O‘zbekiston | 12:08 / 29.11.2025
7817
2 daqiqa o‘qiladi

Baxshillo Xo‘jayev Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlandi

Xo‘jayev Baxshillo Kamolovich Toshkent davlat yuridik universitetiga rektor etib tayinlandi. U tayinlovga qadar mazkur OTMda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Baxshillo Xo‘jayev 1982 yil 25 iyunda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, yuridik fanlar doktori, professor, 2-darajali adliya maslahatchisi hisoblanadi.

U 2004 yilda Toshkent davlat yuridik instituti bakalavriatini, 2006 yilda esa shu ta’lim muassasasining magistratura bosqichini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2004–2005 yillarda «Mezon xususiy xizmati» advokatlik firmasi advokat yordamchisi sifatida boshlagan. 2006–2013 yillar davomida Toshkent davlat yuridik institutining «Xo‘jalik huquqi va xo‘jalik protsessual huquqi» kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, shuningdek 2-Huquq fakulteti dekani o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2013–2014 yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining Biznes huquqi kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2014–2018 yillarda Yaponiyaning Nagoya universitetida qiyosiy huquqshunoslik yo‘nalishida doktoranturada tahsil olgan.

Keyinchalik, 2018–2019 yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i va direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019–2020 yillarda Adliya vazirligi Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020 yilda Toshkent davlat yuridik universitetining Biznes huquqi kafedrasi mudiri, 2020–2022 yillarda Xususiy huquq fakulteti dekani bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston adliya vazirining 2022 yil 12 maydagi buyrug‘iga muvofiq, Baxshillo Xo‘jayev Toshkent davlat yuridik universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlangan edi. Yangi qarorga binoan, endi u ushbu oliy ta’lim muassasasi rektori sifatida faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid