Jahon | 09:30 / 12.07.2022
5739
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro fondi tashkil etilishini e’lon qildi

Aleksey Navalniy tomonidan asos solingan korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro jamg‘armasiga birinchi hissa unga berilgan Saxarov mukofoti bo‘ladi. Kuzatuv kengashiga Gi Verxofstadt, Enn Epplbaum, Frensis Fukuyama va Yuliya Navalnaya kiradi.

Foto: AP

Aleksey Navalniy 11 iyul, dushanba kuni Anti-Corruption Foundation International korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro notijorat tashkiloti tashkil etilganini ma’lum qildi

Qamoqdagi muxolifatchining so‘zlariga ko‘ra, jamg‘armaning kuzatuv kengashi tarkibiga Belgiyaning sobiq bosh vaziri, Yevroparlament deputati Gi Verxofstadt, publitsist, Pulitser mukofoti sovrindori Enn Epplbaum, faylasuf Frensis Fukuyama kiradi, Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya rais etib tayinlangan. 

Leonid Volkov direktorlar kengashi raisi, Vladimir Ashurkov, Yuliya Navalnaya, Mariya Pevchix va Ivan Jdanovlar esa kengash tarkibiga kiradi. 

Jamg‘armaga birinchi hissa Navalniyga Yevroparlament tomonidan berilgan 50 000 yevro miqdoridagi Andrey Saxarov mukofoti bo‘ladi. «Jamg‘arma butunlay shaffof va tushunarli bo‘ladi, - deb yozadi Aleksey Navalniy. - Har doimgidek, biz sizning yordamingiz va qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz va yaxshi ishlaymiz, deb va’da beramiz». 

«Putin va uning atrofidagilar yillar davomida hokimiyatda qolish va o‘g‘rilik qilish uchun hamma narsani qilishdi va endi ular jazosiz qolgan holda urush boshladilar», deyiladi yangi tashkilot veb-saytida. «Ammo bu o‘g‘rilar va qotillar boshqa hech qachon o‘ljasidan foydalana olmasligiga erishish bizning qo‘limizda. Monakodagi barcha qasrlar va Mayamidagi barcha villalarni topamiz, ularni topgach, Putin elitasi bor narsasini yo‘qotishini ta’minlaymiz». 

Frensis Fukuyama «ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish o‘zi uchun juda sharafli» ekanini ma’lum qildi.

2021 yil iyun oyida Moskva shahar sudi Navalniy tomonidan tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi (KKJ) va Fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamg‘armasini, shuningdek, uning mintaqaviy shtablarini «ekstremistik tashkilotlar» deb tan oldi. 

Mavzuga oid