Jahon | 20:01 / 30.06.2022
34319
11 daqiqa o‘qiladi

Ular aybsiz ekaniga ishonishardi, ammo... Nohaq qatl etilganlar

Tarixda ko‘plab odamlar tergov va sudlarning xatosi tufayli nohaq ayblanib, qatl qilingan. Ayrimlari tirikligida, ayrimlari qatldan so‘ng oqlangan. 

Elektr stulda o‘lim jazosini amalga oshirishga tayyorgarlik (AQSh. Emaze.com) 

Odil sudlovni izlab 

Dunyoning hech bir davlatida bexato ishlaydigan adliya tizimi yaratilmagan.  Bu esa agar o‘lim jazosi amalda bo‘lsa, aybsiz odamlar o‘limga mahkum qilinishi muqarrar ekanini anglatadi. 

Amerikada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 1987 yilda 349 odam nohaq o‘lim jazosiga hukm qilingan, ularning 23 nafariga nisbatan hukm ijro etilgan. Boshqa tadqiqotda 1978–2007 yillarda o‘limga mahkum qilingan insonlarning 126 nafari keyinchalik oqlangani haqida ma’lumot beriladi. 

O‘lim jazosini bekor qilish tarafdorlari sud xatosi juda qimmatga tushishini ta’kidlashadi. Chunki hukm qayta ko‘rib chiqilgan taqdirda ham, insonning hayotini qaytarib bo‘lmaydi. Qatldan keyin biroz vaqt o‘tgach, aybsiz ekani ma’lum bo‘lib, oqlangan insonlar sud tarixida juda ko‘p uchraydi. Ayrim misollarni keltiramiz. 

1. Stinni Jorj 

Qayg‘uli ro‘yxatda amerikalik o‘smir Stinni Jorj alohida o‘rin egallaydi. U XX asrda qatl etilgan eng yosh mahkum bo‘ldi – hukm ijro etilgan paytda u 15 yoshga to‘lmagan edi. 

Stinni Jorj (diletant.media) 

Jorj 1944 yilda 8 va 11 yoshli ikki qizning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha sudlangan. Jinoyat Janubiy Karolinaning Alkolu shahrida sodir etilgan. Shaharcha temiryo‘l bilan ikki qismga – oq tanlilar va qora tanlilar yashaydigan hududga bo‘lingan. 

Stinni Jorj qora tanlilar hududida yashagan. Mart oyidagi kunlardan birida ikki qizaloq gul terish maqsadida velosipedda o‘sha hududga yo‘l olishadi. Keyinchalik ularning jonsiz tanasi ariqdan topiladi. 

Tergov talqiniga ko‘ra, Stinni ular bilan gaplashgan eng so‘nggi inson edi. Surishtiruv 3 oy davom etadi. O‘smirning ota-onasi ommaviy o‘zboshimcha suddan qo‘rqib, shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. 

Sud jarayoni ham tez o‘tgan – asosiy ko‘rsatmalar politsiya tomonidan beriladi, ular “ishda ishtirok etgan shaxs qotillikni tan oldi” qabilidagi ko‘rsatmani berishadi. Hakamlar hay’ati 10 daqiqalik muhokamadan keyin Jorjni aybdor deb topadi. 1944 yil 16 iyunda u elektr stulda qatl qilinadi. Yosh mahkum qatldan oldin yig‘laydi. 

Bu ish tafsilotlari faqat 2013 yilda oydinlashgan. Bir qancha dalil uning aybsiz ekanini ko‘rsatadi va qatl etilganidan 70 yil o‘tib, 2014 yilda takroriy sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Unda Stinni Jorj aybsiz deb topiladi va oqlanadi. 

2. Kolin Kempbell Ross 

Avstraliyalik Kolin Kempbell Rossni reabilitatsiya qilish uchun deyarli 90 yil kerak bo‘ldi. U 12 yoshli Alma Tirshkeni zo‘rlash va qotillik ishi bo‘yicha 1922 yilda osib o‘ldirilgan. 

Kolin Kempbell Ross (diletant.media) 

Ross o‘z qovoqxonasiga ega edi. Unga qarshi asosiy dalil to‘shagidan topilgan sarg‘ish soch tolasi bo‘lgan. Prokuror sudni soch tolasi aynan jabrlanuvchiga tegishli ekaniga ishontirgan. Ross o‘zining aybdor ekanini umuman tan olmagan. Shunga qaramay, u o‘limga hukm qilindi va to‘rt oydan keyin osildi. 

90-yillarning o‘rtalarida jinoyat ishi materiallari tadqiqotchi Kevin Morganning ixtiyoriga tushadi. U soch tolasi jabrlanuvchiga tegishli ekanini tekshirish uchun zamonaviy usullardan foydalangan. Natijada prokuror ayblovi tasdiqlanmagan. Bu haqda Morgan shov-shuvli kitob yozadi. 

Ross va Tirshke avlodlari ishni qayta ko‘rib chiqishni talab qilishadi. Viktoriya shtati Bosh prokurori ayblov xulosasi noto‘g‘ri bo‘lganini tan oladi va Oliy sud qatl etilgan Rossni aybsiz deb topib, reabilitatsiya qiladi. 

3. Uilyam Xebron 

1876 yilda britaniyalik Uilyam Xebron o‘limga mahkum etiladi. Londonda yashovchi 18 yoshli yigit politsiyachini o‘ldirishda ayblanib, hibsga olingan. 

Sud taqdim etilgan dalillarni yigitni osish orqali o‘limga hukm qilish uchun yetarli deb topadi. Ammo qonunga ko‘ra, faqat 19 yoshdan boshlab o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkinligi uni qutqarib qoladi. 

Xebronning yana bir necha oy umri bor edi. Bu vaqt ichida ishning yangi tafsilotlari ochiladi. Bu esa advokatlarga hukm ustidan shikoyat qilish imkonini beradi: o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. 

Bir necha yil o‘tgach, 1879 yilda yana bir jinoyatchi-retsidivist Charlz Pis Xebronning “bo‘yniga ilingan” politsiyachini o‘ldirganini tan oladi. Xebron o‘lim jazosi xavfi va umrbod qamoq jazosi azoblarini boshidan kechirib, nihoyat oqlanadi va ozodlikka chiqadi. Kompensatsiya sifatida Xebronga 800 funt to‘langan. 

4. Xitoycha odil sud: Xuujilt ishi 

Ichki Mo‘g‘uliston poytaxti Xux-xoto shahridagi jamoat hojatxonasida ayolni zo‘rlash va o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat ishi Xitoyda juda katta mojaroga sabab bo‘lgan. 

Xuujilt sud mahkamasida ( diletant.media) 

Jinoyat 1996 yil yanvar oyida sodir etilgan bo‘lib, huquq-tartibot idoralari xodimlari zudlik bilan Xuujilt ismli mahalliy fuqaroni qo‘lga olishgan. U o‘z aybiga iqror bo‘ladi, sudlanadi va iyun oyida qatl etiladi. 

Bu voqealar qariyb 10 yil davomida esga olinmaydi. Agar manyak-qotil Chjao Chjixun hibsga olinmaganida batamom unutilib ketardi. U 10 ta zo‘rlash va qotillik bilan bog‘liq jinoyatlar, jumladan Xuujilt qatliga sabab bo‘lgan jinoyat bo‘yicha ham javobgarlikni zimmasiga oladi. 

1996 yilgi ish yangi sud muhokamasiga qaytariladi. 2014 yil dekabr oyida Xuujiltga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi hukmi bekor qilinadi. Sud Xuujilt ishini ko‘rib chiqishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oladi. 

Xuujiltning qarindoshlariga Xitoy standartlari bo‘yicha “katta miqdorda” tovon puli: 30 ming yuan, deyarli 5 ming dollar to‘lab berilgan. 

Tergov natijalariga ko‘ra, Xuujilt bosim ostida jinoyatni tan olgani aniqlanadi. O‘ttizga yaqin mansabdor shaxs javobgarlikka tortiladi. Mojaro shu qadar katta ediki, u Butunxitoy Xalq vakillari kengashi va Xalq siyosiy maslahat kengashi sessiyalarida sud va prokurorlarning yillik hisobotining asosiy mavzusiga aylanadi. 

5. Soxta Chikatilo 

O‘lim jazosi ijro etilgan, ammo keyinchalik hukm bekor qilingan eng mashhur rossiyalik mahkum Rostov viloyati, Shaxti shahrida istiqomat qiluvchi Aleksandr Kravchenko edi. 

Aleksandr Kravchenko (diletant.media) 

U 1978 yil dekabr oyida 9 yoshli maktab o‘quvchisini zo‘rlash va shafqatsizlarcha o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. Kravchenko oldin ham 10 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va qotillik uchun qamoq jazosini o‘tagan edi. Bu holat uning asosiy gumondor bo‘lishiga zamin yaratadi.

Biroq bu safar Kravchenkoda alibi bo‘lgan. Shuning uchun ham uni qo‘yib yuborishadi. Lekin bir necha oy o‘tgach, o‘g‘rilikda gumonlanib, yana qo‘lga olinadi. So‘roq paytida u shov-shuvli qotillikni ham bo‘yniga olgan. 1979 yil 16 avgustda Rostov viloyat sudi Kravchenkoni o‘limga hukm qiladi. Mahkum ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga tuhmat qilinganini yozgan. Shundan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqilib, jazo 15 yillik qamoqqa almashtiriladi. 

Ammo marhum qizning qarindoshlari hukmdan norozi bo‘lib, shikoyat yo‘llashadi. 1982 yil mart oyida ish uchinchi marta ko‘rib chiqiladi, Kravchenko yana o‘limga hukm qilinadi va keyingi yil otib tashlanadi. 

Keyinchalik 1978 yildagi qotillikni rostovlik boshqa manyak – Andrey Chikatilo bo‘yniga oladi. 1991 yilda Kravchenko aynan shu ish bo‘yicha oqlanadi.

Endi Dyufreyn rolida aktyor Tim Robbins, Red rolida aktyor Morgan Friman («Shoushenkdan qochish» filmi lavhasi)

 6. Endi Dyufreyn (to‘qima personaj) 

Stiven King asari asosida rejissyor Frenk Darabont tomonidan suratga olingan «Shoushenkdan qochish» filmi qahramoni Endi Dyufreynni kim ham tanimaydi deysiz. U ham sud tomonidan nohaq aybdor deb topilgan va umrining deyarli 20 yilini qamoqda o‘tkazgan. Yuqoridagi qahramonlardan farqli o‘laroq, Dyufreynning hukmi bekor qilinmagan, ammo u qamoqdan qochib, ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Filmni tomosha qilib, nohaq aybdor deb topilgan va ko‘p yillar davomida ozodlikdan mahrum qilingan insonlarning kechinmalari haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. 

Dyufreyn 2 ta umrbod qamoq jazosini oladi, vaholanki u o‘limga mahkum etilishi ham mumkin edi. Agar shunday bo‘lganida, Endining qamoqdan tirik chiqishi dargumon edi. 

O‘lim jazosi qo‘llanadigan mamlakatlar (Amnesty international)

Inson faoliyatining har qanday sohasi kabi sud ham xatolardan xoli emas. Ammo bu xatolar inson hayoti bilan bog‘liq, uni esa qaytarib bo‘lmaydi. Yuqoridagi misollar dengizdan tomchi, xolos. 

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Mavzuga oid