O‘zbekiston | 17:30 / 06.07.2022
19544
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi voqealarda halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Prezident shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor avvalida Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Bu yerda sodir bo‘lgan noxush voqealar barchamizda tashvish va iztirob uyg‘otishi tabiiydir.

Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi.

Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman.

Mana shunday daqiqalarda tinchlik va inson hayoti naqadar bebaholigini, uni asrab-avaylash naqadar muhim ekanini, bunga barchamiz mas’ul ekanimizni yanada chuqur his etamiz», degan prezident.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘istonda 1-2 iyul kunlari ro‘y bergan tartibsizliklar chog‘ida 18 kishi halok bo‘ldi, shundan 14 nafari namoyishchilar, 4 nafari huquq-tartibot organlari xodimlari. 

Shuningdek, tartibsizliklar natijasida 243 nafar fuqaro shifoxonalarga murojaat qilgan. Ularning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishiga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda. Jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor.

Mavzuga oid