Jahon | 10:49 / 21.06.2022
19028
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid kechagi kun rasmiy xabarlari va yangiliklarning qisqacha sharhi bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xalqaro siyosiy studiyalar institutining global siyosat bo‘yicha forumi ochilishida Rossiya armiyasi Xarkivga hujum qilish va Slovyanskni egallash uchun kuch to‘playotganini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Ayni paytda rossiya armiyasi Xarkivga yana hujum qilish uchun kuch to‘plamoqda. Biz bu hududni okkupatsiyadan xalos etgan edik. Ular yana bosib olishni istashmoqda, biz buni ko‘rib turibmiz. U yerda bir yarim million aholi yashaydi. Mikolayiv shahrini ham doim bombardimon qilishmoqda – u yerda qariyb million kishi yashaydi. Slovyansk shahrini egallab, to‘liq vayron qilishmoqchi — urushgacha u yerda yuz ming aholi yashagan», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Ukraina okkupantlarni to‘xtatish va odamlarni himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini, biroq buning uchun ularga zamonaviy qurol va qo‘llab-quvvatlov kerakligini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich urush boshlanganidan buyon Ukraina armiyasi 10 ming askarini qurbon bergani, yana 30 ming kishi yaralangani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

«Shuni hisobga olish kerakki, yaralanganlarning 96–98 foizi yana armiyaga qaytish istagini bildirishgan», — degan Arestovich.

Ukrainada quriladigan barcha yangi turar joylar bombadan himoya qiluvchi panajoylarga ega bo‘lishi shart. Ukraina Oliy radasi bu haqda qonun qabul qildi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi avvalgi sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Shaxsiy tarkib — 200 nafar (24 fevraldan buyon — 33800), tanklar — 9 ta (1477), zirhlangan jangovar texnika — 11 ta (3588), artilleriya /birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari — 4/3 ta (749/238), havo hujumidan mudofaa tizimlari — (97), samolyotlar/vertolyotlar — 0/0 (216/181), operativ-taktiv pilotsiz uchar qurilmalar — 3 ta (601), qanotli raketalar — 0 (130), avtomobil texnikasi va yonilg‘i sisternalari — 4 ta (2527), kemalar/katerlar — (13), maxsus texnika — (55).

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya endi hech qachon g‘arb davlatlariga ishonmasligini ta’kidlagan. Bu haqda u NBC telekanali muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Foto: TASS

«Ha, bu juda uzoq davom etuvchi jarayon bo‘ladi. Biz ortiq hech qachon G‘arbga ishonmaymiz», — degan Peskov.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Odessadagi Arsiz aeroportiga zarba berilgan. 12 ta artilleriya vzvodi, 11 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi va 2 ta M777 gaubitsasi yo‘q qilingan.
  • Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan Ukraina QK tirik kuch va texnikalarning 47 ta nuqtasi yo‘q qilingan.
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukrainaning MiG-29 samolyoti, 9 ta pilotsiz uchar qurilmasi urib tushirilgan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan tirik kuchlar va harbiy texnikasi jamlangan 148 ta nuqtasi, artilleriya bo‘linmalarining 59 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. 450 askar, 13 ta tank, 16 ta maxsus avtomobil yo‘q qilingan.
  • Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 208 ta samolyot, 132 ta vertolyot, 1260 ta pilotsiz uchar qurilma, 345 ta zenit raketa majmualari, 3696 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 576 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 2055 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3731 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.

 

Ukrainaga ko‘mak

Yaqin kunlar ichida Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun 9 mlrd yevrolik moliyaviy paket detallarini uzil-kesil oydinlashtiradi, deb yozadi Bloomberg. Kiyevga yangi yordam paketi «qarzning asosiy summasini qaytarishga 10 yillik imtiyoz davriga ega 25 yillik kredit»dan iborat bo‘ladi. Nashr manbalariga ko‘ra, foizlar YeI budjetidan qoplanadi.

Yevropa Ittifoqi 2022 yil so‘ngiga qadar Ukrainaga 9 mlrd yevrolik kredit berishi haqida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen e’lon qilgan edi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. Foto: aussiedlerbote.de

Pentagon harbiy yordamning navbatdagi transhi doirasida Ukrainaga 4 ta raketa qurilmasi jo‘natishga tayyorlanmoqda, deb yozadi Politico nashri.

Ukraina va Buyuk Britaniya Ukrainani infratuzilmaviy tiklash to‘g‘risidagi memorandum imzoladi. Tomonlar jarayonda Britaniya biznesi vakillari ishtirok etishini ham kelishib olishdi.

