Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada hukmron koalitsiya parlament yuqori palatasidagi pozitsiyasini kuchaytirdi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisidaning Liberal-demokratik partiyasi va uning hamkori «Yangi Komeyto» Maslahatchilar palatasida 125 o‘rindan 69 tadan 83 tagacha o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bosh vazir Fumio Kisidaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) va uning koalitsiyadagi «Yangi Komeyto» hamkori Yaponiya parlamenti yuqori palatasiga (Maslahatchilar palatasiga) saylovlarda g‘alaba qozondi. Yaponiyaning NHK teleradioeshittirish korporatsiyasining 10 iyul, yakshanba kuni kechqurun xabar berishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu partiyalar 125 ta o‘rindan 69 tadan 83 tagacha o‘rin oladi.
Shu bilan birga, 8 iyul kuni o‘ldirilgan Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe ham a’zo bo‘lgan LDP, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Maslahatchilar palatasidagi vakillari sonini hozirgi 55 nafardan 59-69 nafar deputatga ko‘paytiradi.
Yaponiyada parlament yuqori palatasidagi o‘rinlarning yarmi har uch yilda bir marta saylovlarda qayta taqsimlanadi. Bu yil 245 mandatdan 125 tasining taqdiri hal qilinishi kerak edi. Ularga 500 dan ortiq siyosatchi ariza topshirgan.
LDP va «Yangi Komeyto» partiyasi koalitsiyasi 70 o‘rinni egallab turibdi, ular hozirgi saylovlarda berilmasligi kerak edi.
Bosh vazir nomzodini belgilaydigan va qonunlar yoki budjetni qabul qilishda hal qiluvchi ovozga ega bo‘lgan asosiy quyi palatadan farqli o‘laroq, yuqori palata haqiqiy hokimiyatga ega emas. Biroq, muxolifat partiyalari u yerda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan taqdirda, ular hukumat ishiga to‘sqinlik qilishi, qonun loyihalarini qabul qilish yoki moliyaviy hujjatlarni tasdiqlashni sekinlashtirishi mumkin.
Yaponiyada 10 iyul kuni saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da (Toshkent vaqti bilan 16:00 da) yopildi. Saylovning rasmiy natijalari 11 iyul, dushanba kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
10:45 / 13.06.2026
Armanistonda saylov ovozlari qayta sanaldi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
09:00 / 08.06.2026