Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi dasturi ma’lum qilindi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev joriy yil 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarboyjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini oshirish, tadbirkorlar va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyot turli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadi, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni rivojlantirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Tashrif arafasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlari o‘tmoqda.
Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni sezilarli darajada ko‘paydi. 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil yanvar-may oylarida 49 foizga o‘sdi.
O‘tgan yili Ozarboyjon hududida O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ish bo‘yicha ishlab chiqarish maydonchasi ishga tushirildi. Ipakchilik, agrar majmua, qurilish materiallari sanoati, neft-gaz, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.
Mamlakatlarda ikki tomonlama madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar, taqdimotlar va ijodiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.
Mavzuga oid
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
14:26 / 13.11.2024
BMT sudi: Armaniston va Ozarboyjonning da’volari bizning yurisdiksiyamizda
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024