Jahon | 21:50 / 12.07.2022
11551
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda internet tezligi pastligi uchun jarima miqdori keskin oshirildi

Qozog‘istonda aloqa operatorlari mijozlarga taqdim etishni zimmasiga olgan internet sifati va amaldagi sifat o‘rtasidagi salbiy farq uchun jarima 10 barobarga oshirildi.

Foto: KUN.UZ

Endilikda bunday holatlarda operatorlar oylik hisob ko‘rsatkichining 100 barobari o‘rniga 1000 barobari midorida jarimaga tortilishi mumkin.

Huquqbuzarlik 1 yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori 200dan 1500gacha oylik hisob ko‘rsatkichiga teng. Tegishli o‘zgarish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan. Ayni paytda Qozog‘istonda nafaqalar, ijtimoiy to‘lovlar, jarimalar va soliqlarni belgilovchi oylik hisob ko‘rsatkichi 3063 tenge (taqriban 70 500 so‘m)ni tashkil etadi.

Qozog‘iston Raqamli taraqqiyot vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda aloqa sifati yomonligi bo‘yicha murojaatlar soni 10 barobarga oshib ketgan. 2021 yilda vazirlik bu masalada 562 marta tekshiruv o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.

Aloqa sifati kompaniya tomonidan va’da qilinganidan pastroq deb hisoblagan mijozlar elektron hukumat portali yoki qog‘oz shakldagi ariza bilan tegishli organga murojaat qilishi mumkin, shundan keyin murojaat yuzasidan aloqa sifatini tekshirish bo‘yicha o‘rganish o‘tkaziladi. Holat tasdiqlangan taqdirda operatorni jarimaga tortish bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Mazkur qonun bilan, shuningdek, Qozog‘istonda moliyaviy piramida tashkil etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi hamda moliyaviy piramidani internetda reklama qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Mavzuga oid