Yangi CobraJet platformasi muhim infratuzilma obektlarini dronlar tahdididan himoya qilish uchun ishlab chiqilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, apparat nafaqat oddiy, balki yuqori tezlikda harakatlanuvchi va faol manyovr qiladigan uchuvchisiz apparatlarni ham quvib yetib, ularni yo‘q qila oladi.

Besh xil modifikatsiya ishlab chiqilgan

SkyDefense CobraJetʼning beshta turli modifikatsiyasini taklif qilmoqda. Xaridorlar to‘liq elektr yoki gibrid kuch qurilmasiga ega versiyalarni tanlashlari mumkin.

Elektr variantlari qattiq holatli akkumulyatorlardan quvvat oluvchi kanalli ventilyatorlar bilan jihozlangan bo‘lib, soatiga 360 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi.

Gibrid modellarda esa qo‘shimcha turboreaktiv dvigatel o‘rnatilgan. Bu maksimal tezlikni soatiga 563 kilometrgacha oshirish imkonini beradi.

3D-printerda ishlab chiqariladi

Apparatning konstruksiyasi ugleplastik materialdan tayyorlangan bo‘lib, asosiy qismlari 3D-printer yordamida ishlab chiqariladi.

Bunday yondashuv ishlab chiqarishni arzonlashtirish bilan birga, tizimni to‘liq qayta loyihalamasdan turib modernizatsiya qilish imkonini ham yaratadi.

Vertikal uchish va qo‘nish (VTOL) imkoniyati hamda boshqariladigan tortish kuchi soplolari CobraJetʼga uchish-qo‘nish yo‘lagisiz harakatlanish va manyovr qilayotgan nishonlarni samarali ta’qib qilish imkonini beradi.

«Ona dron» vazifasini ham bajaradi

Eng yirik versiya — V10/VT10 — katta yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega.

U havoda o‘zi bilan birga qo‘shimcha dron-to‘suvchilarni ham olib yurishi mumkin. Zarurat tug‘ilganda ular ichki qurol bo‘linmasi yoki tashqi osma qurilmalar orqali uchiriladi. Bu esa uzoq davom etadigan operatsiyalarda tizim samaradorligini yanada oshiradi.