Jahon | 11:40 / 12.07.2022
14687
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi Qozog‘istondan neft eksport qiluvchi korxona ishini to‘xtatib turish haqidagi qarorni jarimaga almashtirdi

Krasnodar o‘lka sudi «Kaspiy quvurlari konsorsiumi»ga 200 ming rubl miqdorida jarima to‘lash majburiyatini yukladi. Avvalroq KQKga o‘z faoliyatini 30 kunga to‘xtatib turish talabi qo‘yilgandi.

Foto: Picture Alliance

Krasnodar o‘lkasi sudi G‘arbiy Qozog‘istondagi konlardan Rossiya janubidagi Novorossiysk dengiz terminaliga neft eksport qiluvchi «Kaspiy quvurlari konsorsiumi - R» (KQK) faoliyatini 30 kunga ma’muriy to‘xtatib turish haqidagi qarorni 200 ming rubl (3160 yevro) miqdoridagi jarimaga o‘zgartirdi. Bu haqda 11 iyul kuni KQK matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror Novorossiyskning Primorskiy tuman sudi qarori ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilindi. 

Shu bilan birga, KQK Rostransnadzor tomonidan tekshirish paytida aniqlangan kamchiliklarni yo‘q qilish ustida ish olib borayotganini ko‘rsatdi. «Imkon qadar tezroq» tuzatishlar kiritish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi loyiha operatori. 

KQK doimiy siklli korxonadir. Uning faoliyatidagi tanaffus ishlab chiqarish jarayoni uchun qaytarilmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Neftni tashish uchun texnologik talablar bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarishni to‘xtatib turishga imkon bermaydi, deya ta’kidlab o‘tishdi kompaniyada. 

4 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqotda Yevropa ittifoqiga mavjud energiya tashuvchilar taqchilligini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. 

Shundan keyin, 5 iyul kuni Novorossiysk sudi «atrof-muhitga yetkazilgan zararni bartaraf etish» maqsadida KQK dengiz terminali faoliyatini 30 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Bunga javoban To‘qayev 7 iyul kuni Qozog‘iston neftini yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga chaqirdi. 

Qozog‘iston prezidenti ustuvor maqsad sifatida Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarboyjon, Gruziya va undan keyin Rossiyani chetlab o‘tib Yevropa davlatlariga o‘tuvchi Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanishning eng maqbul variantlarini ishlab chiqishni taklif qildi. 

Prezident, shuningdek, hukumatga Qozog‘iston dengiz portlarini Kaspiy dengizining yetakchi xablariga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdi. «Qozog‘iston hech qachon dengiz mamlakati bo‘lmagan va shuning uchun dengiz transporti imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmagan. Hozir boshqa vaqt. Men hukumat oldiga strategik vazifa qo‘ydim - portlarimizni o‘zgartirish, ularni jahonning yetakchi markazlaridan biriga aylantirish», dedi u. 

Iyun oyi o‘rtalarida 25-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining (PXIF) yalpi majlisida Qozog‘iston rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yonida «DXR» va «LXR»ni «kvazidavlat hududlar» deb atagandi.

Mavzuga oid