Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya kompaniyasining dron yordamida butazorlar barpo etish bo‘yicha texnologiyasi O‘zbekistonda qo‘llaniladi
O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasi tomonidan Ispaniyaning “CO2 Revolution” kompaniyasi vakillari va O‘zbekiston Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilarining videomuloqoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Videomuloqot chog‘ida xorij tomoniga O‘zbekistonda o‘rmon va to‘qayzorlarni qayta tiklash, Orol dengizi qurigan hududlarida saksovulzorlar va boshqa o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlar taqdim etildi.
Bu yo‘nalishlarda “CO2 Revolution” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan innovatsiya texnologiyalarini O‘zbekistonda qo‘llash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
Kompaniya dronlar yordamida maxsus ishlov berilgan va tuproqqa tushgach qushlar, yovvoyi hayvonlar va hasharotlar tomonidan nobud bo‘lishi oldini oluvchi va keyinchalik unib-o‘sishiga ko‘maklashadigan mikroelementlar bilan boyitilgan kapsulalarga joylashtirilgan urug‘larni ekadi. Bu usul O‘zbekistonda asosan qo‘llaniladigan an’anaviy qo‘lda ekishdan ko‘ra tezroq hamda borish qiyin bo‘lgan hududlarga samolyot yoki deltaplan orqali ekish usulidan arzonroq ekani hamda urug‘ tutib ketish koeffitsiyenti yuqoriroq hisoblanishi ta’kidlandi.
Videomuloqot davomida xorij kompaniyasi vakili O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi olib borilayotgan tadbirlar va o‘rmonlarni tiklash, dorivor o‘simliklar ekin maydonlarini ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda respublika hududlariga mos keladigan urug‘larga ishlov berish va ekishda o‘z innovatsion ilmiy va texnologik yechimlarini qo‘llash orqali o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar natijasida tomonlar dastlab ekspertlar darajasida tegishli ma’lumotlar almashuvini yo‘lga qo‘yish, keyinchalik ispan kompaniyasi vakillari qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga amaliy safar uyushtirishiga kelishib olindi.
“CO2 Revolution” 2018 yil Madrid shahrida tashkil etilgan kompaniya bo‘lib, uning asosiy faoliyati o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha loyihalar barcha bosqichlarini amalga oshirishdan iborat. Kompaniya turli o‘simliklar urug‘larini tez va samarali eka oladigan dron yaratgan. Bu moslama yordamida kuniga 100 mingtagacha urug‘ ekish mumkin.