Jahon | 21:11 / 05.07.2022
11946
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroning dollarga nisbatan qiymati oxirgi 20 yildagi minimum darajada pasaydi

2022 yil oxiriga borib yevro qiymati dollar bilan teng bo‘lishi ehtimoli 60 foizni tashkil etadi, deb hisoblamoqda tahlilchilar.

Foto: Getty Images

Yevroning dollarga nisbatan kursi 1,0281 dollarga pasaydi — bu 2002 yil dekabrdan buyon qayd etilgan minimum hisoblanadi, deb yozadi Bloomberg.

Agentlikning yozishicha, kurs investorlarning Yevropa valutasiga nisbatan qiziqishi pasaygani sababli tushmoqda: ular Yevropa markaziy banki inflatsiyaga qarshi kurashish uchun asosiy stavkani ko‘tarishini kutmoqda.

Bundan tashqari, bozor qatnashchilari Yevrohudud iqtisodiyotida retsessiya boshlanishidan xavfsiramoqda.

2022 yil oxiriga borib yevro qiymati dollar bilan teng bo‘lishi ehtimoli 60 foizni tashkil etadi, deb hisoblamoqda tahlilchilar. Qayd etilishicha, 4 iyul kuni bu ehtimol 46 foiz deb baholangandi. 

Iyun oyida Yevrohududda yillik inflatsiya 8,6 foizga tezlashdi. Narxlar asosan energiya, mahsulotlar, alkogol va tamaki narxining keskin qimmatlashi sababli oshmoqda.

Yevropa markaziy banki inflatsiyaga qarshi kurashish uchun pul-kredit siyosatini keskinlashtirishga tayyorligi haqida tashkilot prezidenti Kristin Lagard may oyidayoq ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktivlarni sotib olish dasturi yakunlanishi bilan asosiy stavkalarni oshirish boshlanadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid