Qaysi diniy sekta haqida gap ketayotgani rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, Yamagamining onasi «Birlashtirish cherkovi» yoki Mun tariqatiga a’zo bo‘lgani ma’lum. Ushbu sektaga 1954 yilda ashaddiy antikommunist, o‘zini masih deb e’lon qilgan koreyalik Son Myon Mun tomonidan asos solingan. 

Abe juma kuni ertalab Nara shahridagi temiryo‘l vokzalida nutq so‘zlayotganda otib o‘ldirildi. Gumonlanuvchi Tetsuya Yamagami unga qo‘lbola miltiqdan o‘q uzdi. Suiqasddan so‘ng u darhol ushlandi va politsiyaga qandaydir diniy sektadan noroziligi tufayli qotillikka qo‘l urganini aytdi.

Yamagami tergovchilarga dastlab diniy sekta rahbarini, undan keyin esa ushbu cherkovni Yaponiyada targ‘ib qilgan Abeni o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi 20 yil oldin tashkilotga katta miqdordagi mablag‘ni xayriya qilgan, bu esa oilaning moliyaviy ahvoliga putur yetkazgan va uning bankrot bo‘lishiga olib kelgan.

Jahon tinchlik va birlashish uchun oila federatsiyasi («Birlashtirish cherkovi» yoki Mun tariqati) Yaponiya bo‘limi prezidenti Tomixiro Tanakaning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchining onasi diniy yig‘ilishlarda har oyda bir marta qatnashib kelgan. U birinchi marta cherkovga 1998 yilda qo‘shilgan. 2009 yildan 2017 yilgacha aloqani uzgan, ammo 2-3 yil oldin tariqatga qaytgan. So‘nggi yarim yilda esa cherkovga muntazam qatnagan.

Tanaka tergov jarayoni davom etayotganini ro‘kach qilib, Yamagamining onasi qandaydir ehson qilgani haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cherkov ayolning moliyaviy ahvoli og‘irligini qotillik sodir bo‘lganidan keyin bilgan. Bu qiyinchiliklarning sabablarini bilmasligini aytgan.

Birlashtirish cherkovi nima?

Birlashtirish cherkovi Janubiy Koreyada tashkil etilgan bo‘lib, ba’zi narsalar qatori, bir vaqtning o‘zida minglab juftliklarning nikoh marosimini o‘tkazishi bilan ommaga tanilgan.

Abeni otgan shaxsning qo‘lga olinishi. Foto: ASAHI SHIMBUN/REUTERS

Cherkov tanqidchilari uni sekta deb atashadi va tashkilot asoschilari muridlar hisobiga moliyaviy foyda ko‘rib kelayotganini ta’kidlashadi. Cherkov rahbariyati bu kabi ayblovlarni rad etadi va diniy harakatning qonuniy ekanini ta’kidlaydi.

Birlashtirish cherkovi: ba’zi faktlar

  • Son Myon Mun 1920 yilda hozirda KXDR hududida joylashgan Chonju shahrida tug‘ilgan. U 2012 yilda vafot etgan;