Jahon | 08:19 / 15.06.2022
10784
3 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: G‘arb Ukrainaga ko‘proq og‘ir qurollar yuborishi kerak 

NATO bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina «Rossiya shafqatsiz bosqiniga» qarshi turish uchun g‘arbning harbiy yordamiga «mutlaqo qaram».

Foto: AFP

G‘arb davlatlari Rossiyaning mamlakat sharqidagi olg‘a siljishi oldini olish uchun Ukrainaga ko‘proq og‘ir qurollar yuborishi kerak. Bu haqda 14 iyun, seshanba kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyansning yettita davlati – Niderlandiya, Daniya, Polsha, Ruminiya, Latviya, Portugaliya va Belgiya yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng Haagadagi matbuot anjumanida ma’lum qildi

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina «Rossiyaning shafqatsiz bosqiniga» qarshi turish uchun g‘arb harbiy yordamiga «mutlaqo qaram». NATO bosh kotibining ta’kidlashicha, alyans allaqachon Kiyevga og‘ir qurollar yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha ba’zi qadamlar qo‘ygan. NATO davlatlari yetakchilari 15 iyun kuni Bryusselda ushbu yo‘nalishdagi keyingi harakatlarni muhokama qiladi. 

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy o‘sha yig‘ilishda so‘zga chiqib, G‘arb Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun «yetarlicha harakat qilmayapti», dedi. Shu bois u Kiyevga ko‘proq qurol, jumladan artilleriya jo‘natishga chaqirdi. «Agar biz Rossiyaning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ysak, keyin hech qanday bahona topishga imkon bo‘lmaydi. Bu butunlay muvaffaqiyatsizlik va Yevropa ittifoqi, qadriyatlarimiz va NATO uchun falokat bo‘ladi», dedi Moravetskiy. 

Ukraina rahbariyati bir necha bor g‘arbdagi ittifoqchilaridan davom etayotgan janglar sharoitida qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirish va tezlashtirishni so‘ragan. Volodimir Zelenskiy 14 iyun kuni urushning 111-kuni yakunlariga bag‘ishlangan videomurojaatida yana shu mavzuni ko‘tardi. Bu safar Ukraina prezidenti G‘arbning alohida e’tiborini Ukrainada raketaga qarshi zamonaviy tizimlar yo‘qligiga qaratdi. 

«Bizning havo hujumidan mudofaa kuchimiz Rossiya raketalarining «qanotlarini kesishga» muvaffaq bo‘ldi. Bosqinchilar shaharlarimizga qarata yo‘naltirgan raketalarning bir qismi urib tushirildi. Odamlar hayoti saqlab qolindi, infratuzilma saqlab qolindi. Lekin faqat bir qismi urib tushirildi. Afsuski, qurbonlar, vayronagarchiliklar bor. Bugun zarba Lvov va Ternopil oblastlariga bo‘ldi. Biz hamkorlarimizga qayta-qayta takrorlayapmizki, Ukraina raketaga qarshi zamonaviy qurollarga muhtoj. Uni taqdim etishdagi kechikishlarni oqlab bo‘lmaydi», — dedi Zelenskiy. 

Mavzuga oid