O‘zbekiston | 19:00 / 04.07.2022
26175
4 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on axborotlarga aldanib qolmang!

Foto: Gazeta.uz

Mamlakatimizda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini amalda ta’minlashga, davlatimizni yanada rivojlantirish, davlat tashkilotlari va xalq o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan samarali hamkorlik yaratish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlashga qaratilgan Konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasi jarayonida, Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan tashvishli voqealarni aholimiz xavotir va iztirob bilan qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealar va buzg‘unchilik harakatlarida ayrim yoshlar ishtirok etishining asosiy sababi, bu jarayonda yolg‘on axborotlarni tarqatishning zamonaviy texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanilganidir. Ayrim siyosatchilar va mutaxassislar buni gibrid urushi, ayrimlari axborot bilan ta’sir etish, bir guruhi rangli inqilob degan nomlar bilan atashadi. Nomlari turlicha bo‘lishiga qaramay, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, aholi o‘rtasida g‘oyaviy qarama-qarshilikni, bir-biroviga nisbatan dushmanlik hissini keltirib chiqarish orqali jamiyatni parokanda qilish, olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iboratligini kuzatdik.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda katta ishlar boshlangan, bu ishlarning davom etishiga barcha sharoitlar va imkoniyatlar bor, bu jarayonga to‘sqinlik qiladigan har qanday harakatlar uchun qonun doirasida javob beriladi. Lekin buzg‘unchilar va ularning tashkilotchilari O‘zbekiston davlatining bunday harakatlarga murosasizligini bilishsa ham, yangi sharoitda bir sinab ko‘rishga harakat qilishdi. Biroq bir narsada xato qilishdi, bizning davlat ko‘rganligimizni, bunday ig‘vogarlik va jinoyatchilikni tag-tomiri bilan yo‘qotishga kuchimiz va qurbimiz yetarli ekanligini hisobga olmaganlar. Shuningdek, ular O‘zbek va Qoraqalpoq xalqini ajratib bo‘lmasligini, ular o‘rtasiga hech qachon raxna sola olmasliklarini bilishmagan va bu yaqqol ko‘rinib qoldi. Eng asosiysi, rahbariyat juda katta tezlikda tegishli choralarni ko‘rib, davlat to‘ntarishi uchun qilinayotgan harakatlarning qonun asosida oldini oldi. Muhimi, hamma davlatimizning har qanday sharoitda hududiy yaxlitlikni, barqarorlikni saqlash qobiliyatiga ega ekanligini his qildi.

Bo‘layotgan voqealarga fikr bildirish, o‘z mulohazalarini ilgari surish tabiiy hol, lekin axloqiy jihatdan ham, professional jihatdan ham, quyidagi jihatga e’tibor berish kerak, deb o‘ylayman. Ya’ni ehtiroslarga berilmasdan, xalq, inson va davlat, milliy manfaatlardan kelib chiqib baho berish kerak. Gap shundaki, professional bilimga va vatanparvarlik hissiga ega bo‘lmasangiz, dunyoda hukmron bo‘lgan hozirgi qaltis va o‘ta murakkab bir sharoitda sizning aytgan fikringiz, ilgari surayotgan g‘oyangiz salbiy harakatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Jo‘rayev S.A,
siyosiy fanlar doktori, professor  

Mavzuga oid