O‘zbekiston | 13:55 / 30.06.2022
10446
3 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkasi olib qo‘yilgani munosabati bilan egasiga noqulayliklar uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Foto: Kun.uz

Qonunga asosan, yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan quyidagilar kompensatsiya qilinadi:

  • olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkning bozor qiymati;
  • olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bozor qiymati (bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan ijara huquqi mustasno);
  • olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlar bozor qiymati;
  • ko‘chish, shu jumladan boshqa ko‘chmas mulkni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar;
  • yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulkdan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk bo‘shatib qo‘yilgan paytdan e’tiboran avvalgi faoliyatni tiklashgacha bo‘lgan, biroq 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin bo‘lgan foyda hisobga olinadi);
  • huquq egasi qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari.

Yer uchastkasi olib qo‘yilgani munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilgani uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi.

Huquq egasiga tegishli bo‘lgan, olib qo‘yilgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan, ushbu turar joyga 15 yil (egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat) mobaynida xuddi o‘z mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu ko‘chmas mulk obektlari uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk obektlari qiymati o‘rni qoplanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid