Xorazmda murda tirilib, sudda «ko‘rsatma berdi»
2016 yilning 19 oktabr kuni Urganch shahrida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Yangi Shovot ko‘chasi bilan Jayxun ko‘chasi kesishgan chorrahada «Captiva» va «Lasetti» rusumli avtomashinalar to‘qnashib ketishi oqibatida, «Lasetti» haydovchisi Oybek Esamuratov, uning uch nafar farzandi turli darajada tan jarohati olishadi. Uning tanishi Mahbuba Quryazova esa og‘ir jarohatlar natijasida, shifoxonada vafot etadi. «Captiva» boshqaruvida bo‘lgan Jasur Xudoyberganov yengil tan jarohati olgan.
Yangibozor tumani, Oybek ko‘chasi, 3-uyda yashovchi Oybek Esamuratovning aytishicha, u chorrahadan svetoforning yashil chirog‘ida o‘tayotganida, yon tomondan katta tezlikda kelgan va qizil chiroqda o‘tgan haydovchi Jasur Xudoyberganov boshqaruvidagi «Captiva» uning avtomashinasini urib yuborgan. Natijada, «Lasetti» 32 metr masofaga uchib ketgan va yo‘l chetidagi bordyurga borib urilgan.
Bu jinoyat ishi bir nechta sud instansiyalarida muhokama qilingan va so‘ngra Oliy sud ajrimi chiqarilgan. Ularning barchasi Oybek Esamuratovni yo‘l-transport hodisasini sodir etganlikda aybdor deb topgan. Sudlar guvohlarning ko‘rsatmalarini ishonchli deb topib, shu haqda hukm chiqarishgan. Ammo, negadir, bu «ishonchli» guvohlarning barchasi Jasur Xudoyberganovning tanishi yoki qarindoshi bo‘lib chiqadi, ularning ko‘rsatmalari esa xilma-xilligi, bir-biriga zidligi bilan ajralib turadi.
Guvohlarning ko‘rsatmalarini sud hukmlaridan olib, qisqacha tanishamiz.
Birinchi guvoh Sherzod Jonibekov (Jasur Xudayberganovning tanishi) dastlabki tergov va Yangiariq tumani sudida «men 90 Q 993 FA davlat raqamli «Matiz» rusumli avtomobilimda chorrahada chap tomonga qayrilmoqchi bo‘lib turganimda, «Lasetti» qarama-qarshi yo‘nalishdan soatiga 70-80 km tezlikda kelayotgan «Captiva»ni o‘tkazib yubormasdan, to‘qnashuv sodir qildi», degan. Ammo Xiva shahar sudida «men «Neksiya» rusumli avtomobilimda chorrahada o‘ng tomonga qayrilmoqchi bo‘lib turganimda, «Lasetti» qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan «Captiva»ni o‘tkazib yubormasdan, to‘qnashuv sodir qildi», degan. Qizig‘i shundaki, «Bilayn» kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan peleng ma'lumotiga ko‘ra, Sherzod Jonibekov o‘sha vaqtda avtohalokat yuz bergan joyda bo‘lmagan. U voqea joyiga bir soatdan so‘ng yetib kelgan.
(Shu o‘rinda peleng haqida qisqacha tushuntirish. Uyali aloqa kompaniyalari pelengatsiyasi mijozning qo‘l telefoni signalidan va atrofidagi antennalarning holatidan kelib chiqib, uning qayerda ekanini aniqlash imkoniyatini beradi. Peleng ma'lumotidan dastlabki tergovda va sudda foydalaniladi).
Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, 90 Q 993 FA davlat raqamli «Matiz» avtomobili umuman mavjud emas. Bunday raqamli «Neksiya» avtomobili bor va u ikkinchi guvoh sifatida ko‘rsatma bergan Shavkat Xudoyberganovga tegishli. Uni ham eshitib ko‘ramiz.
Ikkinchi guvoh Shavkat Xudoyberganov (Jasur Xudoyberganovning amakisi) apellyatsiya sudida avtohalokat sodir bo‘lishidan yarim soat oldin, Jasur Xudoyberganov bilan bir shisha aroq ichgani, shundan keyin, avtohalokat haqida eshitib, tezda yetib borganini, Sherzod Jonibekovni (birinchi guvohni) tanimasligini, uni voqea joyida ko‘rmaganini hamda «Neksiya» avtomobilini hech kimga bermaganini aytgan.
Uchinchi guvoh Egambergan Ro‘zmetov (Jasur Xudoyberganovning tog‘asi) avtohalokat sodir bo‘lgan paytda chorrahaga Sherzod Jonibekov (birinchi guvoh) bilan «Matiz» avtomashinasida birga borganini va «Lasetti» avtomashinasi «Captiva»ni o‘tkazib yubormay, avtohalokat sodir etgani haqida ko‘rsatma bergan. Aslida, u voqea sodir bo‘lgan paytda Shovot tumanidagi Qangli qishlog‘ida, voqea joyidan 60 km (!) uzoqlikda edi. Buni UCELL kompaniyasining peleng ma'lumoti tasdiqlaydi.
