Xitoy tashqi ishlar vaziri Tayvan bo‘g‘ozi "qora bulutlar" va "dahshatli bo‘ron" ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi
Van I butun dunyodagi mamlakatlar "Tayvan mustaqilligining jiddiy xavfi"ni anglashi va Pekin bilan birgalikda "yagona Xitoy" tamoyilini himoya qilishiga umid bildirdi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I ASeAN tashkiloti kotibiyatida so‘zga chiqib, agarda "yagona Xitoy" tamoyili borasida bahs yuzaga keladigan bo‘lsa, Tayvan bo‘g‘ozi "qora bulut" va "dahshatli bo‘ron" ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
"Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tarafidagi barqarorlik "yagona Xitoy" tamoyiliga rioya qilinishiga bog‘liq. "Yagona Xitoy" tamoyili to‘liq tan olinsa, Tayvan bo‘g‘ozining ikkala tomoni tinch rivojlanadi. Biroq "yagona Xitoy" qonuni borasida bahs paydo bo‘lsa yoki tan olinmaydigan bo‘lsa, Tayvan bo‘g‘ozi sohillari qora bulutlar yoki hatto dahshatli bo‘ron iskanjasida qoladi", - dedi Van I.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tayvan bo‘g‘ozidagi bugungi keskinlikning sababi orol hukumati "yagona Xitoy" tamoyilini aks ettiruvchi 1992 yilgi kelishuvdan voz kechganidadir.
"Ular Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tarafi munosabatlariga putur yetkazmoqda va mustaqillik ilinjida xorijiy davlatlarga tayanish yo‘lida davom etmoqda", - deb ta’kidladi Xitoy tashqi ishlar vaziri.
"Tayvan Xitoyning bir qismi hisoblanadi. Uzoq vaqtdan buyon bo‘g‘ozning ikki tarafida siyosiy qarama-qarshilik mavjudligiga qaramasdan, Xitoy suvereniteti va hududiy yaxlitligi hech qachon buzilmagan. Tayvan masalasidagi status-kvo ana shunday. Bu vaziyat qadim zamonlardan buyon o‘zgarmagan. Bu status-kvo o‘zgarishi mumkin emas", - dedi Van I.
U butun dunyodagi mamlakatlar "Tayvan mustaqilligining jiddiy xavfi"ni anglashi va Pekin bilan birgalikda "yagona Xitoy" tamoyilini himoya qilishiga umid bildirdi.
Tayvan amalda Xitoydan ayri davlat sifatida shakllangan, lekin rasman “Xitoy respublikasi” nomini saqlab turibdi. Mamlakatning o‘z konstitutsiyasi, armiyasi va saylangan hukumati bor. Fuqarolik urushi tugashi va 1949 yil materikda kommunistlar g‘alabasidan keyin saylangan hukumatini Tayvan Xitoydagi yagona qonuniy boshqaruv organi deb biladi.
Avvalroq Xitoy mudofaa vazirligi vakili mamlakat armiyasi urushga tayyorligini aytgandi.
Mavzuga oid
20:39 / 13.11.2024
Xitoy orbitaga yuk tashuvchi ko‘p martalik kosmik kemasini namoyish etdi
17:53 / 13.11.2024
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
22:21 / 11.11.2024