22:19 / 20.06.2022
29920

O‘zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasiga 32 yil. U qanday qabul qilingandi?

1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston tarixidagi eng muhim hujjat – Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Bugun ushbu hujjat qabul qilinganiga 32 yil to‘ldi.

Xo‘sh, Mustaqillik deklaratsiyasi qanday hujjat va uning xalqimiz uchun ahamiyati nimada? Kimlar uning qabul qilinishi uchun kurashgandi yoki qarshi bo‘lgandi?

Kun.uz shu va boshqa savollar bilan 1990-1995 yilda Oliy Kengash deputati bo‘lgan Karim Bahriyevga yuzlandi.

— Karim aka, Mustaqillik deklaratsiyasi o‘zi qanday hujjat va uning o‘zbek xalqi uchun ahamiyati nimada?

— O‘z nomi bilan deklaratsiya bu – ulkan bayonot. Tarix uchun ahamiyati juda katta. Kattaligi shundaki, u SSSR mavjud bo‘lgan va tarqamagan bir vaqtda e’lon qilingan. Ya’ni bu hujjat SSSRga qarshi isyondek va butun xalqning azmi irodasidek jaranglaydi. Masalan, biz mustaqil davlat bo‘lamiz, mustaqil davlatmiz, erkin yashamoqchimiz, o‘zimizning qonunlarimizni yaratib, o‘zimiz shunga rioya qilib yashaymiz, deya bir xalq, mamlakat va shu mamlakat vakillari chiqargan bayonot. Bu hujjat davlatning burilish nuqtasi hamda mustaqillikning boshlang‘ich nuqtasi deb qaralishi kerak.

Endi shu hujjatning taqdiriga qarasangiz, albatta, u bir ambitsiyaning qurboni bo‘lgandek bo‘ldi. Ya’niki o‘sha vaqtda shu deklaratsiyaga qarshi bo‘lgan odam keyinchalik mustaqillik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, o‘zbek xalqining mustaqilligi, O‘zbekistonning mustaqillik irodasini orqaga cho‘zdi. Agarda uni, mustaqil bo‘lgan vaqtimiz sanasini 1990 yil iyundan deb boshlasak, biz o‘sha sobiq ittifoq davlatlari tarkibida ham oldingi saflarda turib mustaqillikni e’lon qilgan bo‘lar edik. Bizdan oldin, ehtimolki, Boltiqbo‘yi respublikalaridan biri e’lon qila boshlagan edi. Bu ittifoqda oldingi safda bo‘lib, O‘zbekiston mustaqilligi e’lon qilingan edi.

Birinchidan, o‘zi doim shunday bo‘lgan, men bo‘lmagan demayman. O‘zbekiston mustaqillik deklaratsiyasi bo‘lgan va bugun bizlar birinchi bo‘lib mustaqillikka chiqqanmiz va mustaqillikni e’lon qilganmiz deb faxrlanib yursak bo‘ladi. O‘rtadagi shu hodisani eslamaslikka, bayram qilmaslikka tirishgan bir tuzum uzoq yillar eslatmaslikka harakat qildiki, bu jarayonda bizning xalqimiz bu hujjatning salobatini sezmay yashadi ancha vaqtgacha.

— Umuman, bu hujjatning qabul qilinishi, qabul qilinayotgan kunlar va mana shu hujjat qabul qilinishi uchun kurashgan, faollik ko‘rsatgan hamda bunga qarshi bo‘lgan shaxslar haqida nimalarni bilishimiz kerak, nimalarni gapirishni istagan bo‘lar edingiz?

— Albatta, boshidanoq gapirib o‘taman, har bir inson sub’yektiv bo‘ladi. Ya’ni sub’yektiv degani, har bir inson o‘z bilganini, o‘zi haq deb hisoblagan narsani gapiradi. Shuning uchun men o‘z nomimdan gapiraman, lekin vaziyat qanday edi? Vaziyat qayta qurish bo‘lgan, millatlar o‘zini anglay boshlagan, masalan, muayyan joylarda odamlar chiqib o‘zini tanklar tagiga tashlay boshlagan, boshqa bir respublikalarda norozilik bo‘layotgan, umuman, SSSRning qulab borayotgan sharoitini ko‘z oldingizga keltiring. Shunday bir sharoitda deyarli bilamanki, O‘zbekistonning xalqi ham, elitasi ham mustaqillikni istagan. Va har kimning mustaqillikdan istagan narsasi har xil bo‘ladi. Masalan, deylik, ziyoli inson, millatini sevgan inson millatining mustaqil bo‘lishini, o‘zining tili, dini, e’tiqodi, yeriga, madaniyatiga sohib bo‘lishini istaydi.

Demakki, qaysidir bir amaldor olgan poralarining ko‘p qismini Moskvaga tashigan yoki bo‘lmasam, biror qarorni qabul qilishi uchun 10 marta SSSR davlat qo‘mitasi, SSSR ministrlar soveti, SSSR hukumatidan rozilik olishi kerak bo‘lgan, ya’ni kelishishi kerak bo‘lgan hukumatdan o‘sha amaldor ham mustaqil bo‘lishni istar edi. “Qaniydi, o‘z xalqimni ajratib olsam-u, Moskva bilan qo‘shilib emas, bir o‘zim yashasam edi” – degan qaror bo‘lsa ham mustaqillikni istamaydi deya olmaymiz. Lekin shuni e’lon qilish, hujjat tayyorlash jarayonida endi, albatta, haliyam o‘sha odamlarda ham 60 yillik propaganda, tashviqotdan, tug‘ilganidan to o‘sha kunigacha SSSRni ko‘rgan, har kuni televizorda ko‘rgan bu qudratli davlat, ulkan armiya. Mana bugun ham hozir Rossiya ulug‘, baribir unga bas kelib bo‘lmaydi degan xayol bor-ku. Bunaqa emasligiga hech kimni ishontirib bo‘lmayapti. Ancha-muncha odam bor bunday. U paytda shunaqa odam, o‘sha paytda ham 80-90 foiz odam, albatta, ozodlik istar edi, O‘zbekiston mustaqil bo‘lishini istar edi – deb bobolarimiz shu yerda o‘lganini, jadidlarni, bosmachilarni xalq bilmaydi deysizmi?! Xalq hammasini biladi, bilardi.

Lekin bu qadar armiyasi bo‘lgan, bu qadar byurokratik mashinasi bor bo‘lgan bir davlatda bu narsalar juda qiyin deb tasavvur qilishar edi. Shuning uchun bilishimiz kerakki, Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilinganda mana shu vaziyat shu, qilaylik nima bo‘lsa ham, o‘lsak ham qilaylik, ertaga nima bo‘lishidan qat’i nazar bu deklaratsiyani qabul qilaylik degan millatparvar, jasoratli deputatlar, insonlar, ziyolilar va shu deputatlarning orqasida turgan harakatlar bor bo‘lishi qatorida, qanday bo‘larkan, yo‘q, noto‘g‘ri bo‘ladi deganlar ham bo‘lgan.

Masalan, mashinalarimiz boshqa davlatniki, Moskvaniki yoki ertaga traktorlar bermasa, Kamaz mashinalarini oyoq charmlari kelmasa, mashinalar ko‘chada to‘xtasa, benzin bilan o‘zimizni ta’minlay olmasak, samolyotlarimiz uchmay qolsa, biz ularga qattiq bog‘lanib qolganmiz-ku, Mustaqillik deklaratsiyasini e’lon qilsak, mustaqil bo‘lsak, ular shu narsalarni bermasa nima qilamiz – degan bir gaplar bo‘lgan va hatto zalda, jarayonda aynan shu gaplar aytilgan edi. Biz mustaqil bo‘lsak, ertaga och qolamiz – degan odamlar bor edi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top