O‘zbekiston | 01:03 / 03.07.2022
28054
3 daqiqa o‘qiladi

«Prezident xalq Konstitutsiyasi bo‘lishini aytgan edi va o‘z so‘zida turdi» - Azamat Seitov

Sotsiolog Azamat Seitovning aytishicha, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlar o‘z fikrini qonuniy tarzda bildirib kelgan butun qoraqalpoq xalqining irodasi emas. Ayrimlar populistik qarashlar ortidan o‘z fikrini izhor qilishning noqonuniy yo‘llariga o‘tgan. Lekin norozilikning bunday destruktiv shakllari o‘sishi jamiyatga doim ham foyda keltirmaydi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchisi, sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent Azamat Seitov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Qoraqalpog‘istonda so‘nggi kunlarda yuz bergan voqealar haqida fikr bildirdi.

— Azamat aka, xabaringiz bor, so‘nggi kunlarda tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan norozilik oqibatida namoyishlar bo‘layotgani haqida lavhalar tarqaldi. Siz sotsiolog sifatida qoraqalpog‘istonliklarning bu reaksiyasini qanday baholaysiz?

— Bilamiz, parlament tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi. Afsuski, bu hali loyiha ekani, takliflar olinishda davom etishi aytilganiga qaramasdan, ba’zilar buni yangi Konstitutsiyaday qabul qildi. Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatmasdan takliflarni olishda davom etishi ham aytilgan edi.

Asosiy noroziliklar Konstitutsiyaning 70-75 moddalariga aloqador edi. Konstitutsiyaviy islohotlar boshlanishidayoq hukumat takliflar berish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni yaratib qo‘ydi.

Dastlab fleshmob shaklida, keyinroq esa manipulyatsiya texnologiyalari orqali bu muhokamalar o‘sib, noqonuniy mitinglarga aylanib ketdi. Alohida aytishim kerak, bu namoyishlar o‘z fikrini qonuniy tarzda bildirib kelgan butun qoraqalpoq xalqining irodasi emas edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirda qabul qilinayotgan Konstitutsiya xalq konstitutsiyasi bo‘lishini aytgan edi va davlat rahbari o‘z so‘zida turdi. Nukusga tashrif buyurib, xalq vakillari va faollarning so‘zlarini tingladi hamda xalq norozi bo‘lgan normalarga o‘zgartirishlar kiritilmasligini ta’kidladi.

Bugun aholining huquqiy savodxonligi oshgan, hamma hujjatlarni o‘qib o‘rganmoqda. Lekin, ayrimlar populistik qarashlar ortidan o‘z fikrini izhor qilishning noqonuniy yo‘llariga o‘tib olishi ham bo‘lmoqda. Bir narsani tushunish kerak, demokratik islohotlarning bo‘layotgani bizga erkin fikr bildirish bilan birga mas’uliyat ham beradi. Fikr bildirish va norozilikning bunday destruktiv shakllari o‘sishi jamiyatga doim ham foyda keltirmaydi.

Afsuski, biz buni post sovet hududlaridagi ko‘plab salbiy misollarda ko‘rib kelmoqdamiz.

Mavzuga oid