Yaqinda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan edi. Tuzatishlar shaxsning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashashga bo‘lgan huquq va erkinliklarini aniqlashtirish, shaxs huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, ushbu huquqlar turli bahonalar ostida cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Bu haqda Konstitutsiyaning 28-moddasida aytiladi.

Erkinlik huquqi – bu barcha odamlarning o‘z shaxsiy erkinligi, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish erkinligi va yashash joyini tanlash erkinligidir. Yangi qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartirishlarning aksariyat qismi shu yo‘nalishga, jumladan, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashash joyini tanlash erkinligiga tegishli.

Ba’zi foydalanuvchilarda savollar yuzaga kelishi mumkin. Xususan, Konstitutsiyaning 28-moddasida fuqarolarning respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqi belgilab qo‘yilgani qayd etilgan. Unda bu moddalarga o‘zgartirishlar kiritish zaruriyati nimada va ularning aholiga qanday foydasi bor?

Ta’kidlash zarurki, taklif etilayotgan tuzatishlar, birinchi navbatda, shaxsning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashashga bo‘lgan huquq va erkinliklarini aniqlashtirish, shaxs huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, ushbu huquqlar turli bahonalar ostida cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Masalan, amaldagi Konstitutsiyaning 28-moddasida shunday deyilgan:

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”.

Agar o‘zgartirishlar qabul qilinsa va kiritilsa, u quyidagi tarzda ifodalanadi:

O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy ravishda bo‘lgan har bir shaxs respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish, kelish va yashash joyini tanlash huquqiga ega, qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar bundan mustasnodir.

Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga to‘siqsiz qaytish huquqiga ega”.

Ta’kidlash mumkinki, taklif etilayotgan tahrirda mavjud me’yorlar aniqlashtirilgan, xususan, nafaqat fuqarolarning, balki mamlakatimizda qonuniy asosda yurgan har bir kishining bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish, yashash joyini erkin tanlash va respublikadan tashqariga chiqish huquqlari mustahkamlangan.