emasmiz», - deydi Volodimir Zelenskiy. 

Ukrainaning turli darajadagi rasmiylari Germaniyani Kiyevga va’da qilingan qurollarni yetkazib berishda sust harakat qilayotgani uchun tobora ko‘proq tanqid ostiga olmoqda. May oyi oxirida Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik Olaf Sholsni yetakchilik yo‘qligida va Ukraina manfaatlariga e’tiborsizlikda aybladi. «Harbiy jihatdan Berlin Ukrainani shunchaki tashlab qo‘ydi», — dedi Melnik Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berilishini izohlar ekan. 

Keyinchalik u Shols «haqiqatan ham og‘ir qurollarni yetkazib berishni istamaydi va shunchaki o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kutayotgan bo‘lishi mumkin», deb aytdi. 

Germaniyaning o‘zida ham kansler tanqid qilinmoqda. Misol uchun, Bundestagdagi XDS/XSS fraksiyasi vakili va mudofaa qo‘mitasi a’zosi Florian Xan Cicero jurnaliga bergan intervyusida Shols «qurol yetkazib berishni ataylab kechiktirmoqda» dedi. «Afsuski, kansler Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishini, rus qo‘shinlari mamlakatdan chiqarib yuborilishi ma’nosida g‘alaba qozonishini istamaydi, deb o‘ylayman», - dedi XDS’ning mudofaa bo‘yicha eksperti Roderix Kizevetter. 

Olaf Shols Italiya bosh vaziri Mario Dragi va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda 16 iyun, payshanba kuni Ukrainaga tashrif buyurishi mumkin, deya xabar bermoqda Italiyaning La Stampa nashri. Shols bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi. 

Nashrning qayd etishicha, Yevropa ittifoqining uch mamlakati yetakchilari «Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlash» uchun birga keladi. Ularning tashrifidan bir kun o‘tib Yevrokomissiya Ukrainaning YeI a’zoligiga nomzod maqomi bo‘yicha arizasi yuzasidan xulosa berishi kerak, bu haqda avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va’da qilgan edi. 

Mavzuga oid