Jahon banki va FRED ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi infografikada 1960 yildan 2024 yilgaça bölgan davrda tuğiliş paytidagi kutilgan umr davomiyligi özgarişi tahlil qilingan. Tadqiqotda davlatlar daromad darajasiga qarab tört toifaga ajratilgan.

Ma’lumotlarga köra, yuqori daromadli mamlakatlarda 2024 yilda örtaça umr köriş davomiyligi 80,3 yilni taşkil etgan. 1960 yilda bu körsatkiç 68,3 yil bölgan. Ya’ni mazkur davlatlarda örtaça umr davomiyligi qariyb 12 yilga oşgan.

Bu toifaga AQŞ, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlar kiradi. Mutaxassislar fikriça, mazkur mamlakatlarda soğliqni saqlaş tizimi va aholi turmuş darajasi avvaldan yuqori bölgani uçun ösiş sur’ati nisbatan mö’tadil keçgan.

Eng katta ösiş esa daromad darajasi yuqori örtaça bölgan davlatlarda kuzatilgan. 1960 yilda bu mamlakatlarda örtaça umr köriş davomiyligi 41,9 yilni taşkil etgan bölsa, 2024 yilga kelib 76,3 yilga yetgan.

Şu tariqa, mazkur toifada ösiş 34,4 yilni taşkil etib, tadqiqotdagi eng yuqori natija sifatida qayd etilgan.

Bu guruhga Xitoy, Braziliya, Meksika va Janubiy Afrika Respublikasi kabi davlatlar kiradi.

Tahlilçilarning ta’kidlaşiça, aholi daromadlarining ösişi, sanitariya şaroitlarining yaxşilanişi, vaksinatsiya dasturlarining kengayişi, bolalar ölimi kamayişi va tibbiy xizmatlardan foydalaniş imkoniyatlarining ortişi bunday natijaga erişişda muhim omil bölgan.



Natijada, bir vaqtlar faqat rivojlangan davlatlarga xos bölgan umr köriş körsatkiçlari köplab örta daromadli mamlakatlarda ham şakllana boşladi.

Past daromadli davlatlarda ham sezilarli taraqqiyot kuzatildi. Agar 1960 yilda yuqori daromadli mamlakatlar aholisi past daromadli davlatlar aholisiga nisbatan örtaça 27 yil köproq yaşagan bölsa, bugungi kunda mazkur farq taxminan 16 yilgaça qisqargan.

Şu bilan birga, past daromadli mamlakatlarda ham örtaça umr köriş davomiyligi 1960 yilga nisbatan 23 yildan ortiqqa oşgan.