O‘zbekiston | 19:29 / 11.07.2022
18492
3 daqiqa o‘qiladi

Endi huquq-tartibot idoralariga chaqirilgan fuqarolar «yo‘qolib» qolmaydi - Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi

Muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiya loyihasida sud qarorisiz fuqaroni 48 soatdan ortiq ushlab turish taqiqlanishiga oid qoida kiritilmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Mirzayusuf Rustamboyevning fikricha, amaldagi Jinoyat protsessual kodeksida mavjud normani mamlakat bosh qonuni darajasida mustahkamlab qo‘yilishi orqali bundan buyon fuqarolarning gumonlanuvchi sifatida yoki boshqacha sabab bilan huquq-tartibot organlariga chaqirilgach, yo‘qolib qolishi yoxud ularning qayerda ushlab turilgani haqida yaqinlariga xabar berilmaslik kabi noxush an’analarga chek qo‘yadi.

– Bir necha yil oldin Andijon viloyatida IIBga chaqirilgan 20 yoshli yigit uyiga qaytib kelmagan, yaqinlari uni qidirib qaysi idoraga borishmasin, u bizda emas, degan javobni olishgandi. Xuddi shunday holatlar uyidan ushlab ketilgan jurnalistlar bilan ham kuzatilgan. Agar taklif etilayotgan norma Konstitutsiyaga kiritiladigan bo‘lsa, mana shunday boshboshdoqliklarga chek qo‘yiladimi?

– Albatta. Bu «Xabeas korpus» qoidalari deyiladi. To‘g‘ri ta’kidladingiz, amaldagi qonunchiligimizda ham bor bu qoidalar. Lekin ayrim holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas’uliyatsiz xodimlari o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, qonunchiligimizda belgilangan qoidalarga amal qilishmaydi. Amaliyotda shunday holatlar ham yo‘q emas, afsuski.

Mirzayusuf Rustamboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yu.f.d., professor

Mana shunday noxush holatlarga chek qo‘yish uchun mana shu taklif ilgari surilyapti, ushbu qoida konstitutsion norma darajasiga ko‘tarilyapti. Unga ko‘ra fuqaroni ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha 48 soatdan ko‘p muddat ushlab turilishi mumkin emas. Agar 48 soatning ichida gumonlanuvchining aybini isbotlab berisholmasa yoki ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol qo‘yib yuborilishi kerak.

Bu taklifning yana bir ahamiyati – gumonlanuvchi fuqaroning haq-huquqlari advokat tomonidan himoya qilinishi ta’minlanadi. Agar gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi menga advokat kerak desa, davlat shu zahoti uni advokat bilan ta’minlashi kerak. Agar mana shu o‘zgarishlar mamlakat bosh qonunida aks etsa, siz tilga olgan holatlarga hech kim qo‘l urmaydi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga doir:

 

Mavzuga oid