Kanada va Niderlaniya ham Ukrainani tiklashda yordam berishadi. Bu haqda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo niderlandiyalik hamkasbi Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatda bayon qilishgan.

Tayvan Buchani tiklash uchun mablag‘ beradi. Bu haqda Bucha shahri rahbari Anatoliy Fedorukning Tayvan tashqi ishlar vaziri Jozef Vu bilan onlayn uchrashuvida kelishuvga erishilgan.

Tayvan tashqi ishlar vaziri Jozef Vu. Foto: catdumb.com

«Bizga agressorlarning Bucha shahrida qoldirgan azoblari, qotilliklari va vayronagarchiliklari ma’lum. Buchadagi vahshiylik — bu sudda javob berilishi, aybdorlar jazolanishi kerak bo‘lgan harbiy jinoyatlardir. Tayvan kelgusida ham ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlaydi va tiklanishda yordam qo‘lini cho‘zadi», — degan Jozef Vu.

AQShning 82-havo desant brigadasi Polshaga keldi. Ular Ukraina harbiylarini o‘qitish bilan shug‘ullanishadi.

Vengriya Ukraina bug‘doyini Qora dengiz portlaridagi an’anaviy yo‘nalishlar blokada qilingani fonida o‘z hududi orqali chiqarishda yordam berishi mumkin, degan Vengriya TIV rahbari Peter Siyyarto.

«Biz Ukrainadan jahonning boshqa qismlari, asosan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqqa jo‘natilayotgan har qanday oziq-ovqat mahsulotlarini Vengriya hududi orqali o‘tkazish taklifini e’lon qildik», — degan Siyyarto.

 

Sanksiyalar, oqibatlar va ularga qarshi choralar

Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Andrey Kelinga «alohida ko‘rsatmaga qadar» Britaniya parlamenti binosiga kirish taqiqlab qo‘yildi. The Guardian nashriga ko‘ra, taqiq Britaniyada akkreditatsiyalangan barcha rus diplomatlari va rasmiy shaxslariga ham taalluqli.

Estoniya 10 iyuldan boshlab Rossiyadan sanksiya ostiga tushgan tovarlarni  jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilishiga taqiq joriy qildi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya oligarxlari hamda urush tarafdorlari bo‘lgan boshqa insonlarga tegishli aktivlarni muzlatish so‘nggi ikki oy ichida ikki barobarga oshgan: agar aprel oyida ularning umumiy summasi 6,7 mlrd yevro bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib 12,5 mlrd yevroga yetgan, degan Yevrokomissiya vakili Kristian Vigand. DW’ga ko‘ra, bu summa ichiga yaxta, vertolyotlar, ko‘chmas mulk, san’at asarlari kirgan. Biroq Rossiya bankining aktivlari hisobga olinmagan.

Yevropa Ittifoqi Qrim annexiasi uchun Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarini bir yilga — 2023 yilning 23 iyuniga qadar uzaytirdi. Sanksiyaga ko‘ra Qrimdan mahsulotlar importi to‘liq, ayrim tovarlar va texnologiyalar eksporti, shuningdek, infratuzilma va moliyaviy sohalariga investitsiya kiritish taqiqlanadi.

YouTube videohostingi RFning Birinchi kanaliga tegishli «Modniy prigovor» i «Davay pojyenimsya» televizon shoulari akkauntlarini bloklab qo‘ydi. «Kim millioner bo‘lishni istaydi» ko‘rsatuvi kanali ham bloklangan.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya propagandasining Ukrainaga qarshi urushni alangalatishdagi rolini o‘rganib chiqadi. Kutilishicha, Xavfsizlik Kengashi a’zolari va taklif etilgan davlatlar vakillari urush sabablari borasida bayonot berishadi. Jumladan, uning alangalashida Rossiyadagi propaganda va nafrat tilining roli haqida so‘zlashadi.

Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod statusini taqdim etish masalasi allaqachon hal bo‘lgan, degan Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau.

Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau. Foto: argumentiru.com

«Hozir bu status taqdim etilmasligini tasavvur qilish qiyin. Yakdillik bor. Aftidan, bu masala allaqachon hal bo‘lgan», — degan Rau YeI davlatlari TIV rahbarlarining Lyuksemburgdagi uchrashuvida.

NATO agar Rossiya tarafi shunday xatti-harakatlarga birinchi bo‘lib qo‘l ursa yadroviy quroldan foydalanishga tayyor bo‘lishi kerak, degan Germaniya HHK bosh qo‘mondoni, general Ingo Gerxarts Bild nashrida bergan intervyusida.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid