O‘zbekiston | 19:07 / 06.11.2021
11112
13 daqiqa o‘qiladi

«Bu – dunyo bilan yovlashish». Jamoatchilik faollari ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga asos bo‘lgan qonunni qayta ko‘rishga chaqirmoqda

3 noyabr kuni «O‘zkomnazorat» tomonidan Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar bir necha soat davomida bloklandi. Bunga qadar esa iyul oyida TikTok, Twitter, Skype, VKontaktening O‘zbekistondagi faoliyati cheklangandi.

Foto: KUN.UZ

Bu harakatlar «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 271-moddasi doirasida Facebook, Google, Telegram va boshqa servislar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarini jisman O‘zbekiston hududida saqlash shartlarini bajarmagani uchun amalga oshirilgan.

Ommaviy muloqot tarmoqlarining O‘zbekiston hududida cheklab qo‘yilishi va bunga asos bo‘lgan qonunchilik noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz muxbiri bu borada jamoatchilik faollari fikrlarini keltiradi.

«Bu masalada Rossiyaga ergashish dunyo bilan yovlashish degani» — Karim Bahriyev

Karim Bahriyev

Taniqli jurnalist va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriyev O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklab qo‘yilishi haqida gapirar ekan, buni mamlakat jozibadorligiga qattiq zarba va shuningdek, dunyo bilan yovlashish siyosati, deya ta'rifladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi va unga asos bo‘layotgan qonunchilik birinchi navbatda O‘zbekistonning jozibadorligiga jiddiy zarar keltirmoqda. Vaholanki, biz shusiz ham internet erkinligi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida faxrlanarli o‘rinda emasmiz.

Ijtimoiy tarmoqlar garchi bir necha soatlarga bloklangan bo‘lsa-da, u jahondagi barcha indikatorlarda qayd etib bo‘lindi. Bu esa xalqaro tashkilotlarning biz haqimizda bir yildan keyin beradigan hisobotlarida albatta qayd etiladi.

Ikkinchidan, bu holat davlat budjetiga ham katta zarar keltirgani aniq.

Ijtimoiy tarmoqlar bloklanishidan nafaqat turli kompaniyalar va tadbirkorlar, shuningdek, xalqimiz ham zarar ko‘rdi. Chunki ular ko‘plab VPN dasturlarini yuklab oldi. Bu esa ma'lum to‘lovlar evaziga bo‘ladi.

Bu holat yana shuni ham ko‘rsatadiki, tarmoqlarni bloklash bilan xalqni axborotdan siqib qo‘yishning iloji yo‘q. Odamlar turli qurilmalar bilan baribir tarmoqlardan foydalanaveradi. Hozirgi asrda tarmoqlarni bloklash juda kulgili holat», – dedi u.

Jurnalistga ko‘ra, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishini bir amaldorning kursida o‘tirib olib qabul qilgan ahmoqona qarori, deya tushunish xato. Chunki bu ish uchun avvalo qonuniy asoslar hozirlangan edi.

«Voqealar tarixiga qarasak, tarmoqlar bloklanishiga asos bo‘luvchi qonunga yillar davomida asos hozirlangandi. Ya'ni bu qonunni avvalroq Qonunchilik palatasi va Senat qabul qilgan.

Meni xavotirga soladigan bir jihat borki, bu ishlar O‘zbekiston hukumati tomonidan Rossiya Federatsiyasi bilan parallel tarzda qilinmoqda. Aynan Rossiyada deputatlar avvalroq tarmoqlarni bloklash haqida qonun qabul qilgan va «Roskomnadzor» uni ijro qilgan edi. O‘zbekistonda ham bloklashlar xuddi shu tarzda va nomlari ham juda o‘xshash organlar qo‘li bilan amalga oshirilmoqda.

Afsuski, biz ko‘p amaliyotlarda aynan Rossiya qoliplaridan foydalanyapmiz. Bir narsani hamma bilishi kerak, odamlarni ijtimoiy tarmoqlar va internetdan, erkinlikdan cheklash bo‘yicha Rossiyaga ergashish juda katta xato. Ha, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarimiz bor, bu davlatda millionlab migrantlarimiz bor, lekin bu degani har sohada unga ergashib ketaverish, qovog‘iga qarayverish kerak degani emas.

Migrantlar muammosini keyingi to‘rt-besh yillikda rivojlangan Osiyo davlatlari va Yevropaga yo‘naltirish orqali hal qilish mumkin. Buning uchun to‘g‘ri siyosat va to‘g‘ri shartnomalar bo‘lsa bo‘ldi.

Rossiya ijtimoiy tarmoqlarni bloklash, cheklash orqali nimagadir erishdimiki, biz unga taqlid qilsak. Yo‘q, uning erishgani faqat dunyo bilan dushmanlik bo‘lyapti xolos. Bugun butun dunyo Rossiyani yakkalash siyosatini yuritmoqda. Xo‘sh, nega biz dunyo bilan yovlashish borasida Rossiya ortidan borishimiz kerak?» – dedi Karim Bahriyev.

«Tarmoqlarning bloklanishi kelajagim haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qildi» — Furqat Qurbonov

Furqat Qurbonov

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklab qo‘yilishi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bosh mutaxassisi Furqat Qurbonovni ham o‘z kelajagi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qilgan noxush voqea bo‘ldi.

«Ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi shaxsan meni kelajagim haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga majbur qildi. Chunki hayotimda Telegram, Facebook, YouTube, Instagram va oldinroq bloklangan Twitter, TikTok, Skype, Wechat kabi tarmoqlarning o‘z o‘rni bor.

Fikrimcha, raqamlashtirish asrida ushbu gigant tarmoqlarni bloklash – birinchi navbatda O‘zbekiston Konstitutsiyasining ochiqchasiga buzilishidir. Bunga esa «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, qabul qilinishi ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan xato bo‘lgan tuzatish zudlik bilan qayta ko‘rib chiqilishi shart.

Shuningdek, kelgusida ham qandaydir qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kerak bo‘lganida mas'ullar keng jamoatchilik fikrini albatta o‘rganishi kerak. Butun dunyoga sharmanda bo‘lganimiz yetar, axir.

Deputat, senatorlar va shuningdek, yana ayrim mansabdorlarning sharmandali xatosi tezda to‘g‘rilanmasa, mashhur bir voqeadagidek aravaning bitta mixi tushib qolgani tufayli jangni boy berib qo‘yishimiz mumkin», – deya fikrlarini xulosaladi Furqat Qurbonov.

«Mana shunday ziddiyatli vaziyatlarda Konstitutsion sud o‘zining oxirgi so‘zini aytish kerak» — Kamoliddin Rabbimov

Kamoliddin Rabbimov/Foto: Facebook

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklab qo‘yilishi hukumat boshqaruvidagi ziddiyatlarni ham ifodalashi mumkin.

«Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash atrofidagi voqea, qisqaroq bo‘lsa-da, alohida tahlilga loyiq masala. Bu o‘rinda, boshqaruv instansiyalaridagi siyosiy-huquqiy ziddiyatlar kuzatiladi, bitta ma'muriyat ichidagi qarashlar va manfaatlar to‘qnashuvi kuchli ekanligi anglashiladi. Aslida, bitta shaxsni yoki davlat muassasasini ayblash noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Bugungi O‘zbekistonda milliy manfaatlar borasidagi qarashlar to‘qnashmoqda, kurashmoqda. Eski instinktlar va zehniyat bir masalada ma'qullansa, boshqa vaziyatda pand bermoqda. Ichki ziddiyat hali bartaraf bo‘lgani yo‘q. Chunki yangi boshqaruv stili to‘liq shakllanib ulgurmadi, uning ba'zi tamoyillari yoki shartlari shakllandi», – deya yozadi u.

Tahlilchiga ko‘ra, tarmoqlar bloklanishiga asos bo‘lgan qonunga yetarli sharh berilmagani vaziyatni chigallashtirgan omillardan bo‘lgan.

«Kecha amalga oshirilgan bloklash qonunchilikka ishora qilingan holda amalga oshirildi. Lekin o‘sha «shaxsga doir ma'lumotlar» haqidagi qonun bandining o‘zini ham mutlaq har xil talqin qilish mumkin edi. Jumladan, avtoritar talqinga ko‘ra, bu total nazorat va tashqi dunyodan mustahkam ihotalanishni nazarda tutadi. Huquqiy-liberal talqinga ko‘ra, ushbu talab faqat davlat muassasalaridagi (masalan, IIV, DXX va h.k.) shaxslarga daxldor ma'lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishini nazarda tutadi. Lekin qonunning o‘sha moddasiga sharh berilmagani vaziyatni chigallashtirgan. Mulozimlar eski zehniyatdan kelib chiqib, avtoritar talqin yo‘lidan borishgan».

Kamoliddin Rabbimov posti davomida shu kabi ziddiyatli vaziyatlarda Konstitutsion sud oxirgi so‘zni aytishi kerakligiga ham urg‘u beradi.

«Shu kabi ziddiyatli vaziyatlarda Konstitutsion sud o‘zining oxirgi so‘zini aytish kerak. Afsuski, Konstitutsion sud negadir sharh bermaydi, vaziyatga aralashmaydi. Bu O‘zbekiston kabi katta va salohiyati o‘sib borayotgan davlat uchun jiddiy huquqiy va reputatsion yetishmovchilik hisoblanadi», – deb yozadi tahlilchi.

«Ijtimoiy tarmoqlar — so‘z erkinligining ramzi» — Doniyor Ro‘zmetov, siyosiy tahlilchi, bloger

Doniyor Ro‘zmetov/Foto: Facebook

Fransiyada yashovchi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi va bloger Doniyor Ro‘zmetov demokratik davlatlarning barchasida ijtimoiy tarmoqlar so‘z erkinligining ramzi sifatida ko‘rilishini ta'kidlaydi.

«Ijtimoiy tarmoqlar borasidagi haqiqat shuki, u so‘z erkinligining hozirgi kundagi ramzi hisoblanadi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy, jinsiy, diniy hamda irqiy farqlaridan qat'i nazar har bir inson o‘z fikri va nuqtai nazarini bildirishi mumkin. Shu sababdan dunyodagi aksariyat davlatlar ijtimoiy tarmoqlarga va u yerda bildiriladigan fikrlarga milliy qonunchilikdagi so‘z erkinliklari borasidagi qonunlar asosida yondashadi. Masalan, bildirilgan fikr kimnidir haqoratlasa, tahdid qilsa yoki qandaydir zarar keltirsa, unga tegishli chora ko‘riladi.

Ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yuvchi davlatlar so‘z erkinligi va demokratiyaning dushmani bo‘lgan davlatlardir. Internetni yopuvchi davlatlar ro‘yxatiga qaralsa, unda Xitoy, Rossiya, Belarus, Uganda, Tanzaniya, Turkmaniston, Shimoliy Koreya va shu kabi totalitar va avtoritar davlatlarni ko‘ramiz», — ta'kidlaydi tahlilchi.

Ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga sabab bo‘layotgan qonun talabini bekor qilish so‘ralmoqda

Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portaliga «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 271-moddasini bekor qilishni so‘rab jamoaviy murojaat joylandi.

«2021 yil 15 apreldan kuchga kirgan «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 271-moddasini (O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari) keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmasdan qabul qilingani, uning iqtisodiy va siyosiy oqibatlari hisoblab chiqilmagani hamda so‘nggi kunlarda jamoatchilikning qattiq noroziligiga sabab bo‘lgani tufayli bekor qilishingizni so‘raymiz.

Bundan tashqari, 271-modda asosida O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi prezident Shavkat Mirziyoyevning internet yopilmasligi haqida aytgan gaplariga zid. Bu holat O‘zbekistonning internet va so‘z erkinligiga doir xalqaro maydondagi obro‘sini ham tushirib kelmoqda.

Qolaversa, Tvitter va Tik-Tok tarmoqlari bloklangan o‘tgan davrda bildikki, xorijdagi bu tarmoqlar egalari bo‘lgan kompaniyalar o‘zlarining serverlarini O‘zbekistonga olib kelib o‘rnatish haqida o‘ylab ham ko‘rganlari yo‘q. O‘zbekiston aholisining internetdagi faol qatlami esa bu cheklovlardan VPN orqali allaqachon aylanib o‘tib ulgurishgan», deyiladi murojaatda.

Murojaat 4 noyabr kuni portal tomonidan ekspertiza uchun qabul qilingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, murojaat matni yuborilgach, Mening fikrim veb-portali moderatori (Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti) murojaatni kamida 5 nafar shaxs qo‘llab-quvvatlashi uchun murojaat tashabbuskoriga maxsus havolani jo‘natadi. Murojaat zarur miqdordagi shaxslar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, moderator tomonidan 15 kunlik ekspertizaga qabul qilinadi.

Ishchi komissiya moderatorning ekspertizasidan keyin murojaatni Mening fikrim veb-portaliga joylashtirish yoki joylashtirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Ishchi komissiyaning ijobiy qarori olingan taqdirda murojaat moderator tomonidan Mening fikrim veb-portaliga umumiy ovoz berish uchun joylashtiriladi.

Xulosa: Yuqorida ta'kidlanganidek, rivojlangan demokratik davlatlarda ijtimoiy tarmoqlar allaqachon so‘z erkinligining ramziga aylanib ulgurgan. Bu borada O‘zbekiston ham rivojlanishning fuqarolar erkinliklari ustun bo‘lgan demokratik jamiyat tanlovini qilgan davlat. Shunday ekan, hukumat tepasida bo‘lgan mas'ullar fuqarolarning so‘z erkinligi bo‘yicha huquqlarini ham hurmat qilishi lozim. Bu huquqlarga xavf tug‘diruvchi har qanday qonun va qo‘shimchalar esa supurib tashlanishi shart.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Mavzuga oid