O‘zbekiston | 11:34 / 11.07.2022
25399
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik qonun chiqaruvchilar AQSh Kongressiga Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan hisobot taqdim etadi 

Qoraqalpog‘istondagi vaziyat, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqa tinchligi, barqarorligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida xolis ma’lumot berish maqsadida elchi Javlon Vahobov video-konferensiya orqali AQSh Kongressi a’zolari bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» xabar bermoqda.

Foto: Dunyo

Uchrashuvda AQSh Kongressining Xalqaro aloqalar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mita hamraisi, Ohayo shtatidan respublikachi kongressmen Stiv Chabot Qoraqalpog‘istondagi voqealarning asl sabablari va hukumatning mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlari haqidagi batafsil ma’lumot uchun minnatdorlik bildirdi. U AQSh O‘zbekistonning keng qamrovli, ochiq va ishonchli tergov o‘tkazish niyatini olqishlashini ta’kidladi.

Kongressmen Stiv Chabot AQSh Kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha Kokus» a’zosi va Markaziy Osiyo bo‘yicha quyi qo‘mita hamraisi sifatida Qoraqalpog‘istondagi mavjud vaziyatni yaqindan kuzatib borayotganini va hukumatning uni normallashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. «O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlarining vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va ittifoqchisi bo‘lib, mamlakatingiz ushbu sinovdan munosib tarzda o‘tib ketishiga, islohotlar davom etishiga ishonaman», — deya qo‘shimcha qildi kongressmen. 

«Ishonchim komilki, yaqinda mamlakatingizni qamrab olgan bu fojia yorug‘ kelajak uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanadi, bunday holat boshqa takrorlanmaydi, bu mintaqaga tinchlik va osoyishtalik qaytadi», — dedi Kongressdagi «O‘zbekiston bo‘yicha Kokus» a’zosi, 2021 yil oktyabr oyida amerikalik qonun chiqaruvchilar delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Nebraska shtatidan respublikachi kongressmen Don Bekon. 

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, uchrashuv yakunlari bo‘yicha AQSh kongressmenlari AQSh Kongressiga barcha senatorlar va kongressmenlar idoralariga tarqatilayotgan AQSh Kongressining rasmiy hujjati bo‘lgan «Congressional Record»ni taqdim etishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi. 

Hujjat, ularning fikriga ko‘ra, Kongressning barcha a’zolariga mintaqadagi voqealar haqida xolis ma’lumot yetkazish nuqtayi nazaridan foydali bo‘ladi. Bundan tashqari, kongressmenlar mazkur hujjatga Qoraqalpog‘istonga oid ma’lumotlarning kiritilishi ma’lum darajada Kongress a’zolarining ushbu masalada hamjihatligini ko‘rsatishini ta’kidladilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid