O‘zbekiston | 13:00 / 07.07.2022
26290
2 daqiqa o‘qiladi

IIV tartibsizliklarni tinchitishda ishlatiladigan maxsus texnika va granatalarni ko‘rsatdi

Ichki ishlar vazirligi ommaviy tartibsizliklar vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qanday maxsus texnikalar va qurollardan foydalanishini namoyish etdi. Bu haqdagi video IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida suratga olingan videoda namoyishchilarga suv purkovchi mashina ko‘rsatilgan. Janubiy Koreyaning maxsus texnikaga mo‘ljallangan «Jino Motors» kompaniyasida ishlab chiqarilgan RW rusumli mashina 6,5 ming tonna suv sig‘imiga ega. Pandemiya vaqtida dezinfeksiya maqsadida foydalanilgan maxsus texnika Nukusdagi voqealarda namoyishlarni tinchitish uchun ishlatilgan. Undan tartibsizlik ishtirokchilariga qizil bo‘yoq aralashtirilgan suv purkalgan. Mashinadan uch xil rangdagi bo‘yoq sepish mumkin va Nukusda aynan qizil bo‘yoqdan foydalanilgan.

Videoda ko‘rish mumkinki, bunday suyuqlik sepilgach, yerda qon tusidagi ko‘lmak hosil bo‘ladi.

Videoda IIV zobiti tartibsizliklar vaqtida ishlatiladigan granatalarni ham namoyish etgan. Ulardan biri shovqin chiqarish xususiyatiga ega, uning yordamida namoyishchilarni bir muddat seskantirib qo‘yish mumkin. Yana bir granata namoyish vaqtida yetakchilarni ajratish maqsadida o‘zidan qiziq bo‘yoq sachratadi. Shu tariqa, yetakchilar maxsus kuchlar tomonidan aniqlab ushlanadi. Oq tutun chiqaradigan granata esa zobitlar o‘z joyini almashtirib olishi va chalg‘ituvchi manyovr amalga oshirishi uchun ishlatiladi. Zobitning ta’kidlashicha, granatalarning birortasi o‘limgacha olib bormaydi.

Eslatib o‘tamiz, Nukusdagi namoyishlar bostirilganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki namoyishlar bo‘lib o‘tgan ko‘chalardan birida «qon daryo bo‘lib oqayotgani» aytilgan video tarqaldi. Keyinchalik bu qon emas, qizil bo‘yoq aralashtirilgan suv ekani, namoyishlarni tinchitishda bunday usuldan foydalanish xalqaro amaliyotdagi tajriba ekani ma’lum qilindi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid