Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
3 yilda sakkiz avariya, uch bola nogiron bo‘lib qoldi. Yangi maktab binosi yechim bo‘la oladimi?
Karmana tumanidagi maktablardan birining yaqinida oxirgi 3 yilda 8 nafar o‘quvchi avtohalokatga uchragan. Sababi bu yerda 300dan ortiq o‘quvchi maktabga qatnash uchun xalqaro ahamiyatga ega M-37 avtomobil yo‘lini kesib o‘tishga majbur. Aholi hokimlikning shu muammoni yechish bo‘yicha boshlab qo‘ygan ishlari muammoni hal etmasligini aytyapti.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Qahramon mahallasi va Kumushkon mahallasining Zarafshon ko‘chasini xalqaro ahamiyatga ega M-37 avtomobil yo‘li ajratib turadi. Yo‘lning Kumushkon mahallasi tomonida ikki mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning farzandlari Qahramon mahallasidagi 3-umumta’lim maktabiga 3 km yo‘l bosib qatnaydi va har kuni ikki marta M-37 yo‘lini kesib o‘tishadi.
Afsuski, tig‘iz qatnovga ega xalqaro yo‘lni kesib o‘tishda bir necha bor bolalar bilan bog‘liq avtohalokatlar sodir bo‘lgan. Xususan, oxirgi 3 yilda maktabga o‘tib-qaytayotgan 8 nafar o‘quvchini mashina urib yuborgan. Ularning 3 nafari nogiron bo‘lib qolgan.
Mana shu og‘riqli nuqta yo‘lning ikkinchi tomonida ham maktab qurishni taqozo etmoqda.
Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov yil boshida qishloq aholisi bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rgangan. Uchrashuvda shu masala ham ko‘tarilgan. Odamlarning fikri inobatga olinib, bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda maktab binosi qurish rejalashtirilgan. Viloyat hokimining tegishli qarori bilan tumandagi 3-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha o‘quv binosi qurish uchun yer maydoni ajratilgan.


Hozirda qishloqda o‘quv binosini qurish uchun harakat boshlandi: loyiha hujjatlari shakllantirilgan, quruvchi tanlangan. Ammo qurilish jarayonida mas’ullar e’tibor qaratmayotgan bir nechta mantiqsiz jihatlar bor.
Xususan, qurilishi nazarda tutilayotgan bino alohida maktab emas, 3-umumta’lim maktabining qo‘shimcha o‘quv binosi, ya’ni filiali. Bu yerda faqatgina boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim oladi. O‘quv binosi 80 o‘rinli, 5 ta xonadangina iborat.

Lekin hududda boshlang‘ich sinfga boruvchi o‘quvchilar soni 148 nafar. Bu 68 nafar bola baribir M-37 yo‘lini kesib o‘tishi kerakmi, degan savolni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, yo‘ldan xavfsiz o‘tib-qaytishda 11 yoshli me’yor belgilanmagan: ko‘ngilsizlik 5- yoki 8-sinf o‘quvchisi bilan ham sodir bo‘lishi mumkin. Maktab uchun yo‘lni kesib o‘tishga majbur bo‘layotgan jami o‘quvchilar soni 300 nafardan ortiq. Demak, hududda maktab filiali emas, alohida maktab qurish lozim.
Qolaversa, aholi soni oshib borishi hisobga olinsa, yaqin kelajakda hududda baribir alohida maktab qurish zarurati tug‘iladi. Hokimlikning ayni paytda rejalashtirayotgan 80 o‘rinli o‘quv binosi masalaga yechim emas.
Bundan tashqari, o‘quv binosi qurish uchun qishloq stadioni tanlangan. Bu o‘yingoh yoshlar futbol o‘ynaydigan, mashg‘ulotlar olib boradigan mahalladagi yagona sport o‘yingohi hisoblanadi.


Stadion haqida futbol murabbiyi Fayoz Yavqochov shunday deydi:
“O‘zimiz bolalikdan shu stadionda futbol o‘ynab katta bo‘ldik. Hozirda murabbiyman. 3 ta yosh toifasida 50 nafardan ortiq bolalarga mashg‘ulot o‘taman. O‘yingohimizda BO‘SMlar orasida respublika chempionatlari, turli musobaqalar o‘tkaziladi. Tumanimizda bu kabi stadion barmoq bilan sanoqli.
Qishlog‘imizda futbolni juda sevishadi. Yoshlarda qiziqish katta. Superliga va Pro-liga klublarida to‘p surayotgan futbolchilarimiz bor, ular mana shu stadiondan yetishib chiqqan. Qishloq aholisi hashar yo‘li bilan kiyim almashtirish xonalarini qurib olganmiz, imkon darajasida sharoit yaratganmiz. 5 xonali kichik o‘quv binosi qurish uchun stadion o‘rni tanlanishi mutlaqo noto‘g‘ri, deb hisoblayman”.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Karmana tumani hokimi o‘rinbosari Shohrux Boltayev bilan bog‘landi. Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, masala qishloq aholisi bilan muhokama qilingan.
“Tuman hokimi bilan birgalikda borib, qishloq odamlari bilan uchrashdik. Aholi stadion o‘rnida o‘quv binosi qurishga norozilik bildirgach, boshqa joy ko‘rsatdik. Biroz chetda bo‘lgani sababli fuqarolar u yerga ham rozi bo‘lishmadi. Stadion hokimlik zaxirasidagi yer hisoblanadi. O‘quv binosi katta emas, stadionning bir chetiga joylashadi. Bu futbol o‘ynashga xalaqit qilmaydi, kompleks bo‘lyapti. Qo‘shimcha basketbol va mini futbol maydonlari ham quriladi.
Biz sportga qarshi emasmiz, aksincha ularning farzandlari uchun maktab qurib beryapmiz. Mayli, biz maktab qurmasligimiz, o‘sha mablag‘ni boshqa joyga yo‘naltirishimiz mumkin. Lekin shuncha bolaning taqdiriga, xavfsizligiga kim javob beradi?” – deydi Shohrux Boltayev.
Hokimlik 300 nafardan ortiq o‘quvchidan nega aynan 80 nafarining xavfsizligini o‘ylayotgani qiziq.
Qolaversa, o‘quv binosining qurilishi stadionning bir chetini emas, yarmidan ko‘p qismini egallaydi. Bu holatda stadionning standart hajmini saqlab qolish imkonsiz. Ikki darvozani istalgan joyga qarama-qarshi qo‘yib, to‘p tepaverish esa futbol emas.
Qishloqqa to‘laqonli maktab kerak. O‘quvchilar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz avtohalokatlar yana sodir bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Lekin stadion o‘rniga maktab emas, hozirda loyihasi qilingan o‘quv binosi sig‘ishi mumkin. Ushbu o‘quv binosi qurilishi amalga oshirilsa, na maktab masalasi hal bo‘ladi, na stadion saqlab qolinadi.
Hokimlik mazkur holatni kech bo‘lmasidan qayta o‘rganib ko‘rishi va six ham, kabob ham kuymaydigan tarzda oqilona yechim topishi zarur.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:57 / 25.06.2026
«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
18:50 / 24.06.2026
Avtomobil tezligini avtomatik cheklaydigan tizim sinovlardan o‘tolmadi
20:30 / 23.06.2026
Haydovchiga sug‘urta tovoni uchun aybdor tomon sug‘urtalovchisiga murojaat qilish imkoniyati berildi
19:59 / 23.06.2026