To‘rtinchi guvoh Rasul Mahmudov (Jasur Xudoyberganovning ukasi Mansurning do‘sti) dastlabki tergov va Yangiariq tumani sudida bergan ko‘rsatmasida «Matiz» avtomashinamda ketayotganimda, «Lasetti» va «Captiva» to‘qnashuviga guvoh bo‘ldim, bunda «Captiva» yashil chiroqda chorrahaga kirib keldi», degan. Apellyatsiya sudida esa ko‘rsatma biroz o‘zgaradi, «Matiz» avtomashinamda ketayotganimda, «Lasetti» va «Captiva» to‘qnashuviga guvoh bo‘ldim, bunda «Captiva» yashil chiroqda chorrahaga kirib keldi. Keyin mashinamdan tushib, voqea joyiga borganimda, do‘stim Sanjar Jabbarovni ko‘rdim», degan. Xiva shahar sudida esa «Matiz» avtomashinamda do‘stim Sanjar Jabbarov bilan ketayotganimda, «Lasetti» va «Captiva» to‘qnashuviga guvoh bo‘ldim», deb aytgan. Qizig‘i shundaki, UMS kompaniyasi peleng ma'lumotiga ko‘ra, Rasul Mahmudov shu vaqt oralig‘ida do‘sti Sanjar Jabbarov bilan 7 marta telefonda suhbatlashgan. Ya'ni, agar u mashinada do‘sti bilan birga bo‘lsa, demak yo‘lda telefonda suhbatlashib ketgan ekan-da?..
Beshinchi guvoh Sanjar Jabbarov (Jasur Xudoyberganovning ukasi Mansur Xudoyberganovning do‘sti) avvalgi guvohning ko‘rsatmalarini takrorlaydi. Ya'ni, oldin u voqea joyiga piyoda yetib kelganini aytadi, biroq, keyinchalik, ko‘rsatmasini o‘zgartirib, «Rasul Mahmudovning «Matiz»ida keldim», deydi.
Oltinchi guvoh Ollanazar Matyaqubov (Jasur Xudoyberganovning otasining sinfdoshi) dastlabki tergovda «Captiva» avtomashinasi chorrahada to‘xtamasdan, svetoforning yashil chirog‘ida o‘tib ketayotganida...», degan. Ammo apellyatsiya sudida esa chorrahaga kelganida, «Captiva» va «Damas» avtomashinasi qizil chiroqda to‘xtab turganini, yashil chiroq yonganidan so‘ng, harakatlanganini aytgan.
Ushbu guvohlarning bir-biriga zid bo‘lgan, chalkash ko‘rsatmalari ularning xolis ekanligidan, rost gapirayotganidan dalolat beradimi? Ammo bu ko‘rsatmalar sud hay'ati tomonidan ishonchga sazovor deb topilgan.
Yana bir qiziq tomoni, voqeaning asosiy ishtirokchisi, «Captiva» haydovchisi va jabrlanuvchi deb topilgan Jasur Xudoyberganov faqat dastlabki sudda qatnashgan xolos. Keyingi uchta sud majlisida u ishtirok etmagan. Oybek Esamuratov advokatining Xudoyberganovni sudga olib kelish haqidagi talablari negadir qondirilmagan. Dastlabki sudda Jasur Xudoyberganov bir shisha vino ichgan holda transport vositasini boshqarganini tan olgan. U bilan birga bo‘lgan guvoh Shavkat Xudoyberganov esa bir shisha aroq ichdik degan.
Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganov dastlabki tergovda «rulda men emas, otam edi», deb ko‘rsatma bergan. Uning otasi Xudoybergan Xudoyberganov ham o‘g‘lining voqea joyida bo‘lmaganini va transport vositasini shaxsan o‘zi boshqarganini, avtohalokat natijasida jarohat ham olgani haqida tergovda ko‘rsatma bergan. Buni isbotlash maqsadida, qo‘lini kesib, o‘ziga tan jarohati yetkazgan. Ammo ekspertiza natijasida «Captiva» salonidagi qon dog‘lari va soch tolasi Jasur Xudoyberganovga tegishli ekani aniqlangan. Ota-bola Xudoyberganovning tergov va sudni chalg‘itishga bo‘lgan bu harakatlariga sudda hech qanday baho berilmagan.
2017 yil 20 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudi mana shu guvohlarning ko‘rsatmasini ishonchli deb hisoblab, Oybek Esamuratovni aybli deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganov foydasiga 36 million so‘m undirilishini belgilagan.
2018 yil 15 fevraldagi apellyatsiya sudi bu qarorni o‘zgartirib, Oybek Esamuratovni 2 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan.
Oybek Esamuratov avtohalokat natijasida 5 kun komada yotadi. Natijada, voqea yuz bergan paytda guvohlarni jalb qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Keyinchalik, u voqeani ko‘rgan boshqa guvohlarni aniqlash maqsadida, matbuotda va TVda e'lon berish haqida tergovchiga iltimosnoma taqdim qiladi. Ammo negadir u rad qilinadi. Shundan so‘ng, Oybek Esamuratov mustaqil ravishda bekatlarga, simyog‘ochlarga e'lon yopishtiradi, taksi haydovchilaridan surishtiradi. Natijada, katta qiyinchilik bilan bir necha guvohni topishga muvaffaq bo‘ladi.
Bu guvohlar - Salomat Sa'dullayeva, Hamza Musabekov, Farhod Madrimov, Murod Xajiyev va Xursandbek Karimov «Captiva» avtomashinasi katta tezlikda chorrahaga kirib kelib, to‘qnashuv sodir qilganini ko‘rgani haqidagi ko‘rsatma berishgan. Ammo sud bu guvohlar voqea joyida bo‘lmagani tufayli ko‘rsatmalarni ishonchga sazovor emas deb topgan.
Xiva shahar sudi bu guvohlarning Oybek Esamuratov bilan 2016 yil dekabr oyidan 2017 yil sentabr oyiga qadar juda ko‘p marta telefon orqali suhbatlashgani tufayli, ularning ko‘rsatmasini ishonchli emas (!) deb topgan. Ammo uyali aloqa kompaniyalari pelengi asosida ular voqea joyida bo‘lganiga e'tibor qaratmagan.
Endi marhum Mahbuba Quryazova tirilib, sudda qanday ko‘rsatma bergani haqidagi mo‘jizaviy holatga e'tibor beramiz.
2016 yil 3 noyabr kuni, ya'ni Mahbuba Quryazovaning vafotidan 14 kun o‘tgach (!) fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudi, o‘z binosidagi ochiq sud majlisida ajrim chiqaradi.
Unda da'vogar Mahbuba Quryazovaning eri Furqat Boltayevga nisbatan nikohdan ajratish haqidagi arizasi ko‘rib chiqiladi. Raislik qiluvchi sud raisi J.Sultanova, kotib X.Matyaqubov ishtirokida Mahbuba Quryazovaning eri bilan yarashib olgani va da'vodan voz kechish haqidagi arizasini inobatga olib, fuqarolik ishini yuritishdan to‘xtatadi. Mahbuba Quryazovaga FPKning 102-moddasiga asosan, ish yuritishning tugatish oqibatlari tushuntiriladi.
Qabrda yotgan odamning sudga qanday kelgani va unga qanday qilib tushuntirish berilganini bilmaymiz. Ammo, bu haqdagi hujjat qo‘limizda mavjud.
Xo‘sh, bu ishning avtohalokatga qanday aloqasi bor dersiz? Gap shundaki, Furqat Boltayev sudlarda Mahbuba Quryazovaning eri sifatida ishtirok etgan va javobgarni jazolashni, shuningdek, ma'naviy zarar undirib berishni talab qilgan. Uning ma'naviy zarar haqidagi talabi jinoyat ishlari bo‘yicha sud vakolatida emasligi sababli rad etilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Oybek Esamuratovga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi nimalarga asoslangani qiziq. Guvohlar Jasur Xudoyberganovning tanishi, qarindoshi bo‘lgani, ularning ko‘rsatmalari chalkash va bir-biriga zid bo‘lishi, bu ko‘rsatmalarning inobatga olinmasligiga asos bo‘lishi kerak emasmidi? Qonunan qaralganda esa, qasam ostida yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun ularning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim edi.
Ammo jinoyat ishi Oybek Esamuratov foydasiga guvohlik bergan Farhod Madrimov ustidan ochilgan va u yolg‘on guvohlik berganlikda aybdor deb topilib, 6 oy axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.
Ayni paytda, Oybek Esamuratov 2 yillik shartli qamoq jazosini o‘tayapti, oyligining 20 foiz miqdorini davlat foydasiga o‘tkazib kelmoqda. Bundan tashqari, Jasur Xudoyberganovga 36 million so‘m to‘lab berishi ham kerak. Ammo u o‘zining mutlaqo aybsiz ekaniga ishonchi komil.
P.S. Mast holda transport vositasini boshqargan Jasur Xudoyberganovga bu holat yuzasidan qanday chora ko‘rilganini bilmaymiz. Ammo 2017 yil 23 fevral kuni (avtohalokatdan 4 oy o‘tgach) unga nisbatan rasmiylashtirilgan yana bir ma'muriy bayonnoma ham bor. Unda Jasur Xudoyberganov yonida hech qanday hujjat bo‘lmagan holda, mast holda yana o‘sha «Captiva»ni boshqarib, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani yozilgan.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
11:08 / 24.12.2024
Xorazmda yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
07:49 / 16.12.2024