Xorazmda sudya marhumni sud majlisiga chaqirganiga oid holatga munosabat bildirildi
2022 yil 13 maydagi sud majlisiga chaqiruv xati berilgan shaxs 2018 yilda vafot etgan bo‘lgan. Sudya ixtiyoridagi hujjatlarda bu haqda ma’lumot bo‘lmagan.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati cudya marhumni sud majlisiga chaqirtirganiga oid xabarlar yuzasidan izoh berdi.
“Xorazmlik Komil Matchanov 2018 yilda ma’muriy sudga ariza bilan murojaat qilgani rost. O‘sha yili sudning tegishli qarori chiqqani ham to‘g‘ri. 2022 yilning may oyiga kelib B.Egamberdiyev (2018 yildagi sudda taraf sifatida ishtirok etgan) davlat organiga majburiyat yuklashni so‘rab sudga murojaat qiladi. Arizaga 2018 yilda o‘zi taraf sifatida ishtirok etgan sud qarori va boshqa hujjatlar ilova qilinishi o‘z-o‘zidan ma’lum.
Sudya ariza va unga ilova qilgan hujjatlar bilan tanishib, ishni sud majlisida ko‘rishga tayinlaydi hamda taraflarga sud majlisi 2022 yil 13 may kuniga tayinlangani haqida ma’lum qiladi. Bu paytga kelib, K.Matchanov vafot etgandi (U 2018 yilning 6 dekabr kuni omonatini topshirgan). Sudyadagi mavjud hujjatlar orasida bu haqida ma’lumot bo‘lmagan.
Chunki ishni sud majlisida ko‘rishga tayinlash jarayonida taraflarning qaylarda yurgani-yu, nimalar bilan bandligi yoki vafot etgan-etmagani tekshirilmaydi. Barchasiga sud majlisida aniqlik kiritiladi. Shunday bo‘ldi ham.
2022 yil 18 may kuni sud ajrimi bilan marhum K.Matchanovning o‘g‘li N.Matchanov huquqiy voris deb topilib, nizo predmetiga nisbatan manfaatdor shaxs sifatida ishga jalb qilingan”, deyiladi rasmiy izohda.
Eslatib o‘tamiz, Xorazmda shunga o‘xshash holat avvalroq ham kuzatilgan: 2018 yil Kun.uz'da “Xorazmda murda tirilib, sudda “ko‘rsatma berdi” sarlavhali maqola e’lon qilingan, unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining raisi bir muddat oldin o‘lgan shaxs go‘yoki tirik bo‘lgani va sudda u bergan guvohlik ko‘rsatmasini ishonchli deb hisoblagani, shunga asosan noxolis qaror chiqargani haqida so‘z yuritilgandi.
OAVda murdadan “ko‘rsatma olgan” sudya o‘sha sharmandali voqeadan keyin oradan bir necha yil o‘tsa ham, hamon sudyalik lavozimida ishlayotgani bir necha bor tanqidga uchragandi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov ushbu holat kengashda o‘rganib chiqilib, tasdig‘ini topganini bildirgan, biroq sudyaga nisbatan chora qo‘llash muddati o‘tib ketgani tufayli masala yopilganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024