Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bolalarga hujum qiladiganlar bilan yonma-yon turmayman» – G20 TIV rahbarlari Lavrov bilan suratga tushishni istashmadi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Indoneziyaning Bali orollarida o‘tayotgan «Katta yigirmatalik» davlatlari tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi sammitni muddatidan ilgari tark etdi. U rasmiy tushlik va sammitning kechki sessiyasida ishtirok etmadi. Sammit boshlanganidan keyin boshqa davlatlar tashqi ishlar vazirlari Lavrov bilan umumiy suratga tushishni istamagani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Sammitga Lavrov kirib borishi bilan mojaro boshlandi. Reuters o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Lavrov indoneziyalik hamkasbi Retno Marsudi bilan muloqot o‘tkazayotganda atrofda «Urushni qachon to‘xtatasizlar axir?» degan ovozlar eshitilgan.
«Agressorlar, bosqinchilar... Bugun [biz haqimizda] yana ko‘p gaplarni eshitdik. Hamma bizni bu operatsiyani to‘xtatib, tinchlik kelishuviga erishishga chaqirdi. Men ulardan nima xohlayotganliklarini aniqlab olishni so‘radim. G‘arb tinchlik muzokaralarini xohlasa, uni Ukraina to‘xtatib qo‘yganini e’tiborga olishi kerak», deya Lavrovning sammit chog‘idagi so‘zlarini keltirgan TASS nashri.
Yaponiyaning Kiodo nashriga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken tashabbusi bilan «Katta yettilik» davlatlari TIV rahbarlari Lavrov bilan birga suratga tushishni istamagan. Sammit ishtirokchisi bo‘lmish Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boykot haqida ochiq aytdi. «Ukrainada tinch aholiga, qariyalarga, bolalarga hujum qilayotganlar bilan yonma-yon turishni istamayman. Shu sabab bu sammitda umumiy surat bo‘lmaydi», degan Berbok jurnalistlarga.
«Axir men hech kimni suratga tushishga taklif qilmadim»
Lavrovning o‘zi ham u bilan suratga tushishni istamaganlariga munosabat bildirdi. «Men bilan suratga tushmasliklari haqida aytishmoqda, axir men bu yerga hech kimni suratga tushishga taklif qilganim yo‘q-ku. Meni Indoneziya taklif qildi. Indoneziya noyabrda bo‘ladigan sammitga prezident Putinni ham taklif qilgan», dedi Lavrov.
Ukraina nashrlarining yozishicha, Lavrov sammitda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba onlayn ishtirokini boshlaganidan keyin zalni tark etgan. U Germaniya TIV rahbari Berbokning chiqishini ham eshitmagan.
Lavrov sammitning Blinken nutq so‘zlagan kechki sessiyasida ham ishtirok etmagan. Blinken chiqishida xavfsizlik bo‘yicha Rossiyaga bog‘liq masalalar, ruslar portlarni bloklashi sabab qolib ketayotgan Ukraina donini olib chiqish kabi mavzularda nutq so‘zlagan.
«Rossiyalik hamkasblarimga murojaat qilmoqchiman: Ukraina – sizning davlatingiz emas. Uning donlari ham – sizniki emas. Nega portlarni yopib o‘tiribsiz? Bu donlar olib chiqilishiga imkon berishingiz kerak», dedi Blinken. AQSh vakillarining aytishicha, Lavrov Blinken bilan uchrashishni rad etgan.
Bu bayonotgacha Lavrov aynan Ukraina mamlakatdagi portlarni ochishi kerakligi, Ukraina hududidan tashqaridagi suvlarda Rossiya va Turkiya xavfsizlikni ta’minlashga tayyorligini aytgandi. Uning aytishicha, Ukraina portlar atrofini minalashtirgan.
«Katta yigirmatalik» davlatlari TIV rahbarlarining bu galgi sammitidagi asosiy masalalardan biri aynan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘ldi. G‘arb Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Ukraina don mahsulotlarini eksport qilishiga qarshilik ko‘rsatmoqda deb hisoblaydi. Buning oqibatida butun dunyo oziq-ovqat bozorida muammolar paydo bo‘la boshladi.
Rossiya dunyo oziq-ovqat bozorida defitsit paydo bo‘lishiga aloqadorligini rad etib keladi. Moskva Ukrainadagi mahsulotlar portlarga boradigan suv yo‘llari aynan Ukraina tomonidan minalashtirilgani uchun yetib bormayotganini iddao qiladi. Shuningdek, Moskva dunyodagi oziq-ovqat taqchilligiga G‘arb kiritayotgan sanksiyalar sabab deb hisoblaydi.
Mavzuga oid
21:20 / 04.06.2026
Baydenning urushi Trampning urushiga aylandi - Sergey Lavrov
08:54 / 26.05.2026
Lavrov: Rossiya Kiyevga “tizimli zarbalar”ni boshlaydi
23:30 / 07.04.2026
«Alisherning iltimosiga ko‘ra telefon qilyapman» – Lavrovning suhbatini tinglashdi
13:59 / 21.01.2026