O‘zbekiston | 19:15 / 08.07.2022
9627
3 daqiqa o‘qiladi

Bayram kunlari elektr va gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lmaydi - Energetika vazirligi

Ta’kidlanishicha, energiya ta’minotidagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun tun-u kun ishlovchi avariyaga qarshi brigadalar tashkil etilgan.

Foto: AP

Energetika vazirligi hayit kunlari iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash choralari ko‘rilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Qurbon hayiti nishonlanadigan kunlarda: 

  • elektr stansiyalar, neft va gaz obektlarining shtat rejimida ishlashi ta’minlanadi;
  • buning uchun esa elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tun-u kun ishlovchi avariyaga qarshi 227 ta brigada tashkil etilgan;
  • iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish sifatini yaxshilash maqsadida tun-u kun ishlaydigan avariyaga qarshi 244 ta brigada tashkil etilgan;
  • yurtimizdagi 2 mingga yaqin jome masjidlarining energiya resurslari ta’minoti holati nazoratga olingan;
  • bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan joylardagi elektr va gaz ta’minoti nazoratga olingan.

Vazirlik xabarida iste’molchilarga elektr energiyasi ta’minotiga oid masalalar yuzasidan 11-54 qisqa raqami yoki Telegram orqali tizim administratoriga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha esa 1104 qisqa raqami, (71) 200-08-04 ishonch telefoni yoki Facebook’dagi guruh orqali xabar berishlari mumkinligi eslatilgan.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi Qurbon hayiti va qo‘shimcha dam olish kunlarida ham tibbiyot muassasalari tun-u kun ishlashi, 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, hayit munosabati bilan o‘zbekistonliklar ish haftasining turidan qat’i nazar, 4 kun dam olishadi. Prezident farmoniga muvofiq, 2022 yil iyul oyida quyidagicha qo‘shimcha dam olish kunlari belgilangan:

  • 9 iyul (shanba) – Qurbon hayiti bayrami;
  • 10 iyul (yakshanba) – odatiy dam olish kuni;
  • 11 iyul (dushanba) – barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 12 iyul (seshanba) – 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar uchun 16 iyul (shanba)dan ko‘chirilgan dam olish kuni.

Mavzuga oid