Jahon | 09:54 / 11.07.2022
6859
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo aholisining o‘sish sur’ati birinchi marta 1 foizdan pastga tushdi

Nisbiy nuqtayi nazardan, dunyo aholisi birinchi marta yiliga 1 foizdan sekinroq o‘smoqda. Shu bilan birga, bu yil Yerdagi odamlar soni 8 milliardga yetadi.

Foto: Picture Alliance

1950 yilda statistika yuritish boshlanganidan beri, birinchi marta dunyo aholisining o‘sish sur’ati yiliga bir foizdan pastga tushdi. Bu haqda 11 iyul, dushanba kuni Germaniyaning «Yer aholisi» jamg‘armasi (Stiftung Weltbevölkerung) xabar berdi.

Mutaxassislar BMT demografik statistikasini tahlil qilib, bu ko‘rsatkich 0,8 foizni tashkil etgan degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish 2019 yilga nisbatan 1,8 yilga qisqarib, 71 yoshga tushdi. Bu, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq, deya tushuntirdi fond tahlilchilari. 

Bu pasayish global demografik tendensiyalarning o‘zgarishini anglatmaydi, deb ta’kidlaydi hisob-kitoblar mualliflari. Mutlaq ma’noda Yer aholisining ko‘payishi davom etmoqda - hozir sayyorada 7 977 000 000 kishi istiqomat qiladi, 15 noyabrga qadar odamlar soni sakkiz milliardga yetadi, deya prognoz qilmoqda demograflar.

Hozirda dunyo aholisi yiliga qariyb 66 million kishiga yoki kuniga 180 000 kishiga oshib bormoqda. Amaldagi prognozga ko‘ra, aholi soni 2080-yillarda 10,4 milliard kishiga yetadi. Aholining jadal o‘sishi, birinchi navbatda, rivojlanayotgan mamlakatlarda tug‘ilishning yuqori darajasi bilan bog‘liq. 

«Global janub»da ko‘plab ayollar hali ham o‘zlari xohlaganidan ko‘ra ko‘proq farzand ko‘rmoqda. Bu, masalan, Sahroyi Kabirdan janubda bo‘lgan Afrika davlatlarida tug‘ilishning yuqoriligidan dalolat beradi», - deydi fond boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Angela Ber. Mintaqada har bir ayolga o‘rtacha 4,6 nafar bola to‘g‘ri keladi, bu esa dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Berning fikricha, bunga jinsiy ta’limning yetishmasligi va boshqa qator jihatlar sababdir. 

Mavzuga oid