“O‘zbekneftgaz”: “G‘arbiy Quyi Surgil” koniga qarashli quduqning 4154 metr tubidan yangi tabiiy gaz olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 25 dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida “Ishchi guruh” tashkil qilinib, Davlat geologiya qo‘mitasi, “O‘zbekgeofizika” AJ va IGIRNIGM davlat muassasasi, “O‘zLITIneftgaz” AJ bilan hamkorlikda neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari, zaxiralarni ko‘paytirish, yangi va istiqbolli maydonlarni aniqlash bo‘yicha alohida ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, quduqlarni burg‘ilash va qazib chiqarish bo‘yicha mutaxassislar, muhandislar, geolog va geofiziklar hamkorligida amalga oshirilayotgan geologiya-qidiruv ishlari doirasida 2021 yilda ochilgan “G‘arbiy Quyi Surgil” konidagi 2-sonli izlov qudug‘i 4198 metr chuqurlikka muvaffaqiyatli burg‘ilandi.
Olib borilgan bir qator tahlillar natijasida, ushbu quduq tubining 4154-4059 metr oraliqlarida aniqlangan quyi yura qatlamlarini mahsuldorlikka sinash natijasida tabiiy gazning sanoat ahamiyatiga ega oqimlarini olishga erishildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi quduqdan olinayotgan mahsulotning hajmi kunlik 700-800 ming kub metrni tashkil qilmoqda. Yakuniy raqamlarga esa hozirda tegishli institutlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida aniqlik kiritiladi.
“G‘arbiy Quyi Surgil” konining hozirda mavjud uglevodorod xomashyosi resurslari 7,5 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 265 ming tonna gazkondensati mahsulotlarini tashkil qiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan hozirda ushbu kondagi ishlarni amalga oshirishda Davlat geologiya qo‘mitasi va uning tarkibidagi tashkilotlar hamda “Ustyurt qidiruv burg‘ilash boshqarmasi”ning malakali kadrlari ishtirok etishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning o‘tgan davrida “O‘zbekneftgaz”AJ bo‘yicha 758 kv.km 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi, 4 ta – Cho‘lliota, Manguberdi, Yangi Alat va Sharqiy Arslon maydonlari burg‘ilashga kiritildi va 57,0 ming metr burg‘ilash ishlari bajarildi.
Buning natijasida “Niyoz” – yangi gazkondensat koni ochilishi bilan birgalikda 2,0 mlrd. metr kubdan ortiq tabiiy gaz hamda 103 ming tonnadan ortiq suyuq uglevodorod zaxiralari ko‘paytirildi.
Yuqorida qayd etilganlardan tashqari, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Ustyurt regionida neft va gaz geologiya qidiruv ishlarini kengaytirish va jadallashtirish, yangi maydonlarni aniqlash hamda 4500 metrdan ortiq chuqurliklarda joylashgan istiqbollarni o‘zlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, respublikada neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi belgilab olinganligi, Ustyurt mintaqasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha yangi tadbirlarni loyihalashtirish, ularni maqsadli amalga oshirish, tabiiy gazning yangi konlarini ochish hamda qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash eng ustuvor vazifa qilib belgilab olingan.
Kelgusi besh yillikda “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 10 200 kv.km.dan ortiq 3D seysmik ishlarni bajarish, 100 dan ortiq yangi maydonlarni o‘zlashtirish, 925 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlarini bajarish, 290 ta quduqlarni qurilish bilan tugatish va natijada 177 mlrd.m3 atrofida tabiiy gaz hamda 6,5 mln.tonnadan ortiq suyuq uglevodorod zaxiralarini o‘stirish maqsad qilingan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024