Jahon | 08:18 / 15.06.2022
9803
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Ruandaga noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborish niyatidan qaytmoqchi emas 

Buyuk Britaniyadan Ruandaga noqonuniy muhojirlarni olib ketmoqchi bo‘lgan samolyot qochqinlarning advokatlari tomonidan berilgan da’volar tufayli ucha olmadi.

Foto: Getty Images

Britaniya rasmiylari Ruandaga 30 dan ortiq noqonuniy muhojirni jo‘natmoqchi bo‘lgan Londondan birinchi parvoz 14 iyun, seshanba kuni so‘nggi lahzada bekor qilindi. Bunga muhojirlarning advokatlari tomonidan so‘nggi uch kun ichida Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga ular deportatsiyasini noqonuniy deb e’tirof etish talabi bilan berilgan ko‘plab da’volar sabab bo‘ldi. Seshanba kuni sud deportatsiyani Britaniya sudlari ularni olib chiqishning qonuniyligi to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilmaguncha to‘xtatishga qaror qildi. Gap, xususan, Ruandani xavfsiz mamlakat sifatida tan olish va u yerda qochqin maqomini olish tartib-qoidalari masalasi haqida ketmoqda.

Britaniya kasaba uyushmalari va Anglikan cherkovi yetakchilari ham noqonuniy muhojirlarni himoya qilib, deportatsiyani «axloqsiz» deb atashdi. Britaniya taxti vorisi shahzoda Charlz hukumat rejasini «dahshatli» deb ta’rifladi.

Avvalroq Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass samolyot bortida qancha odam bo‘lishidan qat’i nazar parvoz amalga oshirilishiga va’da bergan edi. Biroq sudga da’vo arizalari topshirilgach, samolyotda birorta ham muhojir qolmagan. Ichki ishlar vaziri Priti Patel (Ugandadan kelgan hind muhojirlarining qizi) reys ucha olmaganidan afsusda ekanligini bildirdi, ammo hukumat «kerak bo‘lgan ishni qilishda davom etishini» aytdi.

Aprel oyida bosh vazir Boris Jonson Ruanda bilan erishilgan kelishuvni e’lon qildi: Britaniya u yerga noqonuniy muhojirlarni jo‘natadi, Ruanda esa Londondan iqtisodiyotni rivojlantirish uchun millionlab dollar sarmoya oladi. Deportatsiya qilingan muhojirlar, Buyuk Britaniyaga qaysi davlatdan kelganligidan qat’i nazar, Ruandadan boshpana so‘rashi mumkin bo‘ladi. Britaniya bosh vazirining fikricha, bu odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi va kichik qayiqlarda La-Mansh bo‘g‘ozi orqali olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy biznesga chek qo‘yadi. 

Biroq, Britaniyada bu reja tanqidlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Jonsonning muxoliflari odamlarni yashashni istamagan mamlakatiga minglab chaqirim uzoqlikka yuborish axloqsizlik ekanini ta’kidlamoqda. BMT ushbu kelishuvni xalqaro huquqning buzilishi deb hisobladi. So‘nggi yillarda Buyuk Britaniyaga Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari: Suriya, Afg‘oniston, Eron, Iroq va Yamandan ko‘plab noqonuniy muhojirlar kelyapti. 

Mavzuga